$
 12634.00
8.96
 13710.42
23.61
 148.62
2.51
weather
+26
Кечаси   +14°

“Ronalduni O'zbekistonga olib kelish” missiyasi amalga oshadimi?

Ronaldu

Bugun Qarshining “Nasaf” futbol klubi OCHLning 1/8 finali doirasidagi javob o'yinida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al Ayn” futbol klubiga qarshi mehmonda maydonga tushadi. Dastlabki uchrashuvda tomonlar durrangga imzo chekishgandi. O'z-o'zidan bugungi o'yin hal qiluvchi maqomga ega bo'lmoqda. G'olib jamoa muxlislari keyingi bosqich va, ko'p ehtimol, Krishtianu Ronaldu hamda “Al Nassr” yulduzlarini o'z maydonida, o'z suyuklilariga raqib sifatida ko'rishlari mumkin bo'ladi. Demak, bugungi g'alaba orqali “Nasaf” Qarshiga Ronalduni olib kelishi mumkin bo'ladi. Faqat bir savol bor. “Ajdarlar” bunga qodirmi?

Tarkiblardagi yo'qotishlar

Bugungi o‘yinda qarshiliklarga bir qator o‘yinchilar yordam bera olmaydi. Jumladan, Sherzod Nasrullayev terma jamoa tarkibida olgan jarohatidan hamon forig‘ bo‘lmagan. Ammo uning maydonga tushish yo tushmasligi birinchi o'yindagi kabi bahsli. Bundan tashqari, Umidjon Ergashev va Islom Kenjaboyev ham mavsum boshida jamoaga yordam bera olmasligi aytilgan edi. O‘zbek futboli muxlislari uchun oxirgi vaqtlarda yaxshigina mashhur bo‘lgan Zafarmurod Abdurahmatovning ham o'yinda ishtirok eta olmaslik ehtimoli mavjud. Tarkibdagi eng katta yo'qotish bu shubhasiz chap qanot vingeri Oybek Bozorov bo'lib turibdi. Bozorov oxirgi o'yindan so'ng yelka qisimidan jarohat olgani ma'lum bo'ldi. Endilikda u ikki oy maydonda harakatlana olmasligi mumkin.

Bu Qarshidagi “Al Ayn” emas

Ilk o'yindan so'ng raqib jamoa tarkibidagi futbolchilarga nisbatan yo‘qotish so‘zini ishlatish biroz nojo‘yadek. Sababi, tarkibdagi hamma futbolchilarda ham aytarlik jarohat mavjud emas. Jamoaning birinchi o‘yin uchun qaydnomasi e’lon qilinganda ko‘pchilik hayratga tushgandi. O‘yinga Hernan Krespo tomonidan kutilmagan yurish qilingan edi. Ushbu jamoada 10 ta legioner mavjud. Shu sababdan, o'yinlardan avval qanday tanlov qilinishi ko‘pchilikka qiziq bo‘lib kelgan. Qarshidagi o'yin uchun tanlov yakunida Omer Atzili, Kaku, Matias Palacios, Erik kabi asosiy futbolchilar qaydnomadan o‘rin olishmagandi. Bugun esa asosiy o'yinda barcha sifatli futbolchilar maydonda harakatlanishi kutilmoqda. Raqib o'z maydonida harakatlanishi, Qarshiga bora olmagan asosiy tarkib o'yinchilarining maydonga tushirilishi hamda qarshiliklar tarkibidagi yo'qotishlar imkoniyatlar tarozisini Amirliklar jamoasi tomonga uch hissa kuch bilan bosib yubormoqda.

Ma'lumot uchun, o'yin bugun, 21 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.