$
 11797.46
22.54
 13608.37
20.11
 139.77
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda o‘g‘li bor oilalar keyingi farzandga shoshilmaydi— tadqiqot: Oʻgʻil “yetarli” degan signalmi?

Farzand kutayotgan oila

O‘zbek oilalarida farzandlar soni qachon “yetarli” bo‘ladi? Yangi tadqiqotga ko‘ra, bu savolning javobi faqat oilaning daromadi, ota-onaning yoshi yoki nechta farzandi borligiga bog‘liq emas. Farzandlarning jinsi ham oilaning keyingi qaroriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

3,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ayolning tug‘ilish tarixi tahlil qilinganda qiziq qonuniyat aniqlangan: birinchi farzandning qiz yoki o‘g‘il bo‘lishi deyarli farq qilmaydi. Ammo oilada farzandlar soni oshgani sari kamida bitta o‘g‘ilning bor-yo‘qligi tobora muhimlashib boradi. O‘g‘li bor ayollar keyingi farzandni kamroq dunyoga keltiradi, navbatdagi homiladorlikni uzoqroq muddatga kechiktiradi va kontratsepsiyadan ko‘proq foydalanadi. Faqat qizlari bor oilalarda esa buning aksi kuzatiladi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda o‘g‘il farzandning tug‘ilishi oilaning reproduktiv rejasida o‘ziga xos “maqsadga erishildi” signali vazifasini bajaryaptimi? Bu savolga yaqinda eʼlon qilingan “A Tale of two choices: Son preference and reproductive outcomes in Uzbekistan” tadqiqotidan javob topish mumkin.

3 585 ayolning tug‘ilish tarixi o‘rganilgan

Mualliflarning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda o‘g‘il farzandga munosabat va uning tug‘ilishlarga ta’siri yetarlicha o‘rganilmagan. Shu paytgacha bunday tadqiqotlar asosan Janubiy va Sharqiy Osiyo davlatlariga qaratilgan, mintaqada esa Qirg‘iziston bo‘yicha o‘xshash tadqiqot mavjud. Mualliflar o‘z ishini O‘zbekiston bo‘yicha bu masalani empirik tahlil qilgan dastlabki tadqiqot sifatida taqdim etadi.

Tadqiqot 2021–2022-yillardagi O‘zbekiston Multiple Indicator Cluster Survey — MICS ma’lumotlariga asoslangan. Unda 4 448 ta uy xo‘jaligi qamrab olingan. Tadqiqot uchun esa kamida bir marta tirik farzand tug‘gan 3 585 nafar turmush qurgan ayolning ma’lumotlari tanlab olingan.

Tanlanmaning o‘zi ham O‘zbekistondagi oilalar haqida ayrim qiziq ma’lumotlarni beradi. Ayollarning 54 foizi qishloqlarda, 46 foizi shaharlarda yashagan. Atigi 10 foizi oliy ma’lumotli bo‘lgan.

Birinchi farzandning jinsi deyarli ahamiyatga ega emas

Tadqiqotdagi muhim tafsilotlardan biri — o‘g‘il farzandga ustunlik birinchi tug‘uruqdan keyinoq yaqqol ko‘rinmaydi.

Birinchi farzandi qiz bo‘lgan ayollarning ham, o‘g‘il bo‘lgan ayollarning ham 80 foizdan ortig‘i ikkinchi farzandni dunyoga keltirgan. Ekonometrik tahlilda ham birinchi bolaning jinsi ikkinchi farzand ko‘rish ehtimoliga statistik jihatdan sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan.

Farq keyingi tug‘uruqlarda boshlanadi. Ikkinchi farzanddan so‘ng kamida bitta o‘g‘li bor ayollarda uchinchi farzand ko‘rish ehtimoli o‘g‘li bo‘lmagan ayollarga nisbatan 16,7 foizga past. Uchinchi farzanddan keyin bu farq 32,1 foiz, to‘rtinchidan keyin 35,9 foizgacha yetgan.

Bu yerda yana bir detal bor: o‘g‘illar soni ko‘paygani sayin hisoblangan koeffitsiyentlar keyingi tug‘ilish ehtimoli pasayishini ko‘rsatadi.

O‘g‘li yo‘q ayollarda tug‘ilishlar oralig‘i ham qisqaroq

Tadqiqot faqat “yana farzand ko‘rdimi yoki yo‘qmi?” degan savolni tekshirmagan. Mualliflar bir tug‘uruqdan ikkinchisigacha qancha vaqt o‘tishini ham hisoblagan. Raqamlarda sezilarli farq bor.

Birinchi tug‘uruqdan keyin o‘g‘li bo‘lmagan ayollarda keyingi tug‘uruqqacha o‘rtacha 1 034 kun, o‘g‘li borlarda esa 1 106 kun o‘tgan.

