$
 12931.94
-8.17
 14107.45
51.9
 150.18
4.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Paxtakor” jahon yulduzlaridan tashkil topgan “Al Hilol”ni yenga oladimi? (Prevyu)

“Paxtakor” — “Al Hilol”

Yana bir necha soatlardan so‘ng, 12-martning dastlabki soatida Elit Chempionlar Ligasi nimchorak final javob o‘yini doirasida "Paxtakor" Riyodda "Al-Hilol"ga qarshi maydonga tushadi. Ilk o‘yinda Toshkent jamoasi Flamarion kiritgan to‘p evaziga g‘alaba qozongan edi. Bugungi o‘yinda chorak finalga chiqish uchun har qanday hisobdagi g‘alaba yoki durang O‘zbekiston jamoasini qanoatlantiradi. Biroq arablar bunday bo‘lmasligi uchun tish-tirnog‘i bilan kurashishi tabiiy. Xo‘sh, "Paxtakor" safarda kerakli natijani qo‘lga kiritish uchun imkoniyatlar qanday?

O‘zaro o‘yinlar tarixi

Shu kunga qadar “Al Hilol” “Paxtakor” bilan 9 marta to‘qnash kelgan. O‘yinlarning 5 tasida “Al Hilol” zafar quchgan bo‘lsa, qolgan 3 bellashuv durang natijasi bilan, yana bir o'yin esa Toshkent jamoasi g'alabasi bilan yakunlangan. O‘zaro o‘yinlar tarixiga ko‘ra, “Paxtakor” raqib darvozasini 6 bor ishg‘ol qilgan. Shulardan ikkitasi ayni dam “Paxtakor” safida bo‘lib turgan Igor Sergeyev nomiga rasmiylashtirilgan. Riyodliklarda bu ko‘rsatkich 15 tani tashkil qiladi. Umuman olganda, O‘zbekiston futbol klublari shu vaqtga qadar Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida “Al Hilol” klubi darvozasiga 14 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Ta’kidlash joiz, ikki klub mintaqaning klublar o‘rtasidagi birinchi raqamli nufuzli musobaqasida eng ko‘p marta qatnashgan klublar hisoblanadi - 19 tadan.

Tarkibidagi yo‘qotishlar

O‘yin oldi ikki jamoada ham ushbu bahsni o‘tkazib yuboradigan futbolchilar mavjud. Bu borada “Paxtakor”dagi vaziyat nisbatan yaxshiroq, riyodliklar safida esa jarohatlanganlar yetarlicha mavjud. Bugungi o‘yinni “Sherlar” safidan Sardor Sobirxo‘jayev xuddi avvalgi o'yinda bo'lgani kabi diskvalifikatsiya sababli o‘tkazib yuboradi. Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi ikki yetakchisi Al-Bulayhiy hamda Sergey Milinkovich-Savich jarohat olib, uzoq muddat safdan chiqdi. Ali Al-Bulayhiyda son mushaklari jarohati kuzatilgan. U 4-6 hafta davomida davolanish va reabilitatsiya dasturidan o‘tadi. Savich ham 3 haftaga yaqin shifoxonada davolanishga to‘g‘ri keladi. Toshkentdagi bellashuvni o‘tkazib yuborgan bir qancha futbolchilar — Mitrovich, Renan Lodi kabi legionerlar javob uchrashuvida ham o‘z jamoasiga yordam bera olishmaydi. Jumladan, Aleksandar Mitrovich yakshanba kuni ertalab Saudiya Arabistonida kasalxonaga yetkazilgan. 30 yoshli futbolchi yurak urishi tezlashgani sababli shifoxonaga yuborilgan. Qayd etilishicha, davolovchi shifokor futbolchiga hordiq chiqarishni tavsiya qilgan. Serbiyalik forvard 2023-yilning yozidan buyon "Al Hilol" safida to‘p tepmoqda. U joriy mavsum Saudiya Arabistoni jamoasi safida 25 o‘yin o‘tkazib, 21 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

R16 - 1st Leg: Pakhtakor (UZB) v Al Hilal SFC (KSA)

“Al Hilol” safidagi yulduzlarni taniysizmi?

Osiyo futboli, umuman, futboldan yiroq bo‘lmagan inson borki, so‘nggi bir necha yillar ichida Saudiya futbolida bo‘lgan o‘zgarishlardan xabardor. Ana shu o‘zgarishlar samarasi o‘laroq “Al Hilol” jamoasi Osiyodagi tarkibi eng qimmat hamda sifatli legionerlar bilan boyigan futbol klubga aylandi. Keling, maqolamiz yakunida jamoa safida to‘p surayotgan legioner yulduzlarni ikki og‘iz eslab o‘tsak.

Yassin Bono - Marokash terma jamoasi posboni. “Seviliya”, “Atletiko Madrid” kabi klublarining sobiq futbolchisi.

Kalidu Kulibali - Senegal terma jamoasi a’zosi. “Napoli” klubi sobiq futbolchisi.

Ruben Nevesh - Portugaliya terma jamoasi a’zosi. “Wolves”, “Porto” kabi klublarning sobiq futbolchisi.

Sergey Milinkovich-Savich - “Latsio” klubi sobiq futbolchisi. Serbiya terma jamoasi a’zosi.

Malkom - “Barselona” sobiq futbolchisi. Braziliya terma jamoasi a’zosi.

Markos Leonardo - “Santos” va “Benfika” klublari sobiq futbolchisi. Braziliya olimpiya terma jamoasi a’zosi.

Kaio Sezar - Braziliya olimpiya terma jamoasi a’zosi.

“Al Hilol” va “Paxtakor“ jamoalari o‘rtasidagi nimchorak final javob bahsi 11 martdan 12 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00da Riyoddagi "Kingdom Arena" stadionida boshlanadi. O‘yin “SportTV” telekanali orqali jonli efirda namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat