$
 12073.29
21.58
 14158.35
149.44
 155.16
0.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega Grenlandiya: Qayta “koʻz ochayotgan” mojarolar “sandigʻi”

grenlandiya

Joriy yilning 4-yanvar kunidan buyon Grenlandiya yana jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Bunga Donald Trampning Grenlandiyani bosib olishi haqidagi ochiq tahdidi sabab bo‘ldi. Bu birinchi holat emas. 1867 va 1946-yillarda AQSh Grenlandiyani sotib olmoqchi bo‘lgan. Ammo Daniya bunga rozi bo‘lmagan.

Xo‘sh, nima sababdan AQSh yana Grenlandiyaga qiziqib qoldi? Orol o‘zi kimga tegishli?

Geografik jumboq

Grenlandiya dunyodagi eng katta orol bo‘lib, u ko‘pchilik uchun haqiqiy geografik jumboq hisoblanadi. U xaritada Shimoliy Amerikada joylashgan, lekin siyosiy jihatdan Yevropaga qarashli. Orolni bir vaqtning o‘zida Atlantika okeani va Shimoliy Muz okeani o‘rab turadi. Maydoni ikki million kvadrat kilometrdan ham katta bo‘lsa-da, Grenlandiya hanuz orol maqomida qolmoqda va qit’a hisoblanmaydi. Hajmi deyarli bir materikka teng bu sovuq va ulkan hudud aynan shu o‘ziga xos jihatlari bilan dunyodagi eng noyob joylardan biri sanaladi.

Grenlandiyaning qalin muz qatlamlari ostida ulkan tabiiy boyliklar yashiringani uchun boshqa joylardan butunlay farq qiladi. Bu yerda neft va gazdan tortib, zamonaviy texnologiyalar uchun juda muhim bo‘lgan nodir metallargacha bor. Elektromobillar, shamol generatorlari va batareyalar aynan shu resurslar bilan ishlaydi. Ammo bu boyliklarga yetib borish oson emas, chunki orol hududining qariyb 80 foizi muz bilan qoplangan. Shu sabab Grenlandiya hali to‘liq o‘rganilmagan, lekin kelajak uchun nihoyatda muhim bo‘lgan tabiiy xazina sifatida qaraladi.

Kelajak texnologiyalari uchun eng noyob elementlar

Grenlandiya muzlari ostida yashiringan nodir yer elementlari olimlarni ham hayratda qoldirmoqda. Bu hududda neodim va disprosiy kabi kelajak texnologiyalari uchun juda muhim bo‘lgan resurslar mavjud. Aynan shu elementlar elektromobillar, shamol elektr stansiyalari va kuchli magnitlar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Mutaxassislar bu zaxiralar kelajakdagi jahon ehtiyojining katta qismini qoplashi mumkinligini aytgan. Shu sabab Grenlandiya nodir yer elementlari bozorida eng muhim hududlardan biriga aylanish ehtimoli juda yuqori.

Neft va gaz zaxiralari

AQSh Geologiya xizmati baholariga ko‘ra, Grenlandiyaning shimoli-sharqiy hududlarida taxminan 31 milliard barrel neft ekvivalenti bo‘lishi mumkin. Bu hajm AQShda aniqlangan barcha neft zaxiralariga deyarli teng.

Ayniqsa, quruqlikda va qirg‘oq yaqinidagi cho‘kindi havzalar juda istiqbolli hisoblanadi. Ularning tuzilishi Norvegiyaning neftga boy hududlariga o‘xshaydi. Hozircha qazib olish qattiq iqlim, muzlar va juda katta xarajatlar sabab cheklangan. Shunga qaramay, Grenlandiyaning neft va gaz bo‘yicha salohiyati haqiqatan ham ulkan deb baholanmoqda.

