$
 12800.13
-7.9
 13467.02
-145.35
 129.02
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda YouTube yana “tiriladimi”?

YouTube

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov YouTube platformasi hamkori, IT-mahsulotlar va xizmatlarni yaratish bo‘yicha bozor yetakchilaridan biri bo‘lgan Kanadaning AIR Media Tech kompaniyasi rahbari Stepan Mixaylov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ikki tomonlama hamkorlik

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini aniqlash, yangi raqamli yechimlar yaratish va O‘zbekistonda kreativ sanoatni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash masalalariga e’tibor qaratildi. Uchrashuv avvalida kompaniya faoliyati haqida kengaytirilgan taqdimot o‘tkazildi. Unda kompaniyaning global miqyosdagi tajribasi va YouTube platformasidagi kreativ va biznes faoliyatni qanday rivojlantirish borasida muvaffaqiyatli strategiyalar taqdim etildi. Shuningdek, kompaniya kreativ iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham katta e’tibor berib, raqamli kontent yaratish va tarqatishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqish ustida ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Huquqiy va texnologik infratuzilma yaratish masalalari 

O‘zbekistondagi raqamli texnologiyalar va ijodiy iqtisodiyotning salohiyatini oshirish, shuningdek, platformaning yangi yondashuvlarini o‘rganish, O‘zbekistonda YouTube kabi platformalarni yanada rivojlantirish uchun kerakli huquqiy va texnologik infratuzilma yaratish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, kreativ soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun raqamli xizmatlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Raqamli texnologiyalarni sohalarga ham keng joriy qilish O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari va innovatsion loyihalar yaratishga yordam berishi ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va kreativ iqtisodiyot sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kelajakdagi rejalari haqida fikr almashdi. 

Vazir bayonoti

Avvalroq Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi”da Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yopiqligi masalasiga munosabat bildirgan edi. “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi”ning 23-oktyabr kuniga atalgan muloqotida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga oid muhokama bo‘lib o‘tadi. Tadbir yakunida Sherzod Shermatov jurnalistlar bilan suhbatlashib, O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yopiqligi masalasiga ham to‘xtaladi. “Mening tavsiyam YouTube’da ko‘proq chetga ishlashga harakat qilish kerak. Chunki monetizatsiya ingliz tilida juda ham katta. Masalan, Marg‘ilonda INHA universitetini bitirgan talabani ko‘rib qolgandik. U 3D printerlar renderini “obzor” qilib beradi. Bir kanaliga kirib ko‘ring, relslari 30 million martalab ko‘rilgan. Chunki ingliz tilidagi auditoriya juda katta. Shuning orqasidan oyiga o‘rtacha 5 ming dollar daromad topyapti”, — degan edi vazir.

“Tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak”

Vazirning quyidagi so‘zlaridan anglash mumkinki, O‘zbekistondagi YouTube bilan bog‘liq vaziyat hali beri o‘zgarmaslik ehtimoli yuqori. “Siz o‘zbekcha kontent qilib qancha daromad topasiz-u, inglizcha tayyorlasangiz qancha topasiz. Shuning uchun tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak. Ingliz tili kabi talabgor tillarda ko‘proq kontent qilish kerak. Mening taklifim shu. Bizda qachon monetizatsiya ochiladi, buni kompaniyadagilar (YouTube) hal qiladi”, — degan Sherzod Shermatov. 

YouTubening O‘zbekistonda monetizatsiyani o‘chirishi

2021-yilning aprel oyi boshlaridan YouTube videoxostingida o‘zbekistonlik o‘z sahifasiga ega blogerlarning daromadi keskin kamayib ketadi. Buning asosiy sababi YouTube o‘zbek auditoriyasi uchun kanal mualliflarini moddiy rag‘batlantirishni to‘xtatadi. YouTube bu cheklov bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot bermaydi. Ammo barchada bir qancha taxminlar mavjud edi. Bulardan eng haqiqatga yaqini sifatida platformaning O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritmasligini keltirish mumkin. 

Mamlakatdagi rasmiy faoliyat imkoniyatlari

YouTube o‘zi rasman faoliyat yurituvchi davlatlarda unda sahifasini yurituvchi blogerlar qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Jumladan, YouTube Premium, homiylik modullari va YouTube.Music platformasidan foydalanish mumkin bo‘ladi. Ammo O‘zbekistonda videoxostingning ushbu qo‘shimcha xizmatlari avval ham, hozir ham ishlamagan. Keyinchalik, 2021-yilga kelib esa reklamadan daromad olish ham ishlamay qo‘yadi.

YouTube ma’muriyati va AQSH rasmiysi bilan aloqalar

Ma’lumot uchun, 2023-yilning mart oyida o‘sha vaqtdagi Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov AQSH elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuvda aynan Youtube monetizatsiyasiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishi haqida so‘z borganini ma’lum qilgan. “Uchrashuvda ko‘plab loyihalar yuzasidan fikr almashdik. Xususan, Google (YouTube) kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va bu orqali axborot sohasiga oid ayrim muammolarni birgalikda hal etish masalalarini muhokama qildik. Ko‘plab blogerlarimizdan YouTube monetizatsiyasining cheklanishi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan edi. Shu bois uchrashuvda elchi janoblari bilan ushbu kompaniya vakillari bilan uchrashuv tashkil etish va vaziyatni o‘rganish bo‘yicha kelishib oldik”, — degan edi Komil Allamjonov. Shuningdek, ayni Sherzod Shermatov ham bu masalaga bundan avval ham to‘xtalar ekan, bu borada platforma rahbariga murojaat qilingani ta’kidlangan. Uning aytishicha, YouTube ma’muriyatidan so‘rovga nisbatan “Bizda mazkur masala ko‘rib chiqish jarayonlarida turibdi. Bu qancha vaqt olishini aytolmaymiz”, degan javob kelgan. Ekspertlar tahliliga qaraganda, mamlakatda monetizatsiyaga cheklov qo‘yilganiga qator sabablar, xususan qonunchilik va yaxshi kontent yetishmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Теги :
Iqtisodiyot