$
 12800.13
-7.9
 13467.02
-145.35
 129.02
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Kutib oling, ulg‘ayishni xohlamaydigan avlod kelyapti

gen Z avlod

Piter Pen sindromi haqida eshitganmisiz? Bu sindromga chalingan odam katta bo‘lishdan, bo‘yniga mas’uliyat yuklashdan qo‘rqadi va ulardan qochadi. Bu sindromga chalinganlardan eng mashhuri Jeyms Barrining “boqiy bola” personaji Piter Pendir. U bir sehrli mamlakatda yashaydi va ulg‘ayishni qat’iyan xohlamaydi.

Piter Pen

1983-yilga kelib psixolog Den Kili Piter Penning “muxlislariga” atab “Piter Pen sindromi yoxud ulg‘aymaydigan erkaklar” kitobini yozadi. Kilini bu kitobni yozishiga jamiyatda mavjud bo‘lgan bir qancha kishilar sabab edi. Kilining qahramonlarini o‘z karyerasi qiziqtirmaydi, oila qurishdan qochishadi hamda ota-ona bo‘lishdan qo‘rqishadi. Fortune nashri xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda bunday odamlar soni ortib ketyapti. Bugunga kelib dunyo bo‘ylab Z-avlodning (1997-2012-yillarda tug‘ilganlar) taxminan beshdan bir qismi o‘zlarini “Piter Pen bolalari” — NEETlar deb hisoblashi ma’lum bo‘ldi. Bu yoshlar Piter Pen kabi, kattalar hayotining muhim bosqichlarini bosib o‘tishni, masalan, oliygoh ta’limini olish, hunar o‘rganish va ishga kirishni xohlamayapti, bundan bosh tortyapti. Ular shunchaki hech kim bo‘lishni tanlab, dunyo bo‘ylab yoshlar orasida ishsizlik rekordini o‘rnatmoqda.

NEET o‘zi nima?

Chor-atrofda bo‘layotgan voqealarga, ta’lim olishga, ish o‘rganib tajriba orttirishga qiziqmaydigan yoshlarga hozir hukumatlar tomonidan NEET (ing. — not in education, employment, or training) tashxisi qo‘yilgan. (Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston hukumati tomonidan bunday yoshlar “Uyushmagan yoshlar” deya atalgani o‘z vaqtida tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi,tahr.)

NEET qamrab olgan 15-24 yoshlilar oliygohda o‘qimaydi, ishlamaydi va kasbiy tayyorgarlikka jalb qilinmagan, qisqa qilib aytganda, “toza havoga direktor”. Bu turdagi yoshlar iqtisodiy va ijtimoiy chetlashuv xavfiga duch kelishi mumkin, chunki ular mehnat bozori hamda ta’lim tizimlaridan ajralib qolgan. 

Butun dunyoda bekorchi yoshlar soni ortmoqda

Iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yoshlar ko‘pincha ta’limni davom ettirish o‘rniga darhol ishlashga majbur bo‘lishadi, ammo ish topish qiyin bo‘lganda, bu ularning hafsalalarini pir qilib, NEET holatiga olib keladi. Ispaniyada 15 dan 24 yoshgacha bo‘lgan yarim milliondan ortiq yoshlar na o‘qimoqda va na ishlamoqda. Buyuk Britaniyada deyarli uch million Z-avlod vakillari iqtisodiy jihatdan faol emas, CoVID-19 pandemiyasidan beri 384 ming yosh "ishsizlar" sinfiga qo‘shilgan. Ushbu trend AQSH yoshlarini ham chetlab o‘tmayapti, AQSHda unib-o‘sayotgan yoshlarning 4 milliondan ziyodi NEET kategoriyasining “faxriy a’zolari” bo‘lib ulgurgan.

Umidsiz yoshlar

Yoshlarning bu yo‘lni tanlashiga nima sabab bo‘layotgani to‘liq o‘rganilmagan, biroq alohida tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Yevropa davlatlarida narx-navoning balandligi sabab, ular ishlagan taqdirda ham oylik maosh bilan ko‘chmas mulk sotib olish imkonsiz. Uy-joy narxlari esa oyliklarga qaraganda ikki baravar tezroq o‘smoqda. Ularning nazdida ishlash yoki tejash behuda. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlar nimadir qilsa ham, qilmasa ham hayotda hech nimaga erisholmaydigandek tuyuladi va bundan umidsizlikka tushadi.

Statistikaga ko‘ra, Z-avlodning bugungi kundagi o‘rtacha maoshi 45,500 dollar atrofida bo‘lib, daromaddan ko‘ra xarajati ko‘proq. Shu bois, ular huquqbuzarlikka moyil, ko‘pchiligi bo‘ynigacha qarzga botgan. Bu inflyatsiyani hisobga olganda, o‘sha yoshdagi milleniallarning (1981—1996-yillarda tug‘ilgan avlod) daromadidan 2-3 baravar past degani. Shunga qaramay, bugungi yoshlar ota-onalarining yoshliklariga nisbatan narx-navo tufayli uy-ro‘zg‘or va kundalik ehtiyojlar uchun ko‘proq pul sarflashga majbur.

“Nariroq tur, quyoshni to‘syapsan”

Xo‘sh, buning oqibatlari qanday va yechimlari bormi? Bu savol bugungi kun ota-onalari uchun farzandining qaysi kasbni egallashidan ko‘ra muhimroq so‘roqqa aylanib borayotgani kundek ravshan.

Ta’lim tizimidan norozi, o‘ziga mos ish topolmagan yoshlar o‘z-o‘zini ijtimoiy izolyatsiyalaydi, turli xil emotsional hamda ijtimoiy qiyinchiliklar natijasida depressiyaga tushadi yoki salbiy odatlarga ruju qo‘yadi. Bu holatda yoshlarning yaqinlari ularni yerga urmay, hadeb o‘zi xohlamagan ishlarga majbur qilmasdan, shunchaki ma’lum muddatga tinch qo‘yishlari, emotsional qo‘llab-quvvatlashlari, kerak bo‘lsa, mutaxassis yordamiga murojaat qilishlari eng to‘g‘ri qarordir.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot