$
 12179.87
8.26
 14079.93
-37.92
 148.52
-1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

1-apreldan milliy qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

aprel

UZ24.uz joriy yilning 1-aprelidan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlarni jamladi.

Ayrim to‘lovlarda naqd pul bekor qilinadi

2026-yil 1-apreldan ayrim to‘lovlarni endi faqat bank kartasi yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bu tartib davlat xizmatlari, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi neft-gaz mahsulotlari, elektromobillarni quvvatlash xizmatlari, qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar, shuningdek ko‘chmas mulk hamda ayrim transport vositalari oldi-sotdisiga tegishli.

Uy-joy va avtomobil oldi-sotdisida yangi tizim joriy qilinadi. Endi to‘lovlar eskrou hisobvaraqlari orqali o‘tkaziladi. Ya’ni pul oldin bankdagi maxsus hisobga tushadi, bitim rasmiy tugagachgina sotuvchiga beriladi. Notariuslar esa shartnomani bankdan kelgan elektron ma’lumot asosida tasdiqlaydi. Agar bitim bekor qilinsa, pul yana xaridorga qaytariladi.

Bu xizmat uchun ham komissiya bor. Ko‘chmas mulk bo‘yicha BHMning 50 foizi, ya’ni 206 ming so‘mgacha, avtomobil bo‘yicha esa BHMning 25 foizi, ya’ni 103 ming so‘mgacha komissiya olinadi. Davlat ulushi bor 9 ta bankda shu tarif amal qiladi, boshqa banklar esa tarifni o‘zi belgilaydi.

O‘zini o‘zi band qilganlarga ipoteka krediti beriladi

Endi rasmiy daromadi bor va ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lab kelayotgan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ham budjet hisobidan beriladigan ipoteka kreditlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

Masalan, 2026-yilda oxirgi bir yildagi soliq to‘lovlari hisobga olinadi. 2027-yilda oxirgi ikki yil, 2028-yildan esa oxirgi uch yillik to‘lovlar inobatga olinadi. Bu esa ko‘plab norasmiy ishlayotgan, ammo qonuniy tarzda o‘zini o‘zi band qilgan odamlar uchun uy olish imkoniyatini kengaytiradi.

Kameralar ham jarima ball yozishni boshlaydi

1-apreldan yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga faqat inspektor tuzgan bayonnoma asosida emas, balki kamera orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari yoziladi. Avval bu amalda to‘liq ishlamas edi.

Jarima ballari 0,2 balldan 2 ballgacha bo‘ladi. Masalan, sababsiz signal chalish yoki to‘xtash qoidalarini buzish uchun 0,2 ball, nosoz mashinani boshqarish yoki odam tashish qoidalarini buzish uchun 0,3 ball beriladi. Tezlikni 20 km/soatgacha oshirish, tonirovka yoki tezkor xizmat mashinalariga yo‘l bermaslik uchun 0,5 ball yoziladi. Tezlikni 20–40 km/soatga oshirish, svetoforning qizil chirog‘iga o‘tish, temir yo‘l kesishmasi yoki quvib o‘tish qoidalarini buzish uchun 1 ball beriladi. Eng ko‘p — 2 ball — tezlikni 60 km/soatdan ortiq oshirish va avariyadan keyin voqea joyini tark etish uchun yoziladi.

Agar haydovchi bir yil ichida 12 balldan oshib ketsa, u 6 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Yoqilg‘i, chips va ichimliklar uchun aksizlar oshadi

Apreldan ayrim mahsulotlarga aksiz solig‘i oshadi. Bu, ayniqsa, tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar, shakar o‘rnini bosuvchi ichimliklar, energetik ichimliklar, chips va ayrim yoqilg‘i turlariga taalluqli.

Shakarli ichimliklarda endi soliq ichidagi shakar miqdoriga qarab belgilanadi. Agar 100 millilitrda 5 grammgacha shakar bo‘lsa, 1 litri uchun 500 so‘m, 5 grammdan 10 grammgacha bo‘lsa 515 so‘m, 10 grammdan ortiq bo‘lsa 535 so‘m aksiz olinadi. Agar qadoqda shakar miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa, eng yuqori stavka qo‘llanadi.

