$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Yomon ekologiya mehnat unumdorligining pasayishiga sabab bo‘ladi

mEHNAT

Inson hayotining tabiat bilan uzviy bog‘liqligi minglab yillar oldin o‘z isbotini topgan haqiqat. Tabiatdagi har bir hodisa, voqea va jarayonlar inson hayotiga bevosita ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

Shuning uchun bugungi kunda tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uni asrab-avaylash va u bilan uyg‘un holda yashash eng dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Eng muhimi, tabiatga muhabbat tuyg‘usini yoshlar ongiga qadriyat sifatida singdirish darkor. Zotan, tabiatni asrash insoniyatni asrash, demakdir va buni bir qonun, tashkilot yoki dastur bilangina emas faqat chuqur singdirilgan kundalik qadriyat darajasida amalga oshirish mumkin. 

Atrof-muhit holati mehnat unumdorligiga ta’sir qiladi

Atrof-muhit omillarining aholi salomatligi va mehnat unumdorligiga ta’siri o‘nlab yillar davomida tadqiqot mavzusi bo‘lib kelgan. Iqtisodiy nuqtayi nazardan, sog‘lom aholi va ishchi kuchi farovonligi mehnat unumdorligini oshiradi, ishchilarning vaqtincha nofaolligi bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytiradi va oxir-oqibat aholining moliyaviy farovonligini yaxshilaydi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari ekonometrik yondashuv asosida tabiat bilan uyg'unlik va aholi jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM) o'rtasidagi bog'liqlikni tahlil qildi.

153 milliard dollar zarar

Ko‘pgina xorijiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, xodimlarning jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilash moliyaviy holatga ijobiy ta’sir qiladi. Yaxshi kayfiyatga ega sog‘lom xodimlar ko‘proq ishchanlik qobiliyatiga ega bo‘lib, qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishlarni bajarishi mumkin. Aksincha, yomon ekologik muhit va tabiat bilan uyg‘unlikning yo‘qligi nafas yo‘llari (havo sifatining pastligi sababli) va ichak kasalliklarining (suv va oziq-ovqat sifati pastligi sababli) tarqalishiga olib kelishi mumkin. Gallap tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, nosog‘lom ishchilar korxonalarga yiliga dunyo bo‘yicha o‘rtacha 153 milliard dollar zarar keltiradi. 

Salomatlik va foyda

MHTI mutaxassislari ushbu tahlillarni olib borishda Jahon bankining 169 ta mamlakatga oid ma’lumotlaridan foydalandi. Bu ko‘rsatkichlar aholi jon boshiga CO2 emissiyasi va RM2.5 miqdori (m3 ga to‘g‘ri keluvchi mikron hajmi), suv taqchilligi va tabiiy o‘rmonlar (million m3) atrof-muhit sharoitlari uchun proksi o‘zgaruvchilar sifatida foydalanildi. Regressiya modeli natijalariga ko‘ra, nafas yo‘li kasalliklari bilan bog‘liq o‘limning 10 kishiga (100 000 aholiga) ko‘payishi aholi jon boshiga YaIMni (2015-yil narxlarida) 631,2 dollarga kamaytiradi. Nafas yo‘li kasalliklarining tarqalishiga tabiatdagi ifloslanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan RM2.5 ning ta’siridir. RM2.5 emissiyasining 1 mikronga kamayishi (m3 maydonga) nafas yo‘li kasalliklari tufayli o‘limni 2-3 kishiga (100 ming kishiga ) kamaytirish imkonini beradi.

Tabiatni asrang!

Mutaxassislar atrof-muhitga siz ham ta’sir qilishingiz mumkinligini yodda tuting, deya ogohlantiradi. Kundalik iste’molingizni nazorat qiling va resurslardan qayta foydalanishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab quvvatlang. Vaqtingizning ma’lum bir qismini tabiat qo‘ynida o‘tkazing, uning go‘zalligini qadrlang va undagi nozik muvozanatni asrang.