$
 12102.39
-33.37
 13990.36
-77.41
 153.08
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Dengiz kuchlari reytingi: Qaysi davlat yetakchi?

flot

Dengizlar qadimdan davlatlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Savdo yo‘llarini himoya qilish, strategik hududlarni nazorat qilish va dunyoda o‘z ta’sirini ko‘rsatish uchun kuchli harbiy dengiz floti muhim hisoblanadi. Shu sabab ko‘plab davlatlar o‘z flotini rivojlantirishga katta mablag‘ sarflaydi. 2026-yilda tuzilgan yangi reyting esa qaysi davlatlar dengizlarda eng katta harbiy kuchga ega ekanini ko‘rsatdi.

Xo‘sh, qaysi davlatlarning dengiz floti eng qudratli?

AQSh — dengizlardagi yetakchi kuch

Jahon dengiz floti indeksiga ko‘ra, 2026-yilda dunyoning eng kuchli harbiy dengiz floti AQShga tegishli bo‘lib qolmoqda. Bu reytingda mamlakat 100 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. AQSh flotining asosiy ustunligi bir vaqtning o‘zida bir nechta okean hududlarida harbiy operatsiyalar olib bora olishidir.

AQSh flotida ko‘plab zamonaviy kemalar mavjud. Ular orasida aviatashuvchi kemalar, yadro suv osti kemalari va zamonaviy esminetslar bor. Shu sabab bu flot dunyoning turli hududlarida harbiy kuchini namoyish qila oladi. 2026-yilda AQSh flotida 20 ta yirik kema va 146 ta asosiy jangovar kema mavjud edi. Aviatashuvchi zarba guruhlari, uzoq masofaga uchadigan raketalar va zamonaviy kuzatuv tizimlari AQSh flotiga boshqa davlatlarga qaraganda ancha katta harbiy imkoniyat beradi.

Xitoy — kemalar soni bo‘yicha eng katta flot

Reytingda Xitoy harbiy dengiz floti ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning umumiy ko‘rsatkichi 94 ballni tashkil qiladi. Biroq kemalar soni bo‘yicha Xitoy dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bugungi kunda Xitoy flotida 157 ta asosiy jangovar kema va umumiy hisobda mingdan ortiq harbiy kema bor. Bu so‘nggi yigirma yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli kemasozlik dasturlari natijasidir. Pekin zamonaviy esminetslar, suv osti kemalari va aviatashuvchi kemalarga katta sarmoya kiritmoqda. Bu orqali Xitoy dengiz savdo yo‘llarini himoya qilish va Janubiy Xitoy dengizi hamda Hind-Tinch okeani mintaqasida o‘z ta’sirini kuchaytirishni maqsad qilgan.

Rossiya — uchinchi o‘rinda

Reytingda Rossiya harbiy dengiz floti uchinchi o‘rinni egallagan. Uning ko‘rsatkichi 75 ballni tashkil qiladi. Rossiya flotida 79 ta asosiy jangovar kema mavjud bo‘lib, flotning muhim qismini suv osti kemalari tashkil etadi. Rossiya ayniqsa yadro suv osti kemalari va raketa tizimlari bilan kuchli hisoblanadi. Mamlakat o‘z dengiz strategiyasini asosan Arktika, Shimoliy Atlantika va Qora dengiz kabi hududlarda rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda. Shu hududlarda Rossiya hali ham muhim harbiy va strategik ta’sirga ega bo‘lib qolmoqda.

Shimoliy Koreya — kemalar soni ko‘p, lekin imkoniyati cheklangan

Reytingda to‘rtinchi o‘rinni Shimoliy Koreya harbiy dengiz floti egallagan. Uning ko‘rsatkichi 72 ballni tashkil qiladi.

Shimoliy Koreya flotida 75 ta asosiy jangovar kema va 380 dan ortiq boshqa kemalar mavjud. Biroq ularning ko‘pchiligi kichik va eski kemalardan iborat. Ular asosan qirg‘oq hududlari yaqinida xizmat qilish uchun mo‘ljallangan. Shu sabab kemalar soni ko‘p bo‘lsa ham, flotning global ta’siri unchalik katta emas.

Yaponiya — zamonaviy va texnologik flot

Reytingda beshinchi o‘rinni Yaponiya harbiy dengiz floti egallagan. Uning ko‘rsatkichi 60 ball.

Yaponiya flotida 75 ta asosiy jangovar kema bor. Umumiy kemalar soni esa 150 dan oshadi. Yaponiya flotining asosiy kuchi zamonaviy esminetslar, suv osti kemalari va vertolyot tashuvchi kemalar hisoblanadi. Mamlakat asosan Tinch okeani hududida xavfsizlikni ta’minlashga e’tibor qaratadi.

Hindiston — tez rivojlanayotgan flot

Reytingda Hindiston harbiy dengiz floti oltinchi o‘rinni egallagan. Uning ko‘rsatkichi 51 ball.

Hindiston flotida 41 ta asosiy jangovar kema bor. Umumiy kemalar soni esa 290 ga yaqin. Hindiston so‘nggi yillarda flotini kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqda. Mamlakat yangi aviatashuvchi kemalar, suv osti kemalari va zamonaviy raketa tizimlarini ishlab chiqmoqda.

Janubiy Koreya — zamonaviy harbiy flot

Reytingda Janubiy Koreya harbiy dengiz floti yettinchi o‘rinda turadi. Uning ko‘rsatkichi 50 ball.

Janubiy Koreya flotida 52 ta asosiy jangovar kema bor. Umumiy kemalar soni esa 150 dan ortiq. Mamlakat zamonaviy harbiy texnologiyalar bilan flotini kuchaytirib bormoqda.

Turkiya — mintaqadagi muhim dengiz kuchi

Reytingda Turkiya harbiy dengiz floti sakkizinchi o‘rinni egallagan. Uning ko‘rsatkichi 43 ball.

Turkiya flotida 30 ta asosiy jangovar kema va 190 ga yaqin boshqa kemalar mavjud. Mamlakat Qora dengiz va O‘rta yer dengizi hududlarida o‘z harbiy ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Indoneziya — katta hududni himoya qiladigan flot

Reytingda Indoneziya harbiy dengiz floti to‘qqizinchi o‘rinni egallagan. Uning ko‘rsatkichi 42 ball.

Indoneziya flotida 11 ta asosiy jangovar kema bor. Umumiy kemalar soni esa 300 dan ortiq. Mamlakat ko‘plab orollardan iborat bo‘lgani sabab dengiz xavfsizligiga katta e’tibor qaratadi.

Finlyandiya — kichik, lekin samarali flot

Reytingda o‘ninchi o‘rinni Finlyandiya harbiy dengiz floti egallagan. Finlyandiyaning ko‘rsatkichi 40 ball.

Finlyandiya flotida yirik kemalar ko‘p emas, ammo mamlakat 200 ga yaqin kichik harbiy kemaga ega. Bu kemalar asosan qirg‘oq hududlarini himoya qilish uchun ishlatiladi. Flot ko‘proq Boltiq dengizi hududida faoliyat yuritadi.

Теги :
Jamiyat