$
 12199.10
30.12
 14585.24
-2.93
 160.49
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Dollar kursi 6 700 so‘mga tushib ketdimi?

Dollar

Tonggi ma’lumotlarga koʻra, Google qidiruv tizimida 1 AQSh dollari 6 778 so‘mga tushib ketgani koʻrsatilmoqda. Dollar kursi oshsa, pista-yu qurtning narxi oshadigan Oʻzbekiston sharoitida soʻmning birdaniga 50% mustahkamlanishi reallikka qanchalar yaqin?

Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat turli muhokamalarga, hatto ayrim soddaroq vatandoshlarimiz orasida vahimaga (kimdadir xursandchilikka) sabab bo‘layotganini ko‘ryapmiz.

Keling, vaziyatga oydinlik kiritamiz va hammasini iqtisodiy mantiq bilan tahlil qilamiz.

Bu rostmi?

Qisqa qilib aytganda: YO‘Q, BU HAQIQAT EMAS.

O‘zbekiston valyuta bozorida hech qanday keskin o‘zgarish sodir bo‘lgani yo‘q. Dollar kursi kechagi va bugungi kunda ham o‘zining barqaror koridorida — 12 000 so‘m atrofida turibdi.

Unda nega Google bunaqa ko‘rsatyapti?

E’tibor bersangiz, Google taqdim etgan grafikda kurs sekin-asta emas, balki “to‘g‘ri chiziq” bo‘lib, vertikal ravishda pastga qulagan. Bozor iqtisodiyotida bunaqasi bo‘lmaydi.

Gap shundaki, Google o‘zi valyuta kursini belgilamaydi. U shunchaki axborot agregatori hisoblanadi. Google valyuta kurslari haqidagi ma’lumotlarni “Morningstar” kabi xalqaro moliya provayderlaridan avtomatik tarzda tortib oladi.

Ba’zida bunday provayderlarning serverlarida texnik nosozlik yuz beradi yoki ular yanglishib eski yillardagi (masalan, 2017-yildagi) arxiv ma’lumotlarini “jonli yangilanish”ga uzatib yuborishadi. Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Avvalroq Google xuddi shunday xatolik bilan Turkiya lirasini ham mutlaq “qulagan” deb ko‘rsatgan edi, keyinroq bu xatolik to‘g‘rilangan.

Iqtisodiy tomondan bu mumkinmi?

Keling, hissiyotlarni yig‘ishtirib, mantiqqa yuzlanamiz. Milliy valyutaning bir kechada salkam 50 foizga mustahkamlanishi (yoki dollarning 2 baravar arzonlashishi) iqtisodiy jihatdan apokalipsis bilan teng.

Agar bu rost bo‘lganda nima bo‘lardi?

 * Bizning gilos, to‘qimachilik mahsulotlari yoki metallarimiz chet elda 2 baravar qimmatlashib ketardi va ularni hech kim sotib olmay qo‘yardi. Minglab tadbirkorlar bankrot bo‘lardi. Eksportimiz shunchaki “oʻlardi”.

 * Oltin va boshqa resurslar eksportidan keladigan tushumlar keskin kamayib ketardi.

Davlat va Markaziy bank hech qachon kursning bunday keskin “sakrashi”ga (xoh tepaga, xoh pastga) yo‘l qo‘ymaydi. Chunki bu Davlat byudjeti uchun katta zarardir. Bizda “suzuvchi kurs” siyosati amal qiladi, lekin bu "palapartish kurs" degani emas.

Rasmiy ma’lumot qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining (cbu.uz) rasmiy saytiga kirsangiz, hammasi joyida ekanini ko‘rasiz. 30-yanvar holatiga ko‘ra rasmiy kurs 12 199 so‘m.

Tijorat banklari ilovalarida ham dollar sotish va sotib olish kursi 12 190 – 12 125 so‘m oralig‘ida. Hech qaysi bank sizga 6 700 so‘mdan dollar sotmaydi, bu aniq.

Теги :
Jamiyat