Shakar o‘rnini bosuvchi ichimliklar uchun soliq 300 so‘mdan 500 so‘mga oshadi. Energetik ichimliklar uchun stavka 1 litriga 2000 so‘mdan 2150 so‘mga ko‘tariladi.

[3/29/2026 1:35 PM] Ruxshona O‘lmasova: Chips uchun esa yangi soliq joriy qilinadi — ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi uchun bir kilogrammiga 15 ming so‘m. Tabiiy gaz uchun aksiz o‘zgarmaydi, u 12 foizligicha qoladi. Neft mahsulotlari hamda suyultirilgan va siqilgan gaz uchun stavkalar o‘rtacha 7 foizga oshiriladi.

Namanganda soliqdan qarzi borlarga elektr uchun to‘lov qilish cheklanadi

16-apreldan Namangan viloyatida yangi tajriba boshlanadi. Agar jismoniy shaxsning yer yoki mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzi 1 million so‘mdan oshsa, unga bir necha bosqichda ogohlantirish beriladi. Qarzdorlik baribir yopilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritilishi mumkin.

Bu tartib barcha uchun bir xil qo‘llanmaydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga bu cheklov tatbiq etilmaydi. Tajriba muvaffaqiyatli chiqsa, 1-oktyabrdan boshqa hududlarda ham joriy etilishi mumkin.

Ichimliklarni markirovkalashda yangi tartib joriy etiladi

Apreldan ichimliklarni raqamli markirovkalash tizimida majburiy agregatsiya joriy etiladi. Bu tizim mahsulotning har bir qutisi yoki birligini maxsus kod orqali ishlab chiqaruvchidan tortib do‘kongacha kuzatib borishni anglatadi. Elektron hisob-fakturalarga ham shu markirovka kodlari biriktirilishi shart bo‘ladi.

Bu tizimning maqsadi — sohani shaffof qilish va noqonuniy savdoni kamaytirish. Ammo ichimlik ishlab chiqaruvchilar va savdo sohasi vakillari ba’zi muammolarni aytmoqda. Ularning fikricha, real bozorda minglab kichik do‘konlar, aralash partiyalar va qaytib keladigan tovarlar bor. Shu sababli tizimni birdan qattiq joriy qilish savdoga noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Ular o‘tish davri, yumshoqroq jarimalar va avval yirik savdo tarmoqlaridan boshlashni taklif qilmoqda.

Ijtimoiy kartalarni endi ko‘proq banklar beradi

Endi ijtimoiy kartalarni faqat Aloqabank va Xalq banki emas, balki texnik talablarga javob beradigan boshqa rezident banklar ham chiqarishi va aholiga berishi mumkin bo‘ladi. Bu tizimni qulaylashtiradi va fuqarolarning tanlovini oshiradi.

Ijtimoiy karta davlat yordamini olish uchun asosiy vosita hisoblanadi. Unga nafaqa, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar tushadi. Kelajakda bu karta orqali transport, xizmatlar va xaridlarda ayrim imtiyozlardan ham foydalanish rejalashtirilgan.

Tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tadi

Davlat tibbiyot muassasalari 1-apreldan 5 kunlik ish rejimiga o‘tadi. Bu degani, asosiy ish haftasi endi besh kun bo‘ladi. Ammo tibbiyot xizmatlari to‘xtab qolmaydi.

Shifoxona va boshqa tibbiyot muassasalarida bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ish davom etadi. Ya’ni bemorlarga xizmat ko‘rsatish uzluksiz bo‘lishi ta’minlanadi.

Uzbekistan Airways’da yangi tariflar paydo bo‘ladi

1-apreldan Uzbekistan Airways ichki aviaqatnovlarda yangi brend tariflarni joriy qiladi. Eng arzon variant Lite tarifi bo‘ladi. U yo‘lovchiga minimal xizmatlar to‘plamini taklif qiladi va narx yo‘nalishga qarab farq qiladi.

Masalan, Toshkent–Andijon, Toshkent–Samarqand va Toshkent–Namangan yo‘nalishlarida narx 235 230 so‘mdan boshlanadi. Toshkent–Buxoro yo‘nalishida 276 741 so‘mdan, Toshkent–Termizda 401 275 so‘mdan, Toshkent–Urganch va Toshkent–Nukusda esa 484 298 so‘mdan boshlanadi. Narxlar chipta qachon olingani, joy borligi va tarif shartlariga qarab o‘zgarishi mumkin.

