$
 11975.36
-98.06
 14020.75
-113.6
 162.91
-1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Husanov Angliyada ketma-ket ikkinchi yirik sovrin egasiga aylandi

Khusanov with England cup

Londondagi muhtasham “Uembli” stadioni yana bir bor ingliz futbolining eng nufuzli to‘qnashuvlaridan biriga mezbonlik qildi. Angliya Kubogining hal qiluvchi final bahsida “Manchester Siti” hamda Londonning “Chelsi” klublari o‘zaro ro‘baro‘ kelishdi. Keskin va murosasiz kechgan ushbu qarama-qarshilikda “shaharliklar” minimal — 1:0 hisobidagi g‘alabani tantana qilib, joriy mavsumdagi o‘zlarining ikkinchi yirik sovrinini muzeylariga olib ketadigan bo‘lishdi.

O‘yin taqdirini hal qilgan yagona gol

Uchrashuvning dastlabki bo‘limida har ikki jamoa ham ehtiyotkorlikka e’tibor qaratgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda o‘yin sur’ati tubdan o‘zgardi. Bahs taqdirini hal qilgan yagona va g‘alaba goli 72-daqiqada kiritildi. “Siti” hujumchisi Erling Holand tomonidan yetkazib berilgan aniq uzatmani Antuan Semenyo raqib darvozasiga tovon qismi bilan ajoyib tarzda joylab qo‘ydi. Qolgan vaqt davomida London klubi muvozanatni tiklash uchun bor kuchi bilan hujumga o‘tgan bo‘lsa-da, hisobni o‘zgartirishning uddasidan chiqa olmadi. Shu tariqa, “Manchester Siti” 2025/26-yilgi mavsumning Angliya Kubogi g‘olibiga aylandi.

Abduqodir Husanovning tarixiy muvaffaqiyati

Ushbu tarixiy g‘alaba o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ning asosiy tarkibida maydonga tushib, uchrashuvning dastlabki daqiqasidan to yakuniy hushtagigacha to‘liq harakat qildi. Himoyadagi ishonchli o‘yini bilan ajralib turgan hamyurtimiz 56-daqiqada raqib futbolchisi Mark Kukurelyaga qarshi ishlatgan qo‘pol ligi tufayli hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.

Shunga qaramay, Husanov ushbu g‘alaba orqali o‘zbek futbolida mutlaqo yangi sahifa ochdi. U Angliya Liga Kubogi va Angliya Kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Mazkur kubok iqtidorli himoyachining “shaharliklar” safidagi ikkinchi sovrinidir. Bundan avvalroq u jamoasi bilan birgalikda Angliya Liga Kubogi finalida Londonning boshqa bir grandi — “Arsenal” ustidan g‘alaba qozongan edi.

Tahlilchilar nigohida

O‘yin yakunlangach, nufuzli sport tahliliy nashrlari final ishtirokchilarining harakatlarini baholab chiqishdi. Xususan, mashhur Sofascore portali hamyurtimiz Abduqodir Husanovning finaldagi o‘yinini 6.8 ballga loyiq ko‘rgan bo‘lsa, yana bir yetakchi nashr — Flashscore internet-portali o‘zbekistonlik himoyachining maydondagi harakatlarini 6.5 ball bilan baholadi.

“Manchester Siti” va Abduqodir Husanov uchun mavsum hali yakunlangani yo‘q. Jamoa ayni damda Angliya Premyer-ligasi chempionligini qo‘lga kiritish uchun ham jiddiy imkoniyatni saqlab qolmoqda. Oltin medallarga ega chiqish uchun “shaharliklar” chempionatning qolgan ikki turida o‘zlarining ikkala uchrashuvida ham g‘alaba qozonishlari, asosiy raqobatchi hisoblangan “Arsenal” esa qolgan o‘yinlarining kamida bittasida mag‘lubiyatga uchrashi talab etiladi. 

Теги :
Jamiyat