13961.02
-47.09
 159.47
-0.17
$
 11937.60
-37.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro‘yxati e’lon qilindi

Dori

Sog‘liqni saqlash vazirining 2027-yilda kuchga kiradigan buyrug‘i bilan Reimbursatsiya dasturiga kiritilgan kasalliklar va ularni davolashda beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Qaysi kasalliklar uchun?

Mazkur ro‘yxat Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan kelishilgan. Ro‘yxatga onkologik, ruhiy, yurak-qon tomir, endokrin va boshqa kasalliklar kiritilgan bo‘lib, ularni davolash uchun 69 ta dori vositasi belgilangan. Ular qatorida Omeprazol, Tramadol, Ambroksol, Kaliy yodid, Geparin kabi dori vositalari bor.

Reimbursatsiya nima?

Reimbursatsiya so‘zining maʼnosi xarajatlarni qoplash bo‘lib, surunkali kasalliklarni davolash uchun shifokor buyurgan dorilar xarajatini qoplash nazarda tutilgan. Bunda oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida bemor Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalardan dorilarni bepul oladi.

Dorilarni bepul olish tartibi

Ushbu dastur doirasida dori vositalarini berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-oktyabrdagi 619-son qarori bilan tasdiqlangan Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash bo‘yicha reimbursatsiya dasturi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

Reimbursatsiya dasturi doirasida dori vositalari bemorga Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalar orqali elektron retsept asosida bepul beriladi. Shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanganidan so‘ng axborot dasturi orqali Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga uzatiladi hamda bemor (uning qonuniy vakili yoki biriktirilgan patronaj hamshirasi)ning mobil telefon raqamiga mazkur retseptning raqami va sanasi aks ettirilgan SMS-xabarnoma avtomatik ravishda yuboriladi.

Bemor (uning qonuniy vakili yoki biriktirilgan patronaj hamshirasi) elektron retsept asosida dori vositasini olish uchun dorixonaga murojaat qilib ushbu elektron retsept raqamini maʼlum qilganidan so‘ng dorixona xodimi tomonidan axborot dasturida mazkur elektron retsept bo‘yicha dori berilishi to‘g‘risida amaliyot bajariladi hamda bemor (uning qonuniy vakili yoki biriktirilgan patronaj hamshira) mobil telefon raqamiga SMS-xabarnoma orqali maxsus kod yuboriladi.

Dorixona xodimi SMS-xabarnoma orqali yuborilgan maxsus kodni bemordan so‘raydi va axborot dasturiga kiritadi, kiritilgan maxsus kod axborot dasturi tomonidan qabul qilinganidan so‘ng reimbursatsiya dasturiga kiritilgan eng past cheklangan qoplash qiymatiga ega bo‘lgan dori vositasi bemor (uning qonuniy vakili yoki biriktirilgan patronaj hamshirasi)ga beriladi hamda axborot dasturida dori vositasi berilganligi dorixona xodimi tomonidan tasdiqlanadi va mazkur elektron retsept yopiladi.

Теги :
Salomatlik