$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Dollarning qadri tushyapti: Dunyo valyutalari esa rekord darajada mustahkamlanmoqda

dollar

So‘nggi paytlarda dunyoning ayrim valyutalari AQSh dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Ba’zilari hatto ikki xonali foizlarda o‘sishga erishdi. Bunga kapital oqimlarining o‘zgarishi, pul-kredit siyosati bo‘yicha yangi kutilmalar va ayrim mamlakatlar iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar sabab bo‘lmoqda. Biroq hamma valyutalarda ham ko‘rsatkichlar bir xil emas.

Xo‘sh, qaysi davlatlarning valyutalari dollarga nisbatan mustahkamlanib bormoqda? Buning sababi nima?

Dollarga nisbatan eng ko‘p mustahkamlangan valyutalar

Terzo bilan hamkorlikda tayyorlangan grafikda yillik yalpi ichki mahsuloti 250 milliard dollardan ortiq bo‘lgan davlatlar ko‘rib chiqildi. Natijada so‘nggi bir yil ichida bir qator valyutalar dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlangani ma’lum bo‘ldi.

Eng katta o‘sishni Isroil shekeli ko‘rsatdi. U bir yil ichida dollarga nisbatan 20,2 foizga mustahkamlangan. Isroil Markaziy banki rahbarining aytishicha, bunga mamlakat iqtisodiyotining mojarolar fonida ham barqaror bo‘lib qolayotgani va eksportning yaxshi natija ko‘rsatayotgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Isroilga katta hajmda xorijiy investitsiyalar kirib kelayotgani ham shekelga talabni oshirgan.

Kolumbiya pesosi ham dollarga nisbatan 19,7 foizga kuchaygan. Janubiy Afrika randi va Meksika pesosi esa 16,4 foizga o‘sdi. Mutaxassislar buni AQShga qaraganda yuqoriroq foiz stavkalari, rekord darajadagi xorijiy investitsiyalar va turizm sohasining tez rivojlanayotgani bilan izohlamoqda.

Shuningdek, Avstraliya dollari 14,8 foizga, Braziliya reali 14,5 foizga, Nigeriya nairasi 13,5 foizga, Norvegiya kronasi 12,7 foizga, Qozog‘iston tengesi 12,3 foizga va Malayziya ringgiti 11,2 foizga mustahkamlangan.

Nega AQSh dollari zaiflashmoqda?

Ko‘plab valyutalarning kuchayishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri dollarning o‘zi zaiflashayotganidir. Tahlilchilarning aytishicha, bunga AQSh hukumatining ayrim siyosiy qarorlari atrofidagi noaniqlik ham ta’sir qilgan.

Bundan tashqari, 2025-yil boshida Federal rezerv tizimi foiz stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi kutilmalar ham dollarning qiymatini tushirdi. Natijada investorlar yuqoriroq daromad izlab boshqa mamlakatlar bozorlariga ko‘proq e’tibor qaratishni boshladi.

Bu global bozorlar uchun nimani anglatadi?

Dollar zaiflashganda dunyo bo‘ylab savdo va pul oqimi ham o‘zgaradi. Masalan, dollar arzonlashsa, AQSh mahsulotlari boshqa mamlakatlar uchun arzonroq bo‘lib qoladi. Bu esa amerikalik eksportchilar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, valyutasi kuchli bo‘lgan boshqa mamlakat kompaniyalari AQSh mahsulotlari bilan raqobat qilishda qiyinchilikka duch kelishi mumkin.

Investorlar uchun ham zaif dollar ayrim imkoniyatlarni yaratadi. Boshqa mamlakatlarda qilingan investitsiyalar katta o‘sish ko‘rsatmasa ham, valyuta kursi o‘zgargani sabab AQSh dollariga qayta hisoblanganda qiymati yuqoriroq bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

Bozorlar tez o‘zgarib turadigan paytda aniq va tezkor ma’lumot juda muhim. Shu sabab moliya sohasida sun’iy intellektga asoslangan yangi tizimlar paydo bo‘lib, murakkab ma’lumotlarni tez tahlil qilish va investorlar uchun to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam bermoqda.

Теги :
Jamiyat