$
 11934.24
-75.03
 13591.91
-96.26
 152.98
-0.77
weather
+26
Кечаси   +14°

34 yillik tarix: O‘zbekiston gerbidagi har bir belgi nimani anglatadi?

gerb

Bugun, 2-iyul O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi qabul qilinganiga 34 yil bo‘ldi. Har kuni pasportimizda, pulimizda yoki davlat idoralari peshtoqida ko‘zimiz tushadigan gerbda nega bunday belgilar tanlangani haqidagi savollar jamiyatda eng muhokama qilinadigan mavzulardan hisoblanadi. So‘nggi oylarda esa bu mavzu yana aktualga aylandi.

Xo‘sh, 34 yillik tarixga ega gerbimiz qanday yaratilgan va nega uni o‘zgartirish haqida bahslar dolzarbligini yo‘qotmaydi?

Davlat gerbi qachon qabul qilingan?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi 1992-yil 2-iyul kuni qabul qilingan. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan va gerb mustaqil O‘zbekistonning rasmiy davlat ramzlaridan biriga aylangan. Oradan 34 yil o‘tgan bo‘lsa-da, u hanuz mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va milliy o‘zligining asosiy timsollaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bugun gerb davlat idoralari, maktablar va xalqaro maydonlarda O‘zbekistonni ifodalovchi eng muhim ramzlardan biri hisoblanadi.

Gerbdagi ramzlar nimani anglatadi?

Gerbda O‘zbekiston tabiati va qadriyatlarini aks ettiruvchi ko‘plab ramzlar jamlangan. Markazdagi qanotlarini keng yozgan Humo qushi baxt, erkinlik va ezgulik timsoli sanaladi. Uning ortida tog‘lar, daryolar va oltin nurlarini sochayotgan quyosh tasvirlangan bo‘lib, ular yurtimizning go‘zal tabiati va porloq kelajagini ifodalaydi. Chap tomondagi bug‘doy boshoqlari mo‘l-ko‘llikni, o‘ng tomondagi paxta shoxlari esa mamlakatning tarixiy boyligini anglatadi. Gerbning yuqori qismidagi sakkizburchak ichida yarim oy va yulduz tasvirlangan bo‘lib, ular tinchlik, birlik va milliy an’analarni ifodalaydi. Pastki qismidagi lenta esa O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida ishlangan va unda “O‘zbekiston” degan yozuv joylashgan.

Gerbni qayerlarda uchratish mumkin?

Davlat gerbi Prezident qarorgohlari, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, sudlar, prokuratura, Markaziy bank, diplomatik vakolatxonalar hamda boshqa davlat muassasalari binolarida doimiy o‘rnatiladi. Shuningdek, uning tasviri muhrlar, rasmiy blankalar, pasportlar, qog‘oz va tanga pullar, qimmatli qog‘ozlar hamda boshqa rasmiy hujjatlarda ham aks ettirilgan. Qonunchilikka ko‘ra, har bir fuqaro davlat ramzlariga, jumladan Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi shart. Bu qadriyat bolalarga maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablardan boshlab singdiriladi.

Gerbni atrofidagi bahs-munozaralar

Joriy yilning may oyi oxirlarida Senat a’zosi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning davlat ramzlariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilinishi ortidan gerb atrofida qizg‘in bahslar boshlandi. Muhokamalarning markazida gerbdagi paxta va bug‘doy tasvirlari turdi. Senatorning fikricha, mustaqillikning ilk yillarida qabul qilingan davlat ramzlari o‘sha davrdagi siyosiy xavotir va ichki ishonchsizlik kayfiyatini aks ettirgan. U gerbda paxta va bug‘doyning saqlanib qolganini sovet davridan qolgan mafkuraviy qarashlarning davomiyligi sifatida baholadi. Rafiqov, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning paxtadan olinayotgan daromad hatto bir milliard dollarga ham yetmagani haqidagi fikrini eslatib, mamlakatning ma’naviy va milliy qiyofasi aynan qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan ifodalanishi qanchalik to‘g‘ri, degan savolni o‘rtaga tashladi.

Maqola e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar ikki tomonga bo‘lindi. Bir guruh gerbni zamonaviy ko‘rinishga keltirish va uni yangilash tarafdori bo‘lgan bo‘lsa, boshqalar tarixiy ramzni o‘zgartirishga qarshi chiqdi. Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa bahsni yanada kengaytirib, Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” majmuasida ham sovet ramzlari saqlanib qolganini eslatdi va agar sovet merosidan voz kechish haqida gapirilayotgan bo‘lsa, bu masala faqat gerb bilan cheklanmasligi kerakligini ta’kidladi.

Bloger Zafarbek Solijonov esa masalaga iqtisodiy tomondan yondashdi. Uning aytishicha, gerb o‘zgarsa, minglab maktablar, bog‘chalar, oliygohlar, shifoxonalar, davlat idoralari, xizmat avtomobillari, pasportlar, muhrlar va boshqa rasmiy belgilarni ham yangilashga to‘g‘ri keladi. Bu esa davlat budjetidan katta mablag‘ talab qiladi. Uning fikricha, bunday xarajatlarni amalga oshirishdan ko‘ra, mablag‘ni maktablarni ta’mirlash va boshqa dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq.

Shu tariqa gerb haqidagi bahs oddiy ramz masalasidan chiqib, jamiyatning sovet merosiga munosabati, milliy o‘zlik, mustaqillik ramzlari va bugungi O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlar qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi keng muhokamaga aylandi. Hozircha esa O‘zbekiston Davlat gerbini o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror qabul qilingani yo‘q.

Теги :
Jamiyat