$
 12048.04
-51.14
 14062.47
-71.79
 153.28
-0.54
weather
+26
Кечаси   +14°

“Elektrxo‘r” sun’iy idrok: Dunyo qanday choralar ko‘rmoqda?

ai

Sun’iy intellekt tez rivojlanayotgani sari u talab qiladigan elektr miqdori ham keskin oshib bormoqda. Shu sabab yirik texnologiya kompaniyalari oddiy yechimlar bilan cheklanib qolmay, yangi elektr stansiyalari qurishni boshlab yuborishgan. Biroq bu stansiyalar qurilishi sekin kechayotgan bir paytda, sun’iy intellektni quvvatlash uchun tezroq va aqlliroq yechimlar talab etilyapti.

Xo‘sh, qanday qilib sun’iy intellekt uchun energiya muammosini tez va samarali hal qilish mumkin?

1. Elektr ishlab chiqarishdagi issiqlik bilan sovitish

Ma’lumotlar markazlarida serverlar ishlaganda juda ko‘p issiqlik chiqadi va uni sovitish uchun katta miqdorda elektr sarflanadi. Ba’zi markazlarda sovitish umumiy energiyaning deyarli yarmiga yaqin qismini oladi. Shu sabab sovitish masalasi muhim muammoga aylanmoqda. So‘nggi paytlarda ayrim markazlar elektrni tarmoqdan olish o‘rniga, uni o‘z joyida ishlab chiqara boshladi. Eng qizig‘i, elektr ishlab chiqarish jarayonida chiqadigan issiqlik ham foydaga ishlatilmoqda. Bu issiqlik yordamida maxsus sovitish tizimlari ishlaydi va serverlar sovitiladi. Natijada bitta tizim bir vaqtning o‘zida elektr ishlab chiqaradi va sovitishni ham ta’minlaydi. Bu usul orqali elektr tarmog‘iga tushadigan yuk kamayadi va tejalgan energiya sun’iy intellekt ishlashi uchun yo‘naltiriladi.

2. Yuqori kuchlanish orqali kam yo‘qotish

Elektr energiyasi yuqori kuchlanishda kamroq yo‘qotiladi, lekin kompyuterlar past kuchlanishda ishlaydi. Shu sabab elektr sun’iy intellekt chipiga yetib borguncha bir necha marta kuchlanishini o‘zgartiradi va har safar bir qismi yo‘qoladi. Endi ma’lumotlar markazlari bu muammoni hal qilishga harakat qilmoqda. Yirik texnologiya kompaniyalari 48 voltli yangi tizimga o‘tmoqda, bu esa simlardagi energiya yo‘qotilishini ancha kamaytiradi. Natijada bir xil elektr bilan ko‘proq sun’iy intellekt ishini bajarish mumkin bo‘ladi. Kelajakda esa yanada yuqori kuchlanishli tizimlar paydo bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, Nvidia 400 voltli tizimlarni sinab ko‘ryapti. Shu sabab yangi ma’lumotlar markazlari bu o‘zgarishlarga oldindan tayyorlanmoqda.

3. Serverlarni suyuqlik bilan sovitish

Ko‘p kompyuterlar hozirgacha havo bilan sovitiladi. Noutbuk va kompyuterlardagi ventilyatorlar shuning uchun shovqin qiladi. Ammo havo issiqlikni sekin chiqaradi va bu ko‘p energiya talab qiladi. Suyuqlik esa issiqlikni havoga qaraganda ancha tez va yaxshi olib ketadi. Masalan, qizigan idishni suvga solsangiz, u tezroq soviydi. Shu fikr asosida serverlarni maxsus suyuqlikka botirib sovitish usuli paydo bo‘lgan. Bu suyuqlik elektr tokini o‘tkazmaydi, shuning uchun qurilmalar xavfsiz ishlaydi. Bu usul bilan sovitilgan serverlar havo bilan sovitiladiganlarga qaraganda 30–50 foiz kamroq energiya sarflaydi. Natijada bir xil elektr bilan ko‘proq sun’iy intellekt ishlarini bajarish mumkin bo‘ladi. Shu sabab bugun yirik kompaniyalar aynan shu texnologiyaga tobora ko‘proq o‘tmoqda.

4. Ish vaqtini ko‘chirish va energiyani saqlash

An’anaviy ma’lumotlar markazlari deyarli doimiy ishlashi kerak bo‘ladi, chunki hatto qisqa uzilish ham katta muammo keltirib chiqarishi mumkin. Sun’iy intellektda esa ishlar ancha moslashuvchan. Katta modellarni o‘qitishni vaqtincha to‘xtatib, keyin yana davom ettirish mumkin va natija yo‘qolmaydi. Agar bitta server ishlamay qolsa, yuk avtomatik ravishda boshqasiga o‘tkaziladi. Mana shu moslashuvchanlik energiyani aqlliroq ishlatishga imkon beradi. Sun’iy intellekt markazlari ishlarni elektr ko‘p bo‘lgan paytlarga ko‘chirib, energiya kam bo‘lgan vaqtlarda yukni kamaytiradi. Bundan tashqari, energiyani saqlash ham yordam beradi. Masalan, kechasi sovuq suv yoki muz tayyorlanib, kunduzgi sovitishning bir qismini qoplaydi. Akkumulyatorlar esa elektr tarmog‘iga bosim tushganda ishga tushadi. Shu yo‘l bilan yirik texnologiya kompaniyalari bekorga ketadigan energiyadan foyda olmoqda. Natijada yangi elektr stansiyalari qurmasdan turib ham sun’iy intellekt uchun qo‘shimcha quvvat yaratish mumkin bo‘ladi.

