$
 12048.84
62.28
 13741.70
50.05
 152.88
0.79
weather
+26
Кечаси   +14°

Husanovda yangi shartnoma, Karimov va O‘rozovning esa narxi oshdi: Yevropa klublari o‘zbekistonlik futbolchilarga jiddiy qaramoqda

O‘zbekiston futbolchilari Yevropada tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda. “Manchester City” Abduqodir Husanov bilan uzoq muddatli shartnoma tuzishga tayyorlanayotgan bo‘lsa, Jahon chempionatidan keyin Behruz Karimov va Jahongir O‘rozovning transfer narxi million yevrodan oshdi.

Manchester City” Husanovni uzoq yillarga saqlab qolmoqchi

“The Athletic” xabariga ko‘ra, “Manchester Siti” Abduqodir Husanov bilan shartnomani 2031-yilgacha uzaytirishga yaqin turibdi. Muzokaralar deyarli yakunlangan va futbolchi klub taklif qilgan yangi shartlarga rozilik bildirgan. Dastlab Husanov 2025-yil yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan Angliyaga ko‘chib o‘tganida u bilan 2029-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolangan edi. Oradan ko‘p o‘tmay klub rahbariyati uni jamoaning muhim futbolchilaridan biri sifatida ko‘ra boshladi. Shu sabab unga yaxshilangan shartlar asosida yangi bitim taklif qilinmoqda.

Manbaga ko‘ra, yangi shartnoma bilan Husanovning maoshi ham sezilarli darajada oshiriladi. Shuningdek, belgiyalik hujumchi Jeremi Doku bilan ham 2031-yilgacha amal qiladigan yangi shartnoma imzolanishi kutilmoqda. Yangi mavsumdan boshlab jamoani Enso Mareska boshqaradi.

Behruz Karimovning transfer narxi uch baravarga oshdi

Jahon chempionatidagi ishonchli o‘yin Behruz Karimovning transfer qiymatiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. “Transfermarkt” ma’lumotiga ko‘ra, 18 yoshli futbolchining narxi 350 ming yevrodan 1 million yevroga yetdi. Bu uning qiymati qariyb uch baravar oshganini anglatadi. Karimov mundialda ikki uchrashuvda maydonga tushdi va o‘zining xotirjam hamda ishonchli harakatlari bilan mutaxassislar e’tiborini tortdi.

O‘rozov ham million yevrolik futbolchilar safiga qo‘shildi

Jahon chempionatidan keyin transfer narxi oshgan yana bir futbolchi Jahongir O‘rozov bo‘ldi. Mundialgacha uning bozor qiymati 600 ming yevro deb baholangan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1,2 million yevroga yetdi. O‘rozov ham Jahon chempionatida ikki uchrashuvda maydonga tushib, barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etdi. Natijada uning transfer narxi deyarli ikki baravar oshdi.