Boshqa joyda uchramaydigan noyob geologiya

Grenlandiya boshqa joylarda deyarli uchramaydigan noyob geologiyaga ega. Bu hudud milliardlab yillar davomida Yerda mavjud bo‘lgan deyarli barcha geologik jarayonlarni boshdan kechirgan. Bir davrlarda tog‘lar hosil bo‘lib, natijada oltin, yoqut va grafit paydo bo‘lgan. Keyinchalik yer qobig‘i cho‘zilib, neft, gaz va turli metallarga yo‘l ochilgan. Vulqonlar esa bu yerda nodir yer elementlari va olmoslarni qoldirgan. Shuncha xil boylikning bitta hududda jamlangani Grenlandiyani Yer yuzidagi eng noyob joylardan biriga aylantiradi.

Eng qadimgi tog‘ jinslari va g‘alati topilmalar

Grenlandiyada Yer yuzidagi eng qadimgi tog‘ jinslaridan ayrimlari joylashgan. Ba’zi jinslarning yoshi 3,5 milliard yildan ham oshadi. Shu hududlarda yuk mashinasi kattaligida tabiiy temir bo‘laklari va olmosli kimberlit quvurlari ham topilgan. Olmoslar mavjud bo‘lsa-da, ularni qazib olish uzoqlik, sovuq iqlim va infratuzilma yo‘qligi sabab juda murakkab. Shu bois Grenlandiya o‘z sirlarini hanuz yashirib kelmoqda.

Muz ostida hali ochilmagan yangi boyliklar

Grenlandiyaning muz bilan qoplanmagan qismi Buyuk Britaniyadan deyarli ikki baravar katta, ammo bu orol hududining beshdan bir qismidan ham kam. Qolgan hammasi esa bir necha kilometr qalinlikdagi muz ostida.

Olimlar bu muz ostida hali ochilmagan yangi boyliklar bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida 2 kilometrgacha muz ostiga kirish imkoni bor, ammo bu tadqiqotlar sekin kechadi va juda katta mablag‘ talab qiladi.

Iqlimiy paradoks

Grenlandiyada global isish sabab muzlar eriyapti va shu orqali tabiiy boyliklar ochilmoqda. 1995-yildan buyon muzlar erishi natijasida Albaniya hududiga teng maydon yuzaga chiqdi. Bu juda g‘alati holatni yuzaga keltirmoqda. Chunki yashil energetika uchun zarur bo‘lgan resurslar aynan iqlim o‘zgarishi tufayli ochilyapti, holbuki yashil energetikaning o‘zi tabiatni asrashga qaratilgan.

Nega Grenlandiya butun dunyo uchun bosh og‘rig‘iga aylangan?

Grenlandiyadagi boyliklarni qazib olish jahon energetikasiga katta foyda keltirishi mumkin, ammo bu noyob tabiat va qirg‘oq bo‘yidagi aholi uchun xavf tug‘diradi. Shu sabab orol hukumati hozircha qazib olish jarayonini qat’iy nazorat qilib kelmoqda. Shunga qaramay, AQSh va boshqa davlatlarning Grenlandiyaga bo‘lgan qiziqishi tobora ortmoqda. Aynan shu sabab bu ulkan orol bugun butun dunyo uchun muhim va murakkab masalaga aylanib, sayyoraning kelajagi go‘yo muz ostida yashirinib turgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Ijarami yoki egalik?

Grenlandiya hozircha Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. 1951-yilda AQSh Grenlandiyani himoya qilish bo‘yicha Daniya bilan kelishuv imzolagan va bu hujjat NATO bitimlari bilan bog‘langan. Amaldagi kelishuvlarga ko‘ra, AQSh Grenlandiyaga cheklanmagan miqdorda harbiy kuch yuborishi mumkin. 2023-yilda esa AQSh va Daniya mudofaa sohasida hamkorlik bitimini imzolab, Daniya va Grenlandiyada AQSh harbiylarining huquqiy maqomini aniq belgilab oldi.

Donald Tramp bir necha bor Grenlandiya AQShga tegishli bo‘lishi kerak, deb aytgan. U orol Rossiya yoki Xitoy ta’siriga tushib qolishidan xavotir bildirgan va “biz u yerda Xitoy yoki Rossiyani qo‘shni sifatida ko‘rishni xohlamaymiz” degan. Daniya esa NATOdagi asosiy ittifoqchilari — Yevropa davlatlari va Kanada bilan birga, Grenlandiya taqdiri faqat Daniya va Grenlandiya xalqiga tegishli ekanini ta’kidladi.

