$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir niholdan boshlangan inqilob: Dunyoni o‘zgartirgan yashil tashabbuslar

tree

Har qanday katta o‘zgarish birinchi qadamdan boshlanadi. O‘rmon ham, aslida, bitta daraxtdan boshlanadi. Bugun dunyoning turli burchaklarida millionlab gektar yashil hududlar, milliardlab ekilgan daraxtlar va tiklangan ekotizimlar haqida gapirilmoqda. Ammo bu ulkan natijalarning aksariyati dastlab oddiy g‘oya, kichik tashabbus yoki bir insonning qat’iy qarori bilan boshlangan.

O‘zbekistonning “Yashil makon” umummilliy loyihasi ham shunday tashabbuslardan biri. Bir necha yil avval boshlangan harakat bugun mamlakatdagi eng yirik ekologik kampaniyalardan biriga aylandi. Dunyoda esa Keniya, Hindiston, Pokiston va Efiopiya tajribalari kichik qadamlar qanday qilib butun jamiyatni harakatga keltirishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi.

Keniya: bir guruh ayol ekkan nihollar

1977-yilda Keniyada yosh olima va ekolog Wangari Maathai qishloq ayollarining kundalik muammolariga e’tibor qaratdi. O‘rmonlarning kesilishi sabab suv manbalari kamayib, tuproq eroziyaga uchragan, odamlar esa yoqilg‘i uchun o‘tin topishda qiynalayotgan edi.

U muammoni murakkab loyihalar bilan emas, oddiygina daraxt ekish taklifi bilan hal qilishga urindi.

Shu tariqa Green Belt Movement harakati vujudga keldi. Dastlab bir necha qishloq ayollari ishtirok etgan tashabbus keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Ayollar ko‘chat yetishtirdi, daraxt ekdi va ularga g‘amxo‘rlik qildi. Yillar davomida ushbu harakat 50 milliondan ortiq daraxt ekilishiga sabab bo‘ldi. Eng muhimi, loyiha ekologiyani himoya qilish bilan birga minglab ayollarning moliyaviy mustaqil bo‘lishiga imkon yaratdi. Bugun Wangari Maathai nomi ekologiya tarixida nafaqat daraxt ekkan inson, balki ekologiyani ijtimoiy adolat bilan bog‘lay olgan shaxs sifatida tilga olinadi.

Hindiston: belkurakdan boshlangan inqilob

Ba’zan bitta inson harakati butun davlat dasturidan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

1979-yilda Assam shtatida yashovchi Jadav Payeng Brahmaputra daryosi bo‘yidagi qumloq hududda yuzlab ilonlarning jaziramada nobud bo‘lganini ko‘radi. Ularni daraxt soyasi yo‘qligi halok qilgan edi. Bu manzara yosh yigitni larzaga soldi. Payeng o‘sha kuni bir nechta bambuk ko‘chatini ekdi. U ertasi kuni ham, keyingi haftada ham, keyingi yilda ham daraxt ekishda davom etdi. O‘nlab yillar davom etgan mehnat natijasida ilgari qumloq bo‘lgan hudud ulkan o‘rmonga aylandi. Bugungi kunda “Molai o‘rmoni” deb ataladigan bu hudud yuzlab gektarni egallaydi va unda fillar, bug‘ular, karkidonlar hamda boshqa ko‘plab hayvonlar yashaydi.

Payengning hikoyasi dunyoga bir haqiqatni eslatdi: ba’zan ekologik inqiloblar parlamentlarda emas, belkurak tutgan bir inson qo‘lida boshlanadi.

Pokiston: bir milliard daraxt sari yo‘l

2014-yilda Pokistonning Xaybar Paxtunxva viloyatida daraxt ekish dasturi boshlandi. Dastlab maqsad o‘rmonlarni tiklash va ekologik muammolarni kamaytirish edi. Ko‘pchilik bu loyihani navbatdagi qisqa muddatli kampaniya deb o‘ylagan. Ammo, natija kutilganidan ancha katta bo‘ldi. “Billion Tree Tsunami” loyihasi qisqa muddat ichida milliard daraxt ekish ko‘rsatkichiga erishdi. Keyinchalik tashabbus butun mamlakat miqyosiga kengaytirilib, “Ten Billion Tree Tsunami” dasturiga aylantirildi. Loyiha faqat daraxt ekish bilan cheklanib qolmadi. Minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi, mahalliy aholi jarayonga jalb qilindi va degradatsiyaga uchragan yerlar qayta tiklandi. Sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari ham ayrim hududlarda o‘rmon maydonlari kengayganini qayd etdi. Pokiston tajribasi davlat siyosati va jamoatchilik ishtiroki birlashganda ekologik natijalar qanday tez yuzaga chiqishini ko‘rsatdi.

Efiopiya: ekologik tadbirdan milliy g‘oyaga

Afrikaning yana bir davlati Efiopiya ham dunyoni hayratda qoldirgan. Mamlakatda boshlangan Green Legacy Initiative dasturi dastlab ekologik muammolarga javob sifatida yo‘lga qo‘yilgan edi. Keyinchalik u milliy harakatga aylandi. Davlat idoralari, talabalar, fermerlar va ko‘ngillilar birlashib, tarixdagi eng yirik daraxt ekish aksiyalaridan birini amalga oshirdi. Bir kunning o‘zida yuz millionlab ko‘chatlar ekilgani haqida ma’lumotlar e’lon qilindi. Bu yerda eng qiziq jihat raqamlarda emas. Muhimi, butun mamlakatning bir maqsad atrofida birlashganidadir. Daraxt ekish oddiy ekologik tadbirdan milliy g‘oyaga aylandi.

 “Yashil makon”: bir tashabbusdan umummilliy harakatgach

2021-yilda O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishga tushirildi. Loyihaning asosiy maqsadi mamlakatda yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanish va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishdan iborat edi. Dastlab bu tashabbus ko‘chat ekish aksiyasi sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan u butun mamlakat bo‘ylab ekologik harakatga aylandi.

Loyiha doirasida har yili yuzlab million daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, uzoq muddatda esa 1 milliard daraxt ekish maqsadi belgilangan. Shuningdek, mamlakatdagi yashil hududlar ulushini sezilarli oshirish rejalashtirilgan. Bugun maktab o‘quvchisidan tortib davlat xizmatchisigacha, tadbirkordan tortib mahalla faollarigacha minglab odamlar daraxt ekish aksiyalarida qatnashmoqda. Ko‘chat ekish oddiy ekologik tadbir emas, balki fuqarolik mas’uliyatining bir ko‘rinishiga aylanib bormoqda.

Aslida, “Yashil makon”ning eng katta yutug‘i ekilgan daraxtlar sonida emas. Uning asosiy natijasi odamlarning ekologik madaniyatini o‘zgartirishga urinayotganida. Chunki har qanday yashil siyosat avvalo inson ongida boshlanadi.

Keniyada bir guruh ayol, Hindistonda bir inson, Pokistonda bir viloyat dasturi, O‘zbekistonda esa umummilliy tashabbus. Ularning barchasini birlashtiradigan jihat bor – hech biri birdaniga ulkan loyiha sifatida boshlanmagan. Har bir o‘rmon bir daraxtdan boshlanadi. Har bir katta harakat esa birinchi qadamdan. Bugun ekilgan ko‘chat esa o‘nlab yillardan keyin millionlab insonlar nafas olayotgan havoning bir qismiga aylanishi mumkin.

Теги :
Jamiyat