$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

Hormuz inqirozi: Oʻzbekiston kimyo sanoati uchun global bozordagi “oltin imkoniyat” yaralyaptimi?

hormuz

2026-yilning mart oyida Hormuz boʻgʻozi atrofidagi harbiy-siyosiy keskinlik global bozorlarni larzaga solmoqda. Hamma neft narxi haqida gapirayotgan bir paytda, kadr ortida undan-da jiddiyroq manzara — global ocharchilik xavfi ortib bormoqda. Ammo bu geosiyosiy ziddiyat kutilmaganda Oʻzbekiston uchun yangi iqtisodiy eshiklarni ochib, mamlakat kimyo sanoati uchun “oltin imkoniyat”ga aylanishi mumkin.

Global ocharchilik xavfi va oʻgʻit taqchilligi

Muammoning asosiy sababi shundaki, dunyo mineral oʻgʻitlar eksportining qariyb 33 foizi aynan Hormuz boʻgʻoziga bogʻliq. Dunyoning eng katta oʻgʻit zavodlari Fors koʻrfazi hududida joylashgan boʻlib, global oʻgʻit savdosining taxminan uchdan biri ushbu boʻgʻoz orqali oʻtadi. Shu bilan birga, bu mahsulotlarning aksariyati Hormuz orqali harakatlanadi.

·               Forbes tahliliga koʻra, bu mintaqadan Qatar yiliga 5,5–6 million tonna, Eron 5 million tonna, Saudiya Arabistoni 4–5 million tonna, shuningdek, BAA va Ummon bir necha million tonna mahsulot eksport qiladi.

·               Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Qatar oʻzining global karbamid eksportining 11 foizini taʼminlaydi va Fors koʻrfazi boʻyicha yetkazib berishlarning deyarli 45 foizi shu mintaqadan oʻtadi.

Inqirozning xavfli tarafi – vaqt omili. Shimoliy yarimsharda bahorgi ekin mavsumi boshlanmoqda va vaqt juda muhim ahamiyatga ega. Fevral oyida Yaqin Sharqdagi vaziyatlar boshlanishidan avval ham narxlar yuqori boʻlgan boʻlib, bu taranglik Shimoliy yarimshar dehqonlari bahorgi ekinlarni ekishga tayyorlanayotgan pallada yuz berdi. 2026-yil fevral oyida Yaqin Sharqdagi keskinliklar boshlanishi bilan, Misrdagi granulali karbamid (mochevina) narxi bir tonnasi uchun 60 dollarga oshib ketdi.

Mineral o‘g‘itlar bozori: granulali karbamid narxlari o‘sishi

Dunyo davlatlarining deyarli yarmi oziq-ovqat ishlab chiqarishda sunʼiy azotdan foydalanadi. Azotli oʻgʻitlar karbamid va ammoniy nitrat kabi mahsulotlardan iborat boʻlib, ular don, sabzavot va boshqa ekinlarning hosildorligini oshiradi.

Oʻgʻit yetkazib berishdagi uzilish, hosildorlik pasayib, oziq-ovqat narxlari koʻtarilishiga va kam resursli mamlakatlarda ocharchilik xavfi oshishiga olib kelishi mumkin. Yetkazib berishdagi kechikish sababli fermerlar yo oʻgʻit miqdorini kamaytirish, yoki katta xarajatlarni qabul qilish tanlovi orasida qoladi. Agar yetarlicha azot yetkazib berilmasa, makkajoʻxori, bugʻdoy va guruch kabi asosiy kaloriyali ekinlar yetishmovchilikdan jiddiy zarar koʻradi.

Oʻzbekiston uchun eksport imkoniyatlari

Aynan shu geosiyosiy qamalda Oʻzbekiston oʻzi uchun kutilmagan oltin imkoniyat eshigini ocha oladimi?. Mahalliylashtirish va sanoat korxonalarining quvvati bunga imkon beradi.

“Oʻzkimyosanoat” AJning 2025-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan rasmiy hisoboti bu fikrni raqamlar bilan isbotlaydi:

·               Oʻtgan 2025-yilda birja savdolari orqali jami 1 010 ming tonna mineral oʻgʻit sotildi.

·               Shundan 761 ming tonnasi azotli, 124,7 ming tonnasi fosforli va 124,3 ming tonnasi kaliyli oʻgʻitni tashkil etdi.

·               Bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 217,6 ming tonnaga koʻpdir.

Bozorlarni kengaytirish masalasi yuqori darajada ham muhokama qilingan. Avvalroq Prezident raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2025-yilda Oʻzbekistonning Yevropaga eksporti 23 foizga oshib, 2,3 milliard dollarga yetgani qayd etilgan. Shu bilan birga, ayrim davlatlardagi elchilarimiz bozorlarda oʻzbek mahsulotini yetarlicha tanita olmayotgani ham tanqid ostiga olingan edi. Xususan, Fransiya kimyo sanoati uchun yangi eksport yoʻnalishi sifatida koʻrsatilib, Fargʻona, Navoiy, Qashqadaryo hamda Toshkent viloyatlaridagi kimyo korxonalari uchun ushbu bozor katta imkoniyatlar ochishi taʼkidlab oʻtilgan.

Logistik toʻsiqlarga yechim: Oʻrta koridor

Bir qarashda, Oʻzbekiston shimolda Rossiya-Ukraina, janubda Afgʻoniston-Pokiston va gʻarbda Yaqin Sharq mojarolari bilan oʻralgan logistik qopqonda qolgandek koʻrinadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning dengizdan uzoqligi doimiy ravishda kamchilik sifatida koʻrilgan. Biroq bu masalaga Trans-Kaspiy xalqaro tranzit yoʻli (TXTY) Oʻzbekiston eksporti uchun yechim boʻla oladi.

Oʻrta koridor (TXTY) bu yerda asosiy strategik vosita hisoblanadi. Mazkur yoʻlak asosan Turkiy davlatlar tashkiloti nazorati ostida boʻlib, Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. TXTY yoʻnalishi Eron va Turkmanistonga nisbatan yaqin boʻlishiga qaramay, geosiyosiy va huquqiy jihatdan barqaror hisoblanadi. Yoʻl Xitoy – Qozogʻiston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Ozarbayjon – Qora dengiz yoʻnalishi orqali ishlaydi.

O‘rta koridor – Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (TXTY)

TXTY Xitoydan Yevropaga boruvchi xavfsiz va mustaqil yoʻl boʻlib, u yuklarni Hind okeani va Hormuz boʻgʻozi orqali emas, balki quruqlik va Kaspiy dengizi orqali yetkazadi. Natijada, ushbu xalqaro koridor nafaqat logistika qiyinchiliklarini bartaraf etadi, balki Oʻzbekiston kimyo sanoatini global bozorga mustahkam ulash va eksportni diversifikatsiya qilish uchun strategik ustunlikni taqdim etadi.

 

Zebuniso Abdusalimzoda,

UZ24.uz uchun tayyorlandi

 




Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Siyosat