$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O'zbek futbolida "yoshi urilgan" futbolchilar aniqlandi

bunik

O'zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 2023-yilgi mavsumda 296 nafar futbolchi ilk professional shartnomasini tuzgan bo'lib, Liga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlari departamenti bilan hamkorlikda mazkur futbolchilar ma’lumotlarini o‘rganishga kirishgan. O‘rganishlar natijasida 3 nafar futbolchining hujjatlarida tug‘ilgan yili yuzasidan tafovut borligi aniqlangan. Mazkur futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazgan Superliganing ikki klubi hamda futbolchilarning o‘zi bu haqda rasman ogohlantirilgan. Liga futbolchilarga muddat taqdim etib, barcha masala qonun doirasida hal etilishi lozimligini tushuntirgan. 

Ogohlantirish

Mazkur 3 futbolchidan 2 nafari o‘z aybiga iqror bo‘lib, masalani qonun doirasida hal etadi. "Bunyodkor" klubining U19 jamoasi safida ro‘yxatdan o‘tgan futbolchi esa Liga tomonidan berilgan muddat ichida ishni hal qilmaydi. Ayni vaqtda futbolchi "Bunyodkor" bilan birga emas. Shunga qaramay, uning boshqa klub safida ehtimoliy ro‘yxatdan o‘tishi inobatga olinib, Liga Samarqand viloyati prokuraturasiga rasmiy murojaat yo‘llangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-son Farmonida mamlakatda futbolni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolar sifatida xalqaro va milliy darajadagi futbol musobaqalarida qatnashuvchi sportchilarning biologik yoshini sun’iy kichraytirish kabi salbiy holatlarning mavjudligi qayd etilib, bunday holatlar oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.

PFL munosabati

"Futbolchilar va ayniqsa ularning ota-onalari bu kabi illat yaxshilikka olib kelmasligini tushunib yetishi kerak. Bugunga kelib Liga Adliya vazirligi bilan mazkur muammoga muntazam ravishda yechim izlab kelayotgani sir emas. So‘nggi to‘rt yilda Liga ilk professional shartnomasini imzolagan futbolchilar ro‘yxatini rasman e’lon qiladi va keyinchalik ularni o‘rganish ishlarini olib boradi. Har yili kamida 2-3 nafar futbolchi bilan bog‘liq yuqoridagi holat qayd etiladi va ular keyinchalik ham noto‘g‘ri yo‘nalishda davom etishining oldi olinadi. Liga o‘rganishlar xulosasiga ko‘ra futbolchilar ism-sharifini rasman ochiqlamaydi va ularning karyerasi masalasida qayg‘uradi. Futbolchining ota-onasi bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Shunga qaramay vaziyat hal etilmasa, Liga tegishli organlarga rasmiy murojaatnoma yo‘llaydi. Endilikda Liga vaziyatni kuzatishda davom etadi va u o‘nglangach, futbolchi bilan bog‘liq ish O‘FA tegishli qo‘mitasiga oshiriladi. Zero barcha uchun bir bo‘lgan talab ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmasa, Liga bu ishni o‘zi istamagan ko‘rinishda bo‘lsa-da oxiriga yetkazadi", deb yozadi O'zPFL matbuot xizmati