Bu tizim xalqaro reyslarga ham joriy qilinadi. Tariflar bagaj, chipta qaytarish, almashtirish va boshqa xizmatlar bo‘yicha bir-biridan farq qiladi.

Turizm uchun yangi subsidiya va imtiyozlar beriladi

Apreldan iyungacha O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi boshlanadi. Shu davrda yangi reys ochib, mamlakatga xorijiy sayyoh olib kelgan aviakompaniyalarga har bir turist uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bundan tashqari, aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma ham qo‘llanadi.

Mahalliy turoperatorlar ham qo‘llab-quvvatlanadi. Ular 3 oy ichida 1000 nafar xorijiy sayyoh olib kelsa, budjetdan 5 ming dollargacha subsidiya olishi mumkin. QQSning yarmi esa keshbek sifatida qaytariladi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 nafar xorijiy blogerga O‘zbekistonga 7 kunlik bepul turpaket taqdim etiladi. Yirik onlayn sayyohlik platformalarida mamlakatni targ‘ib qilish xarajatlari ham qoplanadi.

Barcha xalqaro aeroportlarda tax free joriy etiladi

Endi O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida chet elliklar uchun tax free tizimi ishlaydi. Ya’ni sayyohlar xarid qilgan tovarlaridagi QQSni qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Oldin bu imkoniyat faqat 9 ta aeroportda bor edi.

Minimal xarid summasi endi 1 million so‘m emas, 300 ming so‘m bo‘ladi. Bu sayyohlar uchun ancha qulay. QQSni naqd yoki bank kartasiga qaytarish mumkin. Agar pul karta orqali qaytarilsa, u tovar olib chiqilganidan keyin 3 ish kuni ichida tushadi. Tizim operatori xizmatlari uchun qaytariladigan QQSning 15 foizi ushlab qolinadi. Yana bir muhim o‘zgarish — tax free qo‘llanadigan tovarlar ro‘yxatidagi ko‘plab cheklovlar bekor qilinadi, oziq-ovqat bundan mustasno.

Yuk tashish uchun onlayn platforma ishga tushadi

Transport vazirligi yuk tashish va maxsus texnika xizmatlari uchun yangi elektron platforma ishga tushiradi. Bu tizim orqali fuqarolar va tadbirkorlar kerakli transportni onlayn topishi, buyurtma berishi, shartnoma tuzishi va to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Platforma orqali jismoniy va yuridik shaxslardagi yuk mashinalari hamda maxsus texnikalar hisobga olinadi. Xizmat ko‘rsatuvchilar narxni o‘zi belgilaydi, foydalanuvchilar esa xizmat sifatiga baho bera oladi. Bu esa bozorda ochiqlik va qulaylikni oshirishi kerak.

Startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

Davlat organlari va korxonalari o‘zlaridagi muammolarni hal qilish uchun startaplarga murojaat qiladigan kraudsorsing tizimi joriy etiladi. Ular maxsus platformada muammoni joylaydi, startaplar esa yechim taklif qiladi. Har oy “Startap kuni” uchrashuvlari ham o‘tkaziladi.

Yoshlar startaplari uchun yana bir katta yangilik — 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi. Bunday mablag‘ startap studiyalari, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini ochish uchun 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha beriladi. O‘quv kurslari, sertifikatlar, akseleratsiya dasturlari uchun xarajatlarning 50 foizigacha qismi qoplanadi, lekin bu 20 ming dollardan oshmasligi kerak. Patent va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari ham qoplanadi.

“Raqamli startaplar” dasturidagi loyihalarga IT Park rezidenti maqomi beriladi. Ular eksport bo‘yicha minimal talablar bo‘lmasa ham imtiyozlardan foydalana oladi.

Uchta davlat idorasida kiberxavfsizlik bo‘limi ochiladi

Adliya vazirligi, Energetika vazirligi va Soliq qo‘mitasida alohida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi. Bu bo‘limlar raqamli tizimlarni himoya qilish, ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish va kiberhujumlarga qarshi ishlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, davlat organlari o‘z budjetdan tashqari jamg‘armalari va belgilangan mablag‘lar doirasida kiberxavfsizlikka ko‘proq pul yo‘naltirishi kerak bo‘ladi. Bu davlatning raqamli tizimlari xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar uchun SOS ilova bo‘ladi

Himoya orderi berilgan ayollar telefoniga maxsus SOS ilovasi o‘rnatiladi. Bu ilova Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joriy etiladi va tazyiq yoki zo‘ravonlik holati yuz bersa, zudlik bilan xabar berish imkonini beradi.

Bu amaliyot jabrlangan ayolning tezroq yordam so‘rashiga va tegishli organlarning tezkor reaksiya ko‘rsatishiga xizmat qiladi.

Nukusdagi ayrim mahallalarda bog‘cha to‘lovi kamayadi

1-apreldan Nukusdagi Qaratau va Bestobe mahallalari aholisi uchun davlat bog‘chalaridagi ota-onalar to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi. Bu hududlardagi oilalarga moliyaviy yengillik yaratish maqsad qilingan.

Ya’ni bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga berayotgan ota-onalar oldingidan ikki baravar kamroq to‘laydi.

Ehtiyojmand oilalar uylarini energiya tejamkor qilish boshlanadi

Oldin bu tajriba Navoiy viloyatida sinov tariqasida joriy qilingan edi.

Endi esa boshqa hududlardagi ehtiyojmand oilalar uylari ham energiya tejamkor qilib ta’mirlanadi. Bu, asosan, ijtimoiy reyestrdagi I-guruh nogironligi bor va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalarga tegishli.

Ularning uyida devor va tom izolyatsiya qilinadi, energiya tejovchi deraza va eshiklar o‘rnatiladi, shuningdek quyosh paneli yoki geliokollektor ham berilishi mumkin. Bu ishlar uchun “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan jami 200 milliard so‘m ajratiladi.

Tadbirkorlarga muvofiqlikni baholashda yengillik beriladi

Ayrim sohalarda yangi davlat laboratoriyalari ochishga cheklov qo‘yiladi. Agar tadbirkorlar allaqachon biror yo‘nalishda ikki yoki undan ortiq akkreditatsiya asosida xizmat ko‘rsatib turgan bo‘lsa, davlat organlari o‘sha sohada yangi sinov laboratoriyasi yoki sertifikatlash organini ocholmaydi.

Bundan tashqari, akkreditatsiya sohasidagi pullik xizmatlardan olinadigan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2 foiz etib belgilanadi. Bu esa tadbirkorlar uchun qo‘shimcha yengillik bo‘ladi. Milliy akkreditatsiya tizimidan o‘tgan organlarga eksport bozorlarida talab qilinadigan xorijiy standartlar bo‘yicha ham baholash o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish soddalashadi

Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi endi yangi nom bilan — “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” sifatida ishlaydi. 1-apreldan loyihaoldi hujjatlar uchun texnik topshiriqlarni markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazish bekor qilinadi.

15-apreldan esa qiymati 15 million dollardan kam bo‘lgan ayrim loyihalar umuman markazdagi kompleks ekspertizadan o‘tmaydi. Bu budjet mablag‘lari, davlat jamg‘armalari va ayrim korporativ buyurtmachilar loyihalariga ham taalluqli. Maqsad — ortiqcha vaqt yo‘qotishni kamaytirish va loyihalarni tezlashtirish.

Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya va foizsiz qarz beriladi

Ipak qurti boqadiganlar va kasanachilar uchun yangi yordamlar beriladi. Pillachilik klasterlari pilla uchun to‘lagan haqiqiy mablag‘ning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bu pul “mahalla yettiligi” qarori asosida beriladi.

Tutzorlarda tashkil etiladigan pilla kooperativlariga kirgan kambag‘al oilalarga bir martalik 4 million so‘m subsidiya beriladi. Bundan tashqari, ipak qurtini parvarishlash uchun kerakli asbob-uskunalarni sotib olishga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha foizsiz ssuda beriladi. Urug‘chilik korxonalariga esa mavsumiy ishchilar uchun maoshning bir qismi qoplanadi.

