$
 11814.05
11.86
 13482.19
-45.48
 139.93
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Biznes krediti o‘zbekistonlik tadbirkorlarga qanday ta’sir o‘tkazadi?

kredit

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadini oshirish bo‘yicha yig‘ilishda tadbirkorlar uchun kredit olish tartibini yengillashtirish haqida gapirib o‘tdi. Unga ko‘ra, endi 500 million so‘mgacha bo‘lgan loyihalarda biznes-reja talab qilinmaydi, kredit berishda asosiy e’tibor garovga emas, biznesning real pul oqimiga qaratiladi. Xo‘sh, ayni paytda O‘zbekistonda biznes egalari kredit olish bilan bog‘liq qanday muammolarga duch kelyapti?

O‘zbekistondagi muammolar va qulayliklar 

O‘zbekistonda biznes egalari va tadbirkorlarga bank kreditlarini ajratish tizimi raqamlashtirildi va transformatsiya qilinmoqda, ammo moliyalashtirish narxi (foizlar) hamda garov ta’minoti borasida o‘ziga xos qiyinchiliklar ham bor. Biznes krediti olishda banklar asosan garov, kredit tarixi, pul oqimi va biznes-rejani baholaydi. Garov sifatida ko‘chmas mulk, uskuna yoki transport vositalari qabul qilinadi. Ayrim banklar kredit summasidan 120-130 foizgacha garov talab qilishi mumkin.  

Kredit foizlari bank va dasturga qarab farq qiladi. Imtiyozli davlat dasturlari va xalqaro moliya tashkilotlari liniyalari orqali tadbirkorlar nisbatan qulay shartlarda kredit olishi mumkin.

Masalan, 2026-yilda Markaziy bank tomonidan “TadbirCore” (TadbirCore.uz) ochiq raqamli kredit marketpleysi ishga tushirilgan. U 23 ta bankni birlashtiradi, tadbirkor bitta ariza bilan bir nechta bankdan taklif olishi mumkin. Test rejimida platform orqali (2026-yil iyun-sentyabr) 1005 ta kredit (415,7 mlrd so‘m) ajratilgan.

Bundan tashqari, garovi yetarli bo‘lmagan tadbirkorlarga davlat kafilligi va foiz kompensatsiyasi berilishi mumkin. Shu bilan bir qatorda, banklar tushum hamda kredit tarixini tahlil qiluvchi skoring tizimlari orqali ayrim kreditlarni onlayn va soddalashtirilgan tartibda ajratmoqda.

Dunyo banklari biznes egalariga qanday tartibda kredit beradi?

Dunyo mamlakatlarida biznes uchun bank kreditlarini ajratish tartibi va talablari har bir davlatning moliyaviy tizimi, huquqiy bazasi hamda makroiqtisodiy barqarorligiga ko‘ra sezilarli darajada farq qiladi.

Kredit olish qulayligi mamlakatning raqamlashtirish darajasi, kredit byurolari faoliyati va garovsiz moliyalashtirish imkoniyatlariga bog‘liq. Yangi Zelandiya va Singapurda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda kredit olish jarayonlari keng raqamlashtirilgan. Kichik va o‘rta biznes uchun davlat kafillik dasturlari ham mavjud. AQSh va Buyuk Britaniyada rivojlangan kredit skoring tizimlari banklar va fintech kompaniyalariga tadbirkorning kredit tarixi hamda moliyaviy aylanmasini tez baholash imkonini beradi. AQShda Kichik biznes ma’muriyati (SBA) orqali kreditlarning 75-85 foizigacha kafillik berilishi mumkin. Estoniyada esa e-Residency va raqamli davlat xizmatlari biznes kreditlari jarayonidagi qog‘ozbozlikni sezilarli kamaytirgan.

Ayrim davlatlarda esa kredit berish ancha qiyin. Venesuela hamda Argentinada yuqori inflyatsiya va milliy valyuta beqarorligi uzoq muddatli biznes kreditlarini cheklanishiga sabab bo‘lgan. Janubdagi ayrim Afrika davlatlarida kredit byurolari va mulk huquqi tizimlarining yetarlicha rivojlanmagani sababli banklar yuqori miqdorda garov talab qilishi mumkin. Gretsiya va Italiyada esa moliyaviy inqirozdan keyingi qat’iy bank talablari va muammoli kreditlar xavfi yangi bizneslar uchun kredit olish jarayonini qiyinlashtirgan.

Kredit tizimi iqtisodiyotga qanday ta’sir o‘tkazadi? 

Kredit tizimi zamonaviy iqtisodiyotning “qon tomiri” hisoblanadi. Iqtisodiyotda kredit tizimi ikkita asosiy vazifani bajaradi – iqtisodiy o‘sish katalizatori hamda inqiroz va inflyatsiya richagi.

Kredit tizimi iqtisodiyotga bir necha yo‘l orqali ta’sir qiladi. Kreditlar biznesga ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalar sotib olish va investitsiya qilish imkonini berib, YaIMning o‘sishiga xizmat qiladi. Yangi korxonalar va loyihalar esa ish o‘rinlarini yaratadi. Ipoteka, avtokredit va iste’mol kreditlari aholining xarid imkoniyatini oshirib, talabni rag‘batlantiradi. Markaziy bank esa foiz stavkalari orqali kredit hajmi, pul massasi va inflyatsiyani boshqaradi.

Kredit tizimi to‘g‘ri boshqarilganda iqtisodiy mo‘jizalarga olib kelishi, nazoratdan chiqqanda esa global inqirozlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, 1950-yillarda AQShda ipoteka kreditlash tizimining kengayishi millionlab o‘rta sinf oilalarga uy-joy sotib olish imkonini berdi. Bu qurilish sektori, metallurgiya va maishiy texnika sanoatini portlash darajasida rivojlantirdi hamda AQSh o‘rta sinfining shakllanishiga asos bo‘ldi. Bundan tashqari, 1960-1980-yillarda Janubiy Koreya davlat va tijorat banklari kreditlarini aniq strategik eksportyor korxonalarga, masalan, Samsung, Hyundai, LG kabi kompaniyalarga arzon foizlarda yo‘naltirdi. Natijada agrar mamlakat qisqa muddatda global texnologiya va mashinasozlik gigantiga aylandi.

Ayrim sharoitlar esa teskari ta’sirga sabab bo‘lgan. Masalan, 2007-2008-yillarda AQShdagi banklar kredit to‘lash qobiliyati past bo‘lgan aholiga ommaviy ravishda ipoteka kreditlarini tarqatdi. Banklar ushbu kreditlarni yagona paketga jamladi va “qimmatli qog‘ozlar” ko‘rinishida butun dunyo moliyaviy tizimiga sotdi. Ko‘chmas mulk pufagi portlagach, ya’ni narxlar keskin tushib ketganda kreditlar qaytmadi va bu 2008-yilgi Global moliyaviy inqirozga olib keldi.

1980-yillarda Yaponiya banklari ko‘chmas mulk va aksiya garovlari evaziga haddan tashqari ko‘p va arzon kreditlar berdi. Bozor ko‘chmas mulk narxlarini asossiz oshirib yubordi. Pufak yorilgach, banklar yuz milliardlab dollarlik “muammoli kreditlar” bilan qoldi va mamlakat iqtisodiyoti 20 yildan ortiq davom etgan stagnatsiyaga (faollikning pasayishi) uchradi.

Теги :
Jamiyat