$
 12179.87
8.26
 14079.93
-37.92
 148.52
-1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo ekologiyasi xavf ostida: Atigi 13 ta davlatda havo sifati xavfsiz darajada

havo

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab shaharlarida havo tobora ifloslanib bormoqda. 2025-yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, butun dunyoda faqat 13 ta davlatda havo nisbatan xavfsiz deb hisoblanadi. Ularning atigi 3 tasi Yevropada joylashgan. Qolgan mamlakatlarning aksariyatida esa havodagi zararli moddalar miqdori sog‘liq uchun tavsiya etilgan darajadan ancha yuqori.

Xo‘sh, havosi eng toza shaharlar qaysi?

Havo sifati qanday aniqlanadi?

Havoning tozaligi odatda PM2,5 deb ataladigan juda mayda chang zarrachalari orqali baholanadi. Bu zarrachalar shunchalik kichikki, odam nafas olganda o‘pkaga chuqur kirib boradi va hatto qon oqimiga ham tushishi mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, aynan shu zarrachalar ko‘plab kasalliklar bilan bog‘liq. Masalan, ular nafas yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir muammolari va hatto saraton xavfini oshirishi mumkin. Shu sababli bugungi kunda havoning tozaligi nafaqat ekologiya, balki inson salomatligi uchun ham juda muhim masalaga aylangan.

Dunyoda faqat 13 ta davlatda havo toza

Shveysariyaning havo ifloslanishini kuzatib boruvchi IQAir kompaniyasi dunyoning 143 ta mamlakati va hududidagi 9 446 ta shahar ma’lumotlarini tahlil qildi. Bu natijalar “2025-yil uchun dunyo havo sifati hisobotida” e’lon qilindi.

Hisobotga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yor — ya’ni havodagi PM2,5 miqdori 1 kub metrda 5 mikrogrammdan oshmasligi talabi faqat 13 ta davlat va hududda bajarilgan. Bu ro‘yxatda Yevropadan Andorra, Estoniya va Islandiya bor. Shuningdek, Avstraliya, Barbados, Bermud orollari, Fransuz Polineziyasi, Grenada, Yangi Kaledoniya, Panama, Puerto-Riko, Reyunion va AQShning Virjin orollari ham havosi nisbatan toza hududlar qatoriga kirgan.

Eng iflos havo qaysi davlatlarda?

Tadqiqot 143 ta mamlakatning 130 tasida havo sifati xavfsiz darajadan yuqori ekanini ko‘rsatdi. Eng iflos havoga ega davlatlar ro‘yxatida Pokiston, Bangladesh, Tojikiston, Chad va Kongo Demokratik Respublikasi yetakchi o‘rinlarni egallagan. Bu mamlakatlarda havodagi zararli zarrachalar miqdori JSST belgilagan me’yordan bir necha baravar yuqori ekani aniqlangan.

Shu sababli mutaxassislar havo ifloslanishini kamaytirish bugungi kunda butun dunyo uchun eng dolzarb ekologik muammolardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda.

Теги :
Jamiyat