$
 12502.99
-21.9
 14484.71
28.48
 155.94
-0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Sirkulyar iqtisodiyot orqali chiqindi muammosini qanday hal qilish mumkin?

chiqindi

Insoniyatning yashash tarzi sababli yiliga dunyo bo‘ylab 2 milliard tonnadan ortiq chiqindi hosil bo‘ladi va bu ko‘rsatkich ortib bormoqda. 2050-yilga borganda, aholining tez sur’atlar bilan o‘sishi va urbanizatsiya tufayli yillik chiqindilarning vujudga kelishi 2020-yildagiga qaraganda 73 foizga oshib, 3,88 milliard tonnaga yetishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda esa har yili 14 million tonna chiqindi hosil bo‘lib, ulardan atigi 4-5 foizi qayta ishlanmoqda, deb xabar bermoqda UzA. . Bu ekologik muammolar va sog‘liq uchun katta xavf tug‘diradi. Mamlakatimizda bu muammoni hal qilish uchun bir qator innovatsion loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Chiqindi muammosi va uning oqibatlari

Hozirda O‘zbekistonda hosil bo‘ladigan chiqindilarning katta qismi qayta ishlanmasdan poligonlarga yuboriladi. Natijada, bu chiqindilardan yiliga 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi va 43 ming tonna zaharli moddalar yer osti qatlamlariga singadi. Bu holat ekologik vaziyatning yomonlashuviga, havo ifloslanishiga va tuproqning zaharlanishiga olib keladi. Chiqindilarni qayta ishlash — ham atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ham iqtisodiy jihatdan foyda keltiradi.

Ekologik loyihalar: Investitsiyalar va xorijiy hamkorlik

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi boshchiligida O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalarda Xitoy Xalq Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda jami 1,28 milliard dollarlik investitsiya jalb qilindi. Bu mablag‘lar hisobiga mamlakatimizning bir qancha viloyatlarida chiqindi yoqish zavodlari quriladi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali chiqindilarni kamaytirish

Rejalashtirilgan loyihalar natijasida yiliga 4,7 million tonna chiqindi yoqilib, 2,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu bilan poligonlar soni besh barobarga qisqaradi va 97 million AQSH dollari miqdorida elektr energiyasi sotilishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu loyihalar orqali tabiiy gaz sarfi qisqarib, issiqxona gazlari chiqarilishi 2,4 million tonnaga kamayadi. Loyihalar natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, iqtisodiy va ekologik jihatdan ahamiyatli natijalar qo‘lga kiritiladi.

Hududlardagi yirik loyihalar

 1. Toshkent va Andijon — Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan 350 million dollarlik zavodlar qurilib, yiliga 1,38 million tonna chiqindi termik yoqiladi va 630 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi.

 2. Samarqand va Qashqadaryo — “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi loyihasi doirasida qiymati 310 million dollar bo‘lgan ikkita zavod quriladi va 50% chiqindi poligonlari qisqaradi.

 3. Jizzax va Sirdaryo — “Chengdu Environmental Group” loyihasi bilan 547,5 ming tonna chiqindi yoqilib, 230 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

 4. Buxoro va Navoiy — Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer Group” kompaniyasi tomonidan qiymati 200 million dollar bo‘lgan zavod qurilib, yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda yo‘q qilinadi va 363 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi.

 5. Toshkent viloyati — Janubiy Koreya kompaniyasi “Sejin” loyihasida qiymati 55 million dollar bo‘lgan qayta ishlash zavodi qurilib, bu yerda chiqindilar utilizatsiya qilinib, 16 million kVt/soat energiya hosil qilinadi.

2026-yildan ishga tushajak mazkur zavodlar haqida avval ham xabar bergan edik.

Sirkulyar iqtisodiyot nima?

Bu yirik loyihalar nafaqat chiqindi muammosini hal etadi, balki O‘zbekistonda sirkulyar iqtisodiyotning rivojlanishiga ham xizmat qiladi. Sirkulyar, yoki yopiq siklli iqtisodiyot — bu qiymat yaratishning yangi usuli. Chiziqli modeldan farqli o‘laroq, yopiq siklli iqtisodiyotda mahsulotlar uzoq muddat foydalanish, takroran foydalanish va qayta ishlash uchun mo‘ljallanadi.Chiqindilarni qayta ishlash orqali yangi energiya manbalarini ishlab chiqarish va ekologik muhitni yaxshilash bilan birga aholining sanitariya sharoitlarini yaxshilashga, xomashyo va organik o‘g‘it olishga ham yordam beradi.

O‘zbekistonda chiqindi muammosini hal qilish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat