$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Bitiruvchilar uchun yakuniy imtihonlar o‘zgaradi

Шавкат Миромонович Мирзиёев Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Prezident Президент

Maktablarda bitiruvchi o‘quvchilar bilimini baholashda yangiliklar joriy etilishi ma’lum qilindi. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimot haqida qisqacha

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Shunga muvofiq, bu soha ham umumiy, ham ixtisoslashtirilgan tarzda rivojlantirilmoqda. Jumladan, yurtimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Taqdimotda o‘tgan yillardagi tajriba va hayot talabidan kelib chiqib, ulardagi yo‘nalishlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Xususan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilgan. Bu dastur “Yangi O‘zbekiston” universiteti dasturi bilan integratsiya qilinadi.

Ixtisoslashgan maktab qurish rejalari 

Yana taqdimotda yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuzilishi, bu kengashlar ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, 2025-2026-yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi. Taqdimotda Ijod maktablari bo‘yicha ham takliflar bor. Jumladan, ularda taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. O‘quvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yo‘lga qo‘yiladi. Turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi. 

Fan olimpiadalari

Ta’lim sifatini oshirishda fan olimpiadalari muhim rol o‘ynaydi. So‘nggi yillarda g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish tizimi joriy etilgani natijasida bilimga intilish kuchaygan. Talabgor o‘quvchilar, “katta beshlik” fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan medallar avvalgiga nisbatan ikki baravar ko‘paygan. Mamlakatda Al-Farg‘oniy, Beruniy, Mendeleyev nomidagi xalqaro olimpiadalar o‘tkazildi. Bu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etish taklif qilinmoqda. Unga yetuk olimlar va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, o‘quvchilarning har biri rivojlanish dasturi orqali maqsadli tayyorlanadi. Ishtirokchilarning xalqaro olimpiadalardagi yakuniy natijalaridan kelib chiqib, terma jamoa yetakchisini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Barcha fan olimpiadalarini aks ettiradigan yagona olimpiadalar taqvimi va tayyorgarlik tizimi yaratiladi. Asosiy mashg‘ulotlar bilan birga psixologik treninglar, boshqa jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.

Yakuniy imtihonlar masalasi

Bundan tashqari, taqdimotda o‘quvchilar bilimini baholashning shaffof va xolis tizimini joriy qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda bilimning bahosi turli maktablarda turlicha. Imtihon varaqalaridagi savollar darajasi ham har xil. Xalqaro testologiya talablariga ko‘ra, hamma variantlardagi savollarning qiyinlik darajasi teng bo‘lishi kerak. Shu bois davlat yakuniy attestatsiyasida, ya’ni maktabni bitirish imtihonlarida o‘quvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga o‘tkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, savollar doimiy ravishda yangilanib boriladi. Taqdimotda yana bir muhim yangilik – maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.