$
 12220.98
-54.6
 14495.30
-96.68
 158.38
-0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Isroil armiyasida Markaziy Osiyodan eng ko‘p o‘zbekistonliklar xizmat qilmoqda

Israil

G‘azodagi urushda ishtirok etayotgan ikki fuqarolikka ega harbiy xizmatchilar haqidagi ma’lumotlarning e’lon qilinishi mojaroga yangi xalqaro tus berdi. Gap nafaqat jangovar harakatlar ko‘lami, balki ularni olib borayotgan armiya tarkibi haqida ham bormoqda.

Isroilning “Hatzlacha” nodavlat tashkiloti tomonidan Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonun asosida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil armiyasining 50 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi kamida yana bitta fuqarolikka ega. Ushbu ma’lumotlar 2025-yil mart holatiga ko‘ra shakllantirilgan bo‘lib, ular 2023-yil 7-oktyabrda boshlangan jangovar harakatlardan 17 oy o‘tganidan keyingi davrni qamrab oladi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bahosiga ko‘ra, shu vaqt ichida G‘azoda 72 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Shu fon’da xorijiy fuqarolarning ishtiroki nafaqat siyosiy, balki huquqiy ahamiyat ham kasb etmoqda.

Kimlar jang qilmoqda: ikki fuqarolik geografiyasi

Isroil armiyasi tarkibidagi xorijiy fuqarolar orasida eng ko‘p ulush AQSh fuqarolariga to‘g‘ri keladi — kamida 12 135 kishi. Bu e’lon qilingan ro‘yxatdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Keyingi o‘rinlarda Fransiya — 6 127 kishi, Rossiya — 5 067, Ukraina — 3 901 va Germaniya — 1 668 kishi turadi.

Boshqa davlatlar orasida Buyuk Britaniya — 1 686 kishi, Braziliya — 1 686, Argentina — 609, Kanada — 505, Kolumbiya — 112 va Meksika — 181 kishi qayd etilgan.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ma’lumotlar alohida e’tiborni tortadi. Hisobotga ko‘ra, jangovar harakatlarda quyidagilar ishtirok etgan:

  • 264 nafar O‘zbekiston fuqarosi
  • 189 nafar Qozog‘iston fuqarosi
  • 52 nafar Qirg‘iziston fuqarosi
  • 31 nafar Turkmaniston fuqarosi
  • 8 nafar Tojikiston fuqarosi

Isroil armiyasi qariyb 169 ming nafar doimiy xizmatdagi harbiy xizmatchi va 465 ming nafar rezervchidan iborat. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shaxsiy tarkibning taxminan 8 foizi ikki yoki ko‘p fuqarolikka ega.

Shu bilan birga, Isroil tomoni ayrim hollarda bir nechta pasportga ega harbiy xizmatchilar turli mamlakatlar bo‘yicha bir necha bor hisobga olingan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Javobgarlik masalasi: xalqaro huquq nima deydi?

Xalqaro huquqshunoslar ta’kidlashicha, harbiy jinoyatlar uchun individual jinoiy javobgarlik masalasida fuqarolik muhim rol o‘ynamaydi.

Hamad bin Xalifa universitetining transmilliy huquq professori Ilyas Bantekas Al Jazeera’ga bergan izohida xalqaro huquq harbiy xizmatchilarni fuqaroligi bo‘yicha farqlamasligini aytgan. Agar shaxs harbiy jinoyatlar yoki insoniyatga qarshi jinoyatlarga aloqador bo‘lsa, u milliy qonunchilikdan qat’i nazar javobgarlikka tortilishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi fuqarolikning mavjudligi ham javobgarlikni yengillashtiruvchi holat hisoblanmaydi. Bundan tashqari, ayrim davlatlarda xorijiy armiyada xizmat qilish milliy qonunlarni buzishi mumkin, bu esa qo‘shimcha ta’qib uchun asos yaratadi.

Ekspertning fikricha, asosiy murakkablik masalaning amaliy jihatida — ekstraditsiya zarurati va milliy organlarda siyosiy irodaning mavjudligidadir.

Xorijiy fuqarolarga nisbatan real ishlar bormi?

Hozircha G‘azodagi voqealar bilan bog‘liq ravishda xorijiy fuqarolarning ommaviy hibsga olinishi qayd etilmagan. Biroq inson huquqlari tashkilotlari bir qator davlatlarda allaqachon huquqiy jarayonlarni boshlagan.

O‘tgan yil aprelida Falastin Inson huquqlari markazi va Britaniyaning Jamoat manfaatlari markazi London politsiyasiga 240 betlik hisobot topshirgan. Unda o‘n nafar britaniyalik fuqaro ayblanadi. Taxmin qilinayotgan jinoyatlar qatoriga qotillik, aholini majburan ko‘chirish hamda gumanitar xodimlarga hujumlar kiritilgan.

Germaniyada tinch aholining o‘ldirilishida ishtirok etganlikda ayblanayotgan 25 yoshli harbiy xizmatchiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan. Shunga o‘xshash jarayonlar Fransiya, Belgiya, Italiya va Janubiy Afrikada ham boshlangan.

Huquqshunoslar ta’kidlashicha, ikki fuqarolikka ega shaxslar uchun xizmatning ixtiyoriyligi muhim omil hisoblanadi. Isroil qonunchiligi chet elda yashovchi ikki fuqarolikka ega shaxslarni majburiy xizmatdan ozod etadi, bu esa ularning armiyadagi ishtiroki ongli qaror ekanini anglatadi.

Xalqaro mexanizmlar va sud istiqbollari

2023-yil dekabrida Janubiy Afrika BMT Xalqaro sudiga da’vo arizasi kiritib, 1948-yilgi Genotsidning oldini olish to‘g‘risidagi konvensiya buzilganini bildirgan. 2024-yil yanvarida sud vaqtinchalik choralar belgilab, Isroilga ehtimoliy genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar yordam yetkazilishiga sharoit yaratish majburiyatini yuklagan.

Shu bilan birga, yurisdiksiyasi 2015-yildan buyon Falastinga tatbiq etiladigan Xalqaro jinoiy sud ham faoliyat yuritmoqda. Bu esa ehtimoliy ishlar ushbu darajada ham ko‘rib chiqilishi mumkinligini anglatadi.

Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyaga ko‘ra, davlatlar bunday jinoyatlarning oldini olish va ularni jazolashga majburdir. Bu esa e’lon qilingan ro‘yxatlarda nomlari keltirilgan fuqarolar mansub bo‘lgan davlatlarda milliy tergovlar o‘tkazish imkonini ochadi.

Huquqni himoya qiluvchi tuzilmalar roli

Belgiyada joylashgan “Hind Rajab” jamg‘armasi harbiy jinoyatlarda gumon qilinayotgan harbiy xizmatchilarga oid dalillarni to‘plash bilan shug‘ullanmoqda. Tashkilot ikki fuqarolikka ega shaxslarni ham o‘z ichiga olgan holda 1000 nafar isroillik harbiy xizmatchiga nisbatan shikoyatlar kiritilganini ma’lum qilgan.

Jamg‘arma jangovar harakatlar aks etgan videoyozuvlar joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq materiallarini tahlil qilmoqda. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, bunday materiallar milliy va xalqaro sudlarda dalil sifatida qo‘llanilishi mumkin.

Ekspertlar xalqaro jinoyatlar uchun da’vo muddati qo‘llanilmasligini ta’kidlashadi. Biroq amaliyotda tergov jarayonlari dalillarga kirish imkoniyati va siyosiy omillar tufayli murakkablashadi.

Теги :
Jamiyat