Notariuslikka kirish va ishlash tartibi o‘zgaradi

Endi notarius bo‘lish uchun yagona tanlov joriy qilinadi. U ikki bosqichdan iborat bo‘ladi: test va amaliy imtihon. Testda davlat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurash, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi bo‘yicha 40 ta savol bo‘ladi va 60 daqiqa vaqt beriladi. 55 balldan yuqori olganlar keyingi bosqichga o‘tadi.

Amaliy imtihonda notarial hujjat tayyorlash va muammoli vaziyatga yechim topish sinovi bo‘ladi. Yana bir yangilik — notariuslar uchun maksimal yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi. Buning uchun Oliy malaka komissiyasi suhbatidan o‘tish kerak bo‘ladi.

Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

Davlat xaridlarida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan birga mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham qatnashsa, mahalliylarga narx bo‘yicha ustunlik beriladi. Agar uchta yoki undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi qatnashsa, 15 foiz, ikkita bo‘lsa 12 foiz, bitta bo‘lsa 8 foiz narx preferensiyasi beriladi.

Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ichki bozorda ularning imkoniyatini oshirishga qaratilgan.

Ilmiy xodimlar KPI asosida baholanadi

Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy xodimlar endi samaradorlik ko‘rsatkichlari — KPI asosida baholanadi. Ilmiy muassasalar ham yil yakunida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.

Qaysi muassasa yaxshi natija ko‘rsatsa, qo‘shimcha moliyalashtiriladi.

Past natija ko‘rsatganlarda esa yangi laboratoriya va bo‘limlar yopilishi yoki shtatlar boshqa joyga o‘tkazilishi mumkin. Maqsad — ilmiy ish sifatini oshirish.

Xorijiy turist olib kelgan tadbirkorga QQSning yarmi qaytariladi

Agar tadbirkor xalqaro konferensiya yoki boshqa tadbir tashkil qilib, unga kamida 100 nafar xorijiy turistni olib kelsa, u to‘lagan QQSning 50 foizi qaytarib beriladi. Bu turizmni rag‘batlantirish va yirik tadbirlarni ko‘paytirishga qaratilgan.

Bu imtiyoz ayniqsa mehmonxona, tadbir tashkilotchilari va turizm bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun foydali bo‘lishi mumkin.

Daraxtzor yerlarni aholi roziligisiz olish qiyinlashadi

Endi aholi daraxt bilan qoplangan yerlarni himoya qilish uchun tashabbus ko‘rsata oladi. Agar mahalladagi aholining kamida 10 foizi rozi bo‘lsa, o‘sha hududni boshqa maqsadga berishga taqiq qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Buning uchun fuqaro davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qiladi. Ekologiya qo‘mitasi va Kadastr agentligi yerning holatini tekshiradi, shundan keyin taqiq ro‘yxatga olinadi.

Ekologik qoidani buzgan firmalarga jarimalar kuchayadi

Ekologiya, atrof-muhit va tabiatdan foydalanish qoidalarini buzgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Ya’ni endi bunday holatlar uchun jarimalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri korxonaning o‘ziga qo‘llanadi.

Bir xil huquqbuzarlik uchun firma ham, uning xodimi ham alohida jazolanmaydi. Lekin jarima to‘lash yoki ogohlantirish olish korxonani qoida buzilishini bartaraf etish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ko‘chmas mulk bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

Endi ko‘chmas mulk va undagi ulushlar bo‘yicha barcha bitimlar notarius tomonidan elektron tarzda davlat ro‘yxatiga yuboriladi. Mulk yangi egasiga o‘tgach, uning ma’lumotlari kommunal xizmatlar tizimiga ham avtomatik uzatiladi.

Bu fuqarolar uchun ortiqcha yurishni kamaytiradi va kommunal bazalarda yangi egani qo‘lda alohida kiritish zaruratini yo‘qotadi.

Korrupsiyaga qarshi yangi media-portal ishga tushadi

1-apreldan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yagona media-portal ochiladi. Unda sun’iy intellekt OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi yiliga 10–15 mingta xabarni tahlil qiladi, korrupsiya alomatlarini aniqlaydi va davlat organlarining bu bo‘yicha reaksiyasini kuzatadi.

Bundan tashqari, “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” ham ishga tushadi. U orqali har yili 30 ming nafargacha davlat xizmatchisini maxsus simulyatsiya va testlar orqali o‘qitish rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat