$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi daraxtkushlar 5 baravar ko'p jarima to'laydi

bolta

Odatda jarimalar oshirilishi jamoatchilik orasida noroziliklarga sabab bo'ladi, ammo ushbu chora daraxt kesganlar uchun qo'llanilishi odamlarga ham birdek foydali. Negaki, havo ifloslanishi ham, chang bo'ronlari-yu, allergik kasalliklar ko'payishiga ham mana shu daraxtlarga qirg'in, yashil makonlarning kamayishi sabab edi. Endi "dom" qurish uchun daraxtlarni kesib, jarimasini ham to'lab, to'langanidan 10 karra ko'proq daromat qiladigan ayrim "tadbirkor"larning tanobi tortiladi.

17 milliondan 25 million so'mgacha jarima

Kuni kecha “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonunga asosan, daraxtlarni kesish yoki shikast yetkazganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazgan fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha — 8 million 500 ming so‘mdan 17 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha), mansabdor shaxslar esa BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha) jarimaga tortiladi.

Yana qayta sodir etilsa...

Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli boʻlgan ashyo yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi musodara qilinib, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha, ya'ni 25 million 500 ming so‘mdan 34 million so‘mgacha (shu paytga qadar BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar ham javobgarlikka tortiladi

Bundan tashqari, MJtKning 79-moddasi to‘rtinchi qism bilan to’ldirildi. Unga ko‘ra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha, ya'ni 17 million so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi. 

Shu bilan birga, "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi Qonun 49(1) va 49(2)-modda bilan to‘ldirildi. Ya'ni davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini g'ayriqonuniy ravishda kesganlik, yo'q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (34 million so‘mdan 102 million so‘mgacha) miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiyalar qo'llaniladi.

Qonun 2024-yilning 1-mart sanasidan kuchga kirdi.