$
 12021.61
-38.17
 14092.93
-36.31
 150.44
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Green Card endi yo‘q: AQSh hukumatidan keskin qaror

Green Card

AQSh hukumati keskin qaror bilan chiqdi. Unga ko‘ra, hukumat Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillariga mo‘ljallangan dastur) loyihasini to‘xtatishga qaror qildi.

Sabab – universitetdagi otishma

Bunga sabab sifatida Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada gumonlanayotgan shaxs aynan shu dastur orqali mamlakatga kirib kelgani ko‘rsatildi, deya xabar berdi AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

“Prezident Tramp topshirig‘iga binoan men darhol AQSh fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS)ga ushbu xavfli dastur tufayli amerikaliklarga yana zarar yetmasligi uchun DV1 dasturlarini to‘xtatish bo‘yicha buyruq beraman”, — deyiladi Neom bayonotida.

Vazirning ta’kidlashicha, Braun universitetidagi otishmada ayblanayotgan Klaudio Nevis Valenti 2017-yilda ushbu dastur orqali AQShga kirib kelgan.

Green Card o‘zi nima?

Grin-karta – bu Amerika fuqaroligi bo‘lmagan, ammo mamlakatda doimiy yashash va ishlash huquqiga ega shaxsga beriladigan identifikatsiya hujjati. U orqali bemalol kelib-ketish, ishlash, ko‘chmas mulk sotib olish, bank kreditlaridan qulay shartlarda foydalanish, oliy ta’limda chegirmalar olish hamda ayrim imtiyozlarga ega bo‘lish mumkin. Grin-karta odatda 10 yilga beriladi va unga ega bo‘lgan shaxs 5 yildan so‘ng AQSh fuqaroligiga ariza topshirishi mumkin.

Lotereyada o‘zbeklar ishtiroki

Mazkur dastur AQShda 1990-yildan beri o‘tkaziladi. Grin-karta chet elliklarga har yili tasodifiy ravishda 50 mingta yashash guvohnomasi tarqatadi. Dastur g‘oliblari orasida o‘zbekistonliklar doim yuqori pog‘onada bo‘lib kelgan. Misol uchun, 2025-yil may oyida e’lon qilingan lotereya natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston saralab olingan g‘oliblar bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida yetakchilik qilgan – 5564 kishi. Keyingi o‘rinlarda Jazoir (5526) va Rossiya (5519) qayd etilgan. Markaziy Osiyonign qolgan mamlakatlarida esa raqamlar anchagina kamroq: Qirg‘iziston – 3 ming, Tojikiston – 2,9 ming va Qozog‘iston – 2 ming nafar.

Green Card uchun ariza topshirish tartibidagi o‘zgarishlar va kechikish

AQSh Davlat departamenti 2025-yil 16-sentabrdan boshlab Green Card (Diversity Visa) lotereyasida ishtirok etish uchun $1 miqdorida yangi ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi joriy qildi. Avvallari lotereya xarajatlari faqat g‘oliblar to‘laydigan $330 vizaga ariza haqqi hisobidan qoplanardi. Endilikda esa xarajatlarning bir qismi barcha nomzodlar tomonidan to‘lanadigan ushbu kichik to‘lov orqali moliyalashtiriladi.

Hukumat mazkur o‘zgarishni lotereya tizimini adolatliroq va shaffofroq qilish, shuningdek asossiz, ko‘p sonli arizalarni kamaytirish uchun deya izohlagan. Unga ko‘ra, to‘lov elektron shaklda AQSh hukumatining maxsus portalidan amalga oshiriladi. Green Card yutganlar uchun mavjud $330 ariza to‘lovi esa o‘z kuchida qoladi, ammo unda lotereya boshqaruvi xarajatlari hisobga olinmaydi.

Shu sababli har yili oktyabrda boshlanishi kerak bo‘lgan ariza topshirish haligacha kechikayotgan edi.

AQShga kirishda 12 ta mamlakat uchun taqiq

Shuningdek, iyun oyida Donald Tramp 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini to‘liq cheklovchi farmon imzoladi. Ushbu taqiq Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolariga nisbatan qo‘llanadi. Biroq AQShning qonuniy doimiy rezidentlari va amaldagi vizaga ega shaxslar bu cheklovdan mustasno.

Ta’kidlanishicha, mazkur ro‘yxat AQSh Davlat departamenti yil boshidan buyon olib borgan tahlillar asosida shakllantirilgan.

19 ta davlatdan kelganlarning grin-kartalari qayta ko‘rib chiqilishi

Bundan tashqari, noyabr oyi oxirida AQSh prezidenti ma’muriyati xavfsizlik bilan bog‘liq voqeadan so‘ng 19 davlat fuqarolarining grin-karta holatini qayta ko‘rib chiqishni boshlanganini ma’lum qilgan edi. Qaror Oq uy yaqinida afg‘onistonlik shaxs tomonidan sodir etilgan otishmada Milliy gvardiya askarlaridan biri halok bo‘lgach qabul qilingan. Hujum uyushtirgan shaxs 2021-yilda afg‘onlar uchun mo‘ljallangan maxsus viza dasturi orqali AQShga kirgani, viza muddati tugaganidan keyin esa noqonuniy yashab kelgani aniqlangan.

Shu voqealardan so‘ng prezident xavotir uyg‘otuvchi davlatlardan kelgan barcha grin-karta egalari bo‘yicha to‘liq tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati bu jarayon boshlanganini tasdiqladi.

Tekshiruv qamrab olgan 19 davlat ro‘yxatiga Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela kiritilgan.

Braun universitetidagi holat

Ma’lumot uchun 13-dekabr kuni AQShning Rod-Aylend shtatidagi Braun universitetida qurolli hujum bo‘lgan edi. Otishma imtihonlar paytida qora kiyimdagi noma’lum shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, ikki kishi halok bo‘lgan va yana sakkiz kishi yaralangandi. Halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqov ham bor edi.

Dastlab gumonlanuvchi qo‘lga olinmagan deb xabar qilingan, biroq keyinchalik uning o‘lik holda topilgani ma’lum qilindi. AQSH prokuraturasi vakillarining bildirishicha, u Braun universitetidagi otishmadan tashqari, ikki kun o‘tib MIT professori o‘ldirilgan voqeaga ham aloqador bo‘lishi ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda.

Теги :
Jamiyat