$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Yomgʻir suvini toʻplash qanchalik samarali?

yomg

Bugun yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Global iqlim oʻzgarishi natijasida soʻnggi 50-60 yil davomida birgina Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. 

Shu bilan birga, Oʻzbekiston “Suv stressi”dan aziyat chekayotgan davlatlar reytingida 164 mamlakat orasida 25-oʻrinni egallagan. Bu “yuqori” darajada suv tanqisligiga uchragan davlatlar qatoridamiz deganidir.

Mana shunday sharoitda mavjud suv manbalaridan, jumladan qor va yomgʻir suvlaridan samarali foydalanish eng maqbul yechimlardan biri hisoblanadi.Bu haqidagi xabarni Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Abdushukur Xamzayev oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida joylagan.

1 kvadrat metr tom sathidan – 186 litr!

Mamlakatimizda yogʻingarchilikning oʻrtacha yillik hajmi 186 mm.ni, xususan, mamlakatning adir va togʻoldi qismlarida 300-550 mm.ni tashkil etadi. Togʻli hududlarda esa yanada yuqori – 800-900 mm.gacha yetib, 70-90 kungacha yogʻingarchilik kuzatiladi. 

Hisob-kitoblarga koʻra, 1 kvadrat metr tom sathidan oʻrta hisobda 186 litrga teng yomgʻir suvini toʻplash mumkin.

71 litrgacha suvni tejash mumkin

Yomgʻir suvidan foydalanib, bir kishi kuniga oʻrtacha 71 litrgacha ichimlik suvni tejashi mumkin. Hozir, bir kishining kunlik oʻrtacha suv sarfi 130 litrni tashkil etadi. 

Agar biz hozir toza ichimlik suv sarflayotgan ishlab chiqarish jarayonlari, maishiy, uy-xoʻjaligi, avtomobillarni yuvish kabilar yogʻingarchilik suvi hisobidan boʻlsa, mamlakat boʻyicha sezilarli miqdorda toza ichimlik suv tejaladi.

Xorij tajribasi qanday?

Misol uchun, Turkiyada 2 ming kvadrat metrdan ortiq koʻp qavatli uylar hamda yangi qurilayotgan binolarda yomgʻir suvini yigʻish tartibi belgilangan. 

Germaniyada Frankfurt aeroportida yigʻilgan yomgʻir suvi aeroportning koʻkalamzorlashtirilgan hududlarining 60 foizini sugʻorish va texnik suv oʻrnini qoplash imkonini beradi. 

Avstraliyada yomgʻir suvi shaharlarda 9 foiz, shahardan tashqarida 63 foiz suvga boʻlgan talabni qondiradi.

Shu bois, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizda yomgʻir suvlaridan foydalanish tizimini joriy etish boʻyicha dastur qabul qilishni taklif etadi. Partiyamiz bu boradagi takliflarini ishlab chiqib, Hukumatga taqdim etadi, deyiladi xabarda.