Grenlandiya kimga tegishli? Tarixiy bahslar

Grenlandiya atrofidagi ilk mojaro 1930-yillarda Daniya va Norvegiya o‘rtasida chiqqan. 1931-yilda Norvegiya orolning sharqiy qismiga da’vo qilgan, ammo 1933-yilda Gaagadagi xalqaro sud bu qarorni noqonuniy deb topgan va Norvegiya da’vosidan voz kechgan.

1940-yilda Daniya Germaniya tomonidan bosib olingach, AQSh Grenlandiyani harbiy himoya qila boshlagan. 1941-yilda Daniya hukumati AQSh bilan orolni mudofaa qilish bo‘yicha bitim imzolagan va Grenlandiyada radarlar, aerodromlar hamda boshqa harbiy obyektlar paydo bo‘lgan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Daniya suverenitetini tiklagan, ammo AQSh muhim harbiy bazalarni saqlab qolgan. 1951–1952-yillarda NATO doirasida Tule (hozirgi Pituffik) bazasi qurilgan. Sovuq urush yillarida Grenlandiya AQSh uchun Arktikaga kirish darvozasi bo‘lgan. Hatto 1968-yilda Tule yaqinida yadroviy bombalar olib ketayotgan B-52 samolyoti halokatga uchrab, hududda radiatsiya tarqalgan.

Bugun ham Pituffik kosmik bazasi AQShning raketa hujumlari haqida erta ogohlantirish tizimida muhim o‘rin tutadi. 2004-yilda AQSh u yerdagi radarlarni yangilashga ruxsat olgan.

AQSHga Grenlandiyani sotib olishni kim taklif qilgan?

AQSh Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini kamida ikki marta — 1867 va 1946-yillarda ko‘tarib chiqqan. 1946-yilda Trumen ma’muriyati Daniyaga orolni taxminan 100 million dollarga sotib olishni taklif qilgan, ammo Daniya buni rad etgan.

2019-yilda Donald Tramp bu fikrni yana kun tartibiga chiqardi, 2024-yilda saylovdagi g‘alabasidan keyin esa “milliy xavfsizlik” sabab bu taklifni takrorladi. AQSHning qiziqishi nafaqat Grenlandiyaning strategik joylashuvi, balki nodir yer elementlariga boyligi bilan ham bog‘liq. 2025-yilda Reuters AQSh Xitoy kompaniyasiga Grenlandiyadagi Tanbreez konini sotishga to‘sqinlik qilganini yozgan. Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede esa “Grenlandiya hech qachon sotilmaydi” deya qat’iy bayonot bergan.

Shuningdek, 2025-yil oxirida Tramp Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakil tayinladi, Daniya esa AQSh elchisidan tushuntirish talab qildi.

2026-yilda Grenlandiya atrofida nimalar bo‘lyapti?

2026-yil 4-yanvarda Tramp AQSh uchun Grenlandiyani nazorat qilish muhim ekanini ta’kidladi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya AQSh bayrog‘i ranglarida tasvirlangan xaritalar tarqaldi. Daniya va Grenlandiya rahbarlari bunga javoban orol sotilmasligini va kelajak ijtimoiy tarmoq postlari bilan hal etilmasligini bildirdi. Yevropada esa NATO doirasida orol xavfsizligini kuchaytirish masalasi muhokama qilina boshladi. 15-yanvar kechasi Grenlandiyaga daniyalik va fransiyalik harbiylar yetib keldi, Germaniya ham razvedka missiyasi yuborishini e’lon qildi.

12-yanvar kuni AQSh kongressmeni Rendi Fayn Grenlandiyani AQShga qo‘shish haqida qonun loyihasini taklif qildi. Oradan bir kun o‘tib, AQSh prezident ma’muriyati Tramp Grenlandiya xaritasiga qarab turgan suratni e’lon qildi. Bugun Grenlandiya nafaqat muzlar va tabiiy boyliklar, balki global siyosat va xavfsizlik markazida turgan hududga aylanib bormoqda. Uning kelajagi esa hanuz bahslar markazida qolmoqda.

Теги :
Jamiyat