$
 12059.78
-45.78
 14129.24
-103.27
 150.07
-2.49
weather
+26
Кечаси   +14°

O'zbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatidan qancha ishlab oladi? FIFAning rekord darajadagi to'lovlari va klub kompensatsiyasi.

FIFA Kengashi 2026-yilgi jahon chempionati yakunlari bo‘yicha rekord miqdordagi moliyaviy to‘lovlarni tasdiqladi. Ta’qsimlanadigan mablag‘larning umumiy hajmi 727 million dollarni tashkil etadi — bu 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi ko‘rsatkichdan 50 foiz ko‘p.

Qaror Dohada, Qit’alararo kubok finali arafasida bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashi yig‘ilishida qabul qilindi.

Terma jamoalar uchun mukofot pullari

Umumiy summaning 655 million dollari turnirda ishtirok etadigan 48 terma jamoaga mukofot sifatida taqsimlanadi. Mablag‘ quyidagi tartibda bo‘linadi:

  • G‘olib — 50 mln dollar
  • Finalchi — 33 mln dollar
  • 3-o‘rin — 29 mln dollar
  • 4-o‘rin — 27 mln dollar
  • 5–8-o‘rinlar — har biri 19 mln dollar
  • 9–16-o‘rinlar — har biri 15 mln dollar
  • 17–32-o‘rinlar — har biri 11 mln dollar
  • 33–48-o‘rinlar (guruh bosqichi) — har biri 9 mln dollar

Shuningdek, saralashdan o‘tgan har bir jamoa turnirga tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun 1,5 million dollar oladi.

Shu tariqa, JCh-2026 ishtirokchisining minimal kafolatlangan daromadi 10,5 million dollarni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2022-yilgi jahon chempionati g‘olibi Argentina 42 million dollar olgan edi.

FIFA prezidenti Janni Infantino shunday dedi:

“Jahon chempionati global futbol hamjamiyati uchun moliyaviy hissasi jihatidan mislsiz darajadagi voqea bo‘ladi”.

O‘zbekiston terma jamoasining moliyaviy ko‘rsatkichlari

Jahon chempionatiga ilk bor yo‘l olgan O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichidayoq musobaqani tark etgan taqdirda ham kamida 10,5 million dollar daromad oladi — 9 million dollar mukofot puli va 1,5 million dollar tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya.

O‘zbekiston qaysi guruhga tushdi?

5-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi K guruhiga tushdi. Raqiblar:

  • Portugaliya
  • Kolumbiya
  • Qit’alararo pley-off g‘olibi
  • (Kongo / Yamayka / Yangi Kaledoniya)

Turnir qayerda va qachon bo‘lib o‘tadi?

2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi, jami 104 ta o‘yin o‘tkaziladi. Final Nyu-Jersi shtatidagi “MetLayf” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Futbolchilar uchun klublarga to‘lanadigan kompensatsiyalar

Terma jamoalarga beriladigan mukofotlardan tashqari, FIFA jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar klub­lariga rekord miqdorda kompensatsiya to‘lashni tasdiqladi.

2026-yilda bu maqsadlar uchun 335 million dollar ajratiladi — bu 2010-yilda Klublar uchun imtiyozlar dasturi (CBP) yo‘lga qo‘yilgan davrdagidan qariyb 10 baravar ko‘p.

Taqqoslash uchun:

  • JCh-2010 — 40 mln dollar
  • JCh-2014 — 70 mln dollar
  • JCh-2022 — 209 mln dollar
  • JCh-2026 — 335 mln dollar

FIFA klublarga har bir futbolchi uchun klubdan tashqarida o‘tkazilgan har bir kun uchun taxminan 10 ming dollar to‘laydi. 2022-yilgi Argentina — Fransiya finaligacha yetib borgan futbolchilarning har biri o‘z klubiga, maydonda nechta daqiqa o‘ynaganidan qat’i nazar, qariyb 370 ming dollar daromad keltirgan. Umumiy hisobda 51 ta assotsiatsiyaga mansub 440 klub to‘lov olgan.

2026-yilda kompensatsiyalar saralash bahslarida ishtirok etgan futbolchilar uchun ham hisoblanadi. Turnirning 48 jamoaga kengaytirilgani bois, 1200 dan ortiq klub to‘lov olish huquqiga ega bo‘ladi.

Klublarni himoya qilish dasturi va jarohatlar

2012-yildan buyon FIFA Klublarni himoya qilish dasturi (CPP)ni amalga oshirib keladi. U milliy terma jamoalar o‘yinlarida jarohat olgan futbolchilarning maoshini qoplashga qaratilgan.

2023–2026-yillar uchun amal qiluvchi tartibga ko‘ra:

  • kompensatsiya futbolchi 28 kundan ortiq safdan chiqqan taqdirda to‘lanadi;
  • bir jarohat bo‘yicha maksimal to‘lov — 8,8 mln dollar (7,5 mln yevro ekvivalenti);
  • maksimal kunlik to‘lov — 24 ming dollar;
  • dastur yillik budjeti — 93,6 mln dollar.

Dastur futbolchining asosiy maoshini qoplaydi, biroq bonuslar, tibbiy xarajatlar va imidj to‘lovlari kiritilmaydi. CPP milliy terma jamoalar o‘yinlariga taalluqli, ammo U-21 yoshlar jamoalari uchun amal qilmaydi.

Jarohatlar ko‘payishi va huquqiy kelishmovchiliklar

CIES Football Observatory ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo futbolida eng katta o‘yin yuklamasiga ega futbolchilar klub va terma jamoadagi o‘yinlarini birgalikda o‘tkazgan quyidagi sportchilardir:

  • Jyul Kunde (“Barselona” / Fransiya terma jamoasi) — 69 o‘yin, 5872 daqiqa
  • Jon Arias (“Fluminense” / Kolumbiya terma jamoasi) — 67 o‘yin, 5599 daqiqa
  • Federiko Valverde (“Real” / Urugvay terma jamoasi) — 66 o‘yin, 5573 daqiqa

Ularning o‘rtacha yoshi — 26,5.

Howden kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, 2023/24-yilgi mavsumda Yevropaning besh eng kuchli ligasida 4123 ta jarohat qayd etilgan — bu avvalgi mavsumga nisbatan 4 foiz ko‘p. Klublarning futbolchilar davolanishiga sarflagan xarajatlari 5 foizga oshib, 857 million dollarga yetgan. 2020/21-mavsumi boshidan buyon kuchli beshlik klublarining jarohatlar bilan bog‘liq umumiy xarajatlari 2,7 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Yuklama va jarohatlar ko‘payib borayotgani fonida, 2024-yil kuzida 37 ta Yevropa futbol ligasi va FIFPro futbolchilar kasaba uyushmasi Yevropa komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qildi. Ular FIFAni xalqaro turnirlarni tashkil etishda vakolatlaridan suiiste’mol qilish va futbolchilar mehnat huquqlarini buzishda aybladilar. FIFA bu e’tirozlarga izoh bermagan.

Теги :
Jamiyat