5. Sun’iy intellektning o‘zi energiyani tejaydi

Sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini boshqarishda ham katta yordam bera oladi. Masalan, Google 2016-yilda sun’iy intellekt yordamida sovitish tizimini boshqarib, energiya sarfini 40 foizga kamaytirishga erishgan. Bugungi kunda bu yondashuv yanada kengaytirildi. Endi sun’iy intellekt nafaqat sovitishni, balki bo‘sh turgan serverlarni o‘chirishni, ish yukini oldindan bashorat qilishni va hatto butun markazning “raqamli nusxasi” orqali jarayonlarni hisoblashni ham boshqarmoqda. Bunday dasturiy yechimlarni tez joriy qilish mumkin va ular katta mablag‘ talab qilmaydi. Eng muhimi, ular yangi uskunalar o‘rnatmasdan turib ham quvvatni oshirish imkonini beradi.

Bugun Nvidia va Schneider Electric kabi yirik kompaniyalar, shuningdek Phaidra kabi startaplar sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan boshqaruv tizimlarini taklif qilmoqda. Bu tizimlar ma’lumotlar markazlarining samaradorligini yanada oshirmoqda.

Ayni paytda sun’iy intellektning tez o‘sishi elektr infratuzilmasining imkoniyatlariga borib taqalmoqda. Yangi elektr stansiyalari va uzatish tarmoqlari yetarli tezlikda qurilmayapti va yaqin yillarda ham bu muammo oson hal bo‘lmaydi.

Shu sabab samaradorlik “yashirin energiya manbai”ga aylanmoqda. Ya’ni, mavjud elektrdan oqilona foydalanish orqali qo‘shimcha gigavattlab quvvatni ishga solish mumkin. Eng muhimi, yuqorida sanab o‘tilgan usullar allaqachon amalda qo‘llanilmoqda. Ular ma’lumotlar markazlariga kelayotgan har bir kilovatt elektrdan yanada ko‘proq foyda olish imkonini bermoqda.

Meta atom energiyasiga o‘tmoqda

Sun’iy intellekt yildan yilga tobora ko‘proq elektr talab qilayotgani bois Meta kompaniyasi SI markazlarini quvvatlash uchun atom energiyasini tanlashga qaror qildi. Kompaniya AQShning Ohio shtatida qurilayotgan Prometheus nomli yirik sun’iy intellekt markazi uchun TerraPower, Oklo va Vistra bilan kelishuvlar imzoladi. Bu markaz 1 gigavatt quvvatga ega bo‘lib, taxminan 5 millionta uy iste’mol qiladigan elektrga teng energiya ishlatadi.

Meta’ning rejasiga ko‘ra, ushbu loyihalar 2035-yilgacha jami 6,6 gigavatt toza energiyani ta’minlaydi. Kompaniya bu orqali elektr tarmoqlarini barqarorlashtirish, atom energetikasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilgan. Ammo bir muammo bor. Sun’iy intellekt markazlari juda tez ko‘paymoqda, yangi elektr stansiyalarining qurilishi esa juda sust.

Yangi elektr stansiyasi yoki uzatish tarmog‘ini qurish juda qimmat va ko‘p vaqt talab qiladi. Masalan, AQShda gaz turbinalariga buyurtmalar allaqachon 2030-yillargacha band qilingan. Elektr uzatish liniyasiga ruxsat olishning o‘zi 10–15 yil davom etishi mumkin. Bu vaqt ichida esa sun’iy intellektga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshib boradi.

O‘zbekistonda SI texnologiyalarini joriy qilishda yangi bosqich

O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt sohasini tizimli rivojlantirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinmoqda. Xususan, 2025-yilning 21-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda sun’iy intellektni iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, ta’lim, tibbiyot va energetikada keng joriy etish vazifalari belgilandi. O‘tgan yili “Sun’iy intellektni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlandi va qisqa vaqt ichida 30 dan ortiq pilot loyiha ishga tushirildi.

Natijada O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro reytingda bir yil ichida 17 pog‘ona yuqorilab, Markaziy Osiyoda yetakchi o‘ringa chiqdi. Endilikda vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish uchun mas’ullar belgilanadi, superkompyuterlar va data-markazlar soni oshiriladi. Bu yil 50 million dollar evaziga 16 ta superkompyuter xarid qilinadi, kelgusi yilda mablag‘ ikki baravar ko‘paytiriladi.

Shuningdek, sun’iy intellekt infratuzilmasiga yirik sarmoya kiritgan investorlar uchun elektr energiyasi va soliq bo‘yicha imtiyozlar joriy etiladi, kadrlar tayyorlash maktabdan boshlab kuchaytiriladi.

Теги :
Jamiyat