$
 12042.49
-18.06
 14147.52
-35.69
 160.55
-0.77
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda gaz va “svet“ tariflari oshishi mumkin

Gaz

O‘zbekistonda aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini qayta ko‘rib chiqish masalasi kun tartibiga chiqdi. Hukumatning iqtisodiy bloki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan takliflarga ko‘ra, resurslar narxini 9-10 foiz atrofida indeksatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.

Qonuniy asos va inflyatsion omillar

Amaldagi tartibga muvofiq, 2026-yildan boshlab energiya resurslari tariflari har yili 1-maydan e’tiboran qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan. Bunda asosiy mezon sifatida inflyatsiya darajasi olinadi, biroq oshirilgan narx 10 foizdan yuqori bo‘lmasligi shart. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-aprel holatiga yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 7,1 foizni tashkil etgan. Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan mazkur taklif tasdiqlangan taqdirda, yangilangan tariflar tegishli hujjat imzolanganidan keyin 15 kun muddat ichida kuchga kirishi kutilmoqda.

Tariflar dinamikasi

Energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish jarayoni 2024-yilning 1-mayidan boshlangan edi. O‘sha vaqtda so‘nggi besh yillikdagi eng sezilarli o‘zgarish kuzatilib, elektr energiyasi bazaviy tarifi 295 so‘mdan 450 so‘mga (o‘sish 52,5 foiz), tabiiy gaz narxi esa 380 so‘mdan 650 so‘mga (71 foiz) qimmatlashgandi. 2025-yilning 1-mayida esa narxlar navbatdagi marta qayta ko‘rib chiqilib, elektr energiyasi 600 so‘m, tabiiy gaz esa 1000 so‘m darajasiga yetkazilgandi.

Subsidiyalar

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ushbu chora-tadbirlarni inflyatsiya xavflarini boshqarish va davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash uchun zarur qadam sifatida baholamoqda. Biroq, tariflar oshirilishiga qaramay, energetika sohasidagi davlat subsidiyalari hajmi hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Xususan, o‘tgan yili ichki bozordagi iqtisodiy yo‘qotishlarni qoplash uchun davlat byudjetidan salmoqli mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu borada “UzGasTrade” kompaniyasi 7 trillion so‘m, “O‘zenergosotish” kompaniyasi esa 500 milliard so‘m miqdorida subsidiya olgan. Ushbu faktlar hukumatning energiya bozoridagi yo‘qotishlarni kamaytirish va sohani bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan tizimga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlarining mohiyatini belgilab beradi.

Теги :
Jamiyat