13961.02
-47.09
 159.47
-0.17
$
 11937.60
-37.19
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda so‘z erkinligi “yangi davr” va eski muammolar chorrahasida

so

Bugun, 3-may — Jahon matbuoti erkinligi kuni. 1993-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta'sis etilgan bu sana faqatgina media vakillarining kasb bayrami emas, balki hukumatlarning ochiqlik, shaffoflik va inson huquqlariga qanchalik sodiqligini sinovdan o‘tkazuvchi global indikatordir.

Mintaqada eng yirik aholiga ega va songgi yillarda “Yangi O‘zbekiston” o‘laroq islohotlarini e’lon qilgan rasmiy Toshkent uchun ham bu sana o‘ziga xos hisobot davri hisoblanadi. Xo‘sh, tahlikali mintaqaviy voqealar fonida O‘zbekiston matbuoti qanchalik erkin? Xalqaro kuzatuvchilar va reyting agentliklari bu savolga qanday javob bermoqda?

Raqamlar va reytinglar nima deydi?

Nufuzli xalqaro tashkilotlarning so‘nggi yillardagi tahlillari O‘zbekistondagi so‘z erkinligi holati bo‘yicha jiddiy xavotirlarni yuzaga chiqarmoqda:

  • Jahon matbuotidagi eng nufuzli kuzatuvchi — “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkilotining so‘nggi reytingida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida 147-o‘ringa tushib qoldi. Bu 2025-yildagi ko‘rsatkichdan ham bir pog‘ona pastroq bo‘lib, mamlakatdagi erkinlik grafigi pasayish tendensiyasiga o‘tganini ko‘rsatadi.
  •  “Ozodlik uyi” (Freedom House) global tashkiloti O‘zbekistondagi internet erkinligini 100 ballik tizimda atigi 29 ball bilan baholadi. Bu tasnifga ko‘ra, O‘zbekiston hamon “internet erkinligi mavjud bo‘lmagan davlatlar” qora ro‘yxatida qolmoqda.
  • Freedom House hisobotida e’tiborni tortadigan eng xavotirli raqam shundaki — ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash vaji ostida O'zbekistonda bloklangan va taqiqlangan materiallar soni keskin oshib ketgan. Agar 2024-yilda bunday holatlar 800 tani tashkil qilgan bo'lsa, 2025-yilga kelib bu ko'rsatkich 1,389 taga yetgan.

Hibslar, bosimlar va “Jazo psixiatriyasi”ning qaytishi

Xalqaro Inson Huquqlari Jamiyati (IPHR) o‘zining joriy yilgi hisobotida O‘zbekistondagi so‘z erkinligini ochiqchasiga “keskin cheklangan” deb baholadi. Bu e’tiroflar bejiz emas. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissarligi hamda Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) o‘z bayonotlarida mamlakatdagi qator jurnalist va faol blogerlarning ochiq hibsga olinishi hamda ularning qonuniy faoliyatiga to‘siq qo‘yilishini keskin qoralagan.

Ayniqsa, xalqaro maydonda eng ko'p muhokama qilinayotgan holatlardan biri — qoraqalpoq faoli Rinat Uttambetov hamda mustaqil bloger Mustafo Tursunboyevlarning shubhali ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum qilinishidir. Undan ham xavotirlisi, ayrim o‘z fikriga ega faollarning majburiy psixiatrik davolanishga jo‘natilish holatlari qayd etilmoqdaki, bu xalqaro kuzatuvchilarda sovet davriga xos bo‘lgan “jazo psixiatriyasi” amaliyoti qaytayotgani haqidagi jiddiy savollarni uyg‘otmoqda.

Kafolat bormi yoxud yangi “qizil chiziqlar”?

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida bir necha bor: “Jurnalist va blogerlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida bo‘ladi”, deya qat’iy va’da bergan edi. Mahalliy matbuot vakillari ham aynan mana shu bayonotni o‘zlariga asosiy tayanch bilib, faoliyat yuritishga harakat qilmoqda.

Biroq, amaldagi holat va 2020-yildan keyingi tendensiyalar shuni ko‘rsatmoqdaki, senzura mutlaqo yo‘qolgani yo‘q, aksincha, uning shakli o‘zgarib, jamiyatda “yangi qizil chiziqlar” paydo bo‘ldi. Bugungi kunda mustaqil ovozlar faqatgina huquq-tartibot idoralari tomonidan emas, balki bevosita yirik amaldorlar, vazirliklar va monopol idoralar tomonidan ommaviy ravishda “huquqiy ta’qib”ga olinmoqda.

Buning yaqqol isboti sifatida taniqli iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov va Energetika vazirligi rahbariyati o‘rtasida 2024-yildan buyon davom etayotgan kishining sillasini qurituvchi sud tortishuvlarini keltirish mumkin. Sohaga doir keskin tahlillari va monopoliyaga qarshi ochiq fikrlari sababli blogerning bevosita yuqori lavozimli davlat mulozimi tomonidan sudga berilishi — mustaqil jurnalistlarni “obro‘sizlantirish” (diffamatsiya) ayblovlari va davlat apparatining cheksiz resurslari orqali charchatish, qo‘rqitish va ovozini o‘chirish amaliyoti kuchayganining ochiq signalidir.

Xalqaro reytinglardagi qulashlar, yopiq sudlar va mana shunday amaliy bosimlar — ko‘chalardagi reallik bilan baland minbarlardan berilgan va’dalar o‘rtasida chuqur jarlik borligini ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston rostdan ham demokratik prinsiplarga sodiqmi yoki so‘z erkinligi faqatgina iqtisodiy manfaatlar va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun yaratilgan chiroyli vitrinami? 3-may arafasida butun xalqaro axborot hamjamiyati rasmiy Toshkentdan aynan mana shu haqli savolga quruq so‘zlar emas, amaliy ishlardagi javobni kutishga haqli va kutmoqda.

Теги :
Jamiyat
Siyosat