Ikkinchi tug‘uruqdan keyin farq yanada kattalashgan: o‘g‘li yo‘q ayollarda o‘rtacha 1 373 kun, kamida bitta o‘g‘li borlarda esa qariyb 1 698 kun.

Uchinchi tug‘uruqdan keyin ham mos ravishda 1 412 va 1 611 kunlik o‘rtacha interval qayd etilgan. Boshqacha aytganda, ikki farzanddan keyingi holatda guruhlar orasidagi oddiy o‘rtacha farq qariyb 325 kun — deyarli 11 oyni tashkil qiladi.

Gap faqat 24 oy emas: 15 va 18 oylik xavfli intervallarda ham farq bor

Mualliflar tug‘ilishlar oralig‘ini sog‘liq nuqtayi nazaridan ham ko‘rib chiqqan. Maqolada oldingi tug‘uruqdan keyin 15–18 oy ichida qayta homilador bo‘lish ona va bola uchun salomatlik xavflari bilan bog‘liq ekani avvalgi ilmiy adabiyotlarga tayanib qayd etiladi. Tadqiqotchilar 24 oygacha bo‘lgan intervalni “qisqa”, 15 va 18 oygacha bo‘lgan intervallarni esa xavfli interval sifatida alohida hisoblagan.

Masalan, birinchi farzanddan keyin 18 oy ichida yana homilador bo‘lish o‘g‘li yo‘q ayollarning 33 foizida, o‘g‘li borlarning 28 foizida kuzatilgan. 15 oylik chegarada bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 26 va 22 foiz bo‘lgan.

Ikkinchi farzanddan keyin tafovut yana kattaroq: o‘g‘li yo‘q ayollarning 13 foizi 18 oy ichida, 10 foizi 15 oy ichida qayta homilador bo‘lgan. Kamida bitta o‘g‘li borlarda ko‘rsatkichlar mos ravishda 9 va 6 foiz.

Uchinchi tug‘uruqdan keyin 15 oy ichida qayta homiladorlik o‘g‘li bo‘lmaganlarda 11 foiz, o‘g‘li borlarda esa 4 foiz bo‘lgan.

Mualliflarning qo‘shimcha ekonometrik hisob-kitoblari ham o‘g‘ilning mavjudligi 15 va 18 oylik xavfli tug‘ilish intervallari ehtimolining pastroq bo‘lishi bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan.

Ikki o‘g‘ildan keyin uchinchi farzandgacha interval 35 foiz uzoqroq

Farzandlar soni bo‘yicha alohida hisob-kitob ham qilingan. Dastlabki ikki farzandi ham o‘g‘il bo‘lgan ayollarda uchinchi tug‘uruqqacha bo‘lgan interval dastlabki ikki farzandi ham qiz bo‘lgan ayollarga nisbatan 35 foiz uzoqroq bo‘lgan.

Uch farzandi ham o‘g‘il bo‘lgan ayollarda esa to‘rtinchi tug‘uruqqacha interval uch qizli ayollarga nisbatan 32 foiz uzoqroq chiqqan.

Tadqiqotdagi yana bir natija — kamida bitta o‘g‘li bor ayollarning kontratsepsiyadan foydalanish ehtimoli 8,9 foiz yuqori.

O‘g‘il farzand nega alohida ahamiyat kasb etadi?

Tadqiqot mualliflari statistik natijalarni O‘zbekistondagi oilaviy tuzilma bilan ham bog‘laydi.

Maqolada O‘zbekiston patriarxal va patrilineal jamiyat sifatida tavsiflanadi. Mualliflarning yozishicha, an’anaviy qarashlarda o‘g‘il familiya va naslni davom ettiruvchi, mulkni meros qilib oluvchi hamda keksaygan ota-onaga qaraydigan farzand sifatida ko‘riladi.

Tadqiqotchilar buning ifodasi sifatida o‘zbeklarning “O‘g‘il — tayanch, qiz — mehmon” degan maqolini keltirgan. Bu, albatta, har bir o‘zbek oilasining qarashini ifodalamaydi. Tadqiqot ham individual oilalarning motivlarini so‘rab aniqlamaydi. U minglab ayollarning tug‘ilish tarixida farzandlarning jinsi bilan keyingi reproduktiv xatti-harakatlar o‘rtasidagi statistik bog‘liqlikni o‘lchaydi.

Har 100 qizga 108 o‘g‘il: bu nimani anglatadi?

Maqolada yana bir alohida masala — tug‘ilishdagi jinslar nisbati muhokama qilingan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har 100 qizga taxminan 108 o‘g‘il tug‘iladi. Mualliflar buni Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkich deb qayd etgan. Tabiiy jinslar nisbati esa taxminan 100 qizga 105 o‘g‘il hisoblanadi.

Mualliflar bu tafovut prenatal davrda bolaning jinsini aniqlash texnologiyalari tarqalishi va o‘g‘ilga ustunlik berish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini muhokama qiladi.

Теги :
Jamiyat