$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Vitaminlar inson tanasida qanday vazifani bajarishini bilasizmi?

vitamins

Inson organizmining sog‘lom va baquvvat bo‘lib rivojlanishida vitaminlarning ahamiyati beqiyos. Ularning ba’zilari inson kayfiyatining yaxshi bo‘lishini ham ta’minlaydi. Xo‘sh, qaysi vitamin qanday vazifani bajaradi? Ularni qaysi mahsulotlarda uchratish mumkin?

Mutaxassis javob berdi

 Organizmning me’yorda ishlashi uchun vitaminlar zarur organik birikma hisoblanadi. Biroq ular qanday vazifa bajarishini bilasizmi? Ushbu savolga Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sojida Do‘stmamatova batafsil javob berdi.

— Inson salomatligida ushbu organik birikmalarning o‘rni beqiyos, — deydi mutaxassis. — Misol uchun, А vitamini hujayralarning rivojlanishi, terining ko‘rkamligi, sochlar go‘zalligi, tirnoqlar salomatligi, ko‘rish quvvatining kuchli bo‘lishi, suyaklar mustahkamligi, yurak-qon tomir, nafas olish va reproduktiv tizimlarning yaxshi ishlashi va tashqi ta’sirlardan himoyalanishni ta’minlaydi.

 Ushbu vitamin sabzi, sitrus mevalar, jigar, pishloq, tvorog, sut, tuxum, baliq va petrushkada ko‘p bo‘ladi.

Shamollashni istamasangiz D vitaminiga boy mahsulotlarni iste’mol qiling

Baliq yog‘i, echki suti, sariyog‘, pishloq, tvorog, tuxum sarig‘i, dengiz mahsulotlari, kartoshka, o‘simlik yog‘i, mol go‘shtida esa D vitamini mavjud. Shuningdek, u organizmda quyosh nuri ta’sirida ajralib chiqadi.

Ushbu vitamin tanada kaltsiy va fosforning so‘rilishini tartibga soladi. Shuningdek, D vitamini suyaklar mustahkamligi, qonning me’yorda ivuvchanligi, shamollashdan himoyalanish, zaharli moddalarning organizmdan chiqib ketishi, yaxshi kayfiyat va yurak-qon tomirlar salomatligi uchun zarur.

S vitamini tashqi ko‘rinishni go‘zal qiladi

 S vitamini — terining go‘zalligi, kuchli immunitet, soch va tishlar sog‘lom bo‘lishi uchun kerak. U ko‘proq sitrus mevalari, sabzi, qizil karam, shivit, na’matak, chakanda moyi (oblepixa), qizil rangli mevalar, yashil no‘xat, turp va kivida bo‘ladi.

K va E vitaminlari qon ivuvchanligini ta’minlaydi

K vitamini — tanadagi jarohatlarning tez bitishi, qon sifati va uning ivuvchanligi me’yorda bo‘lishiga yordam beradi. U karam, sabzi, ismaloq, qichitqi o‘t, na’matak, pomidor, qulupnay va ko‘k choyda mavjud.

E vitamini — gormonlar hosil bo‘lishi, qon ivishi, asab to‘qimalari va immunitetni mustahkamlash, reproduktiv tizim faoliyatining yaxshi ishlashi, tashqi salbiy ta’sirlardan himoyalanishni ta’minlaydi. U asosan kungaboqar va zaytun yog‘i, go‘sht, qovoq, jo‘xori, sariyog‘, yong‘oq, sut mahsulotlari va jigarda bor.

B vitaminlarining foydasi

 B1 — organizmda uglevodlar almashinuvi, asab tizimi va miya uchun quvvat ishlab chiqarish, jismoniy faollikni oshirishga yordam beradi. U don mahsulotlari, dukkaklilar va kartoshkada ko‘p miqdorda bo‘ladi.

B2 — hujayralarga quvvat ishlab chiqarish, ko‘z va teri salomatligi uchun zarur. Ushbu vitamin sut va sut mahsulotlari, jigar, bodom, tuxum, qo‘y go‘shti, qo‘ziqorin, grechka va tvorogda mavjud.

B6 — oqsillar so‘rilishi, asab tizimining yaxshi ishlashi va qon tomirlari sog‘lom bo‘lishi uchun kerak. U banan, ko‘k salat, yong‘oq, karam, bug‘doy kepagi va yangi undirilgan nihollari, lasos balig‘i hamda go‘shtda bo‘ladi.

B12 — asab tizimi va ichaklar salomatligi, mustahkam xotira hamda immunitet va qizil-qon hujayralari ishlab chiqarish uchun zarur. U salat, turli baliq mahsulotlari, sut, pishloq, tuxum sarig‘ida ko‘p uchraydi.

Biotin sintezni faollashtiradi

 Biotin — organizmda uglevod va yog‘lar sintezi, metabolik jarayonlarning faollashishida ishtirok etadi. U asosan jigar, sut mahsulotlari, soya, dukkaklilar, yong‘oqda bor.

Anemiyaning davosi foliy kislotasi

Foliy kislotasi — yangi hujayralar o‘sishi va anemiyaning oldini oladi. U turli ko‘katlar, no‘xat, mol go‘shti va jigari, buyrak va tuxumda ko‘p miqdorda bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi har qanday vitaminni faqat shifokor tavsiyasi bilangina qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Negaki mutaxassis kishining yoshi, jinsi, sog‘lig‘i, turmush tarzi va boshqa omillarga qarab, qaysi vitaminlarni qancha miqdorda ichish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.