$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Bu yil deputatlar “qishki uyqu”ga ketishmadimi?

deputat amaldor

So‘nggi saylovlardan keyin deputatlar faolligida sezilarli o‘zgarish kuzatilmoqda. Ijtimoiy va iqtisodiy masalalarda qator deputatlik so‘rovlari yuborilmoqda, bu jamiyatdagi haqli e’tirozlar va noroziliklarni hal qilishga urinish sifatida qaralmoqda. Ammo bu faollikning natijalari qanchalik samarali?

Bir qator muhim masalalar yuzasidan so‘rovlar yuborilgan

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, so‘nggi haftalarda bir qator muhim masalalar yuzasidan so‘rovlar yuborilgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha natijalar jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.

Masalan:

 1. Nodavlat oliygohlar uchun 4% “ixtiyoriy soliq” masalasi bo‘yicha so‘rov yuborilgan, ammo natijalar ochiqlanmagan.

 2. Farg‘onadagi AYQShda yuz bergan avariya yuzasidan aniqlik kiritish uchun deputat so‘rovi yuborildi, ammo bunday vaziyat qaytarilmasligi uchun qanday choralar ko‘rilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

 3. Propan narxining ikki baravar oshishi bilan bog‘liq deputatlik so‘rovlari hali natija bermagan.

Byurokratik to‘siqlar

Bakirov deputatlik so‘rovlari ko‘p hollarda “otpiska”ga aylanib qolayotganini tanqid qildi. Unga ko‘ra, byurokratiya vaqtni cho‘zish orqali muammolarni jamoatchilik e’tiboridan chetlatishni mahorat bilan o‘ynaydi. Masalan, energetika yoki transport kabi sohalarda deputatlik so‘rovlariga maxsus yopiq konvertda javoblar berilishi hollari uchrab turadi. So‘rovlarga qanday javob berilgani, qanday ko‘rinishda berilgani, so‘rovdan keyin nima o‘zgargani byurokratik pardalar ortida qolib ketaveradi. “Shu bilan qarabsizki, qachonlardir ko‘tarilgan og‘riqli muammo ijtimoiy xotiradan so‘nadi. Vaqt o‘tib aktualligi yo‘qolmasada, jamoaviy qo‘l siltanadi. Byurokratiya buni juda yaxshi bilgani uchun ko‘p foydalanadi ham,” — deb yozmoqda iqtisodchi.

Nima qilish kerak?

Bakirov deputatlar faqat so‘rov yuborish bilan cheklanmasliklari kerakligini ta’kidlamoqda. Rezonansli masalalarda mas’ul rahbarlarni parlamentga chaqirish, jonli efirda savol berish va hisob talab qilish amaliyotini joriy qilish zarur. Bu nafaqat muammolarni hal qilishga, balki jamiyat oldida mas’uliyatni oshirishga ham xizmat qiladi. “Shu ma’noda deputatlarimiz so‘rov yuborish bilan cheklanmay, rezonansli va og‘riqli muammolar ko‘tarilganida mas’ul vazir va rahbarlarni parlamentga chaqirish, jonli efirda savol qo‘yish, hisob va hisobot so‘rashni boshlash samaraliroq bo‘lardi. Konstitutsiya siz deputatlarga shunday vakolat bergan,” — deydi u.

Теги :
Jamiyat