$
 12128.02
29.9
 14419.00
65.79
 158.52
-0.12
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston hali boy bo‘lmasdan turib, qarish xavfiga uchrashi mumkin

demografiya

Nega O‘zbekistonda tug‘ilish kamaymoqda? Bu odamlarning tanlovimi yoki demografik majburiyat? Va bu jarayon 15–20 yildan keyin iqtisodiyotimizga qanday zarba berishi mumkin? Jurnalist Laziz Hamidov ushbu mavzuni tahlil qildi.

Bir soatda 104 nafar bola tugʻiladi

Rasmiy statistikaga qaraydigan boʻlsak, Oʻzbekistonda hali tabiiy oʻsish saqlanib turibdi. Bir soat ichida mamlakatda oʻrtacha 104 nafar bola tugʻiladi, taxminan 26 kishi vafot etadi. 2023-yilning dastlabki toʻqqiz oyida yurtimizda 664 600 nafar bola tugʻilgan. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 29 000 ga kam. Vafot etganlar soni esa 132 200 kishini tashkil etgan. Aholi soni 2025-yil oxirida 38 milliondan oshgan. Lekin tugʻilishning yigʻindi koeffitsiyenti, yaʼni bir ayolga oʻrtacha farzandlar soni 2023-yildagi 3,5 atrofidan 2024–2025-yillarda 3,3, 3,4 darajasiga tushib borayotgani kuzatilmoqda. Nikohlar soni ham 15 yillik eng past darajada, yiliga 270 000-280 000 atrofida. Ajralishlar esa biroz oshgan.

Iqtisodiy moʻjiza sodir boʻlishi uchun asosiy toʻsiq

Iqtisodchilar Oʻzbekistonda iqtisodiy moʻjiza sodir boʻlishi uchun asosiy toʻsiqni aynan tugʻilishlar keskin tushib ketayotgani bilan ham bogʻlash mumkinligi haqida gapirishmoqda. Ularning BMT hisobotiga tayanib yozishicha, hozirgi tugʻilish darajasi 3,49 atrofida boʻlsa, keyingi 30 yil ichida bu koʻrsatkich 2,46 gacha pasayishi kutilmoqda. Yaʼni, 2050-yillarga kelib, bizning farzandlar avlodida oilalar yanada kichiklashadi. Eng muhimi, 2079-yildan boshlab tugʻilish darajasi 2,1 dan, yaʼni aholining oʻrnini bosish darajasidan pastga tushishi prognoz qilinmoqda. Bu chegara oʻtib ketgach, tabiiy oʻsish minusga oʻtadi. Yaʼni, har yili vafot etganlar soni tugʻilganlardan koʻra koʻproq boʻla boshlaydi. Aslida, Oʻzbekistondagi vaziyatni Yaponiya yoki Janubiy Koreya bilan tenglashtirish notoʻgʻri boʻladi. Bizda muammo ayollarning kam tugʻilishida emas, balki tugʻish yoshidagi ayollar sonining kamayishidadir. Bu 90-yillarda, yaʼni dadam davridagi kam tugʻilishlarning bugungi aksidir.

Dunyo bu bosqichdan qanday oʻtyapti?

Bu jarayon nimaga olib borishini tushunish uchun hozir dunyodagi boshqa davlatlar bu bosqichdan qanday oʻtayotganini koʻrib chiqish juda ham muhim. Yaponiyada tugʻilish darajasi 1,2 atrofida. 2005-yildan beri mamlakatda oʻlimlar tugʻilishdan koʻp. Natijada Yaponiya har yili taxminan 1 million aholini yoʻqotyapti. Aholining qariyb uchdan biri esa 65 yoshdan oshgan. Bu maktablar soni qisqarishi, mehnat bozorida ishchi kuchi tanqisligi va pensiya hamda tibbiyot xarajatlarining ortishida namoyon boʻlmoqda. Janubiy Koreyada esa vaziyat yanada keskin. Mamlakat boʻyicha tugʻilish koeffitsiyenti 0,8, ayrim shahar-tumanlarda esa 0,3 ga tushgan. Ayrim tumanlarda 40 000-50 000 aholisi boʻla turib, yiliga 100 nafarga yetmagan chaqaloq tugʻilyapti. Neonlar yonib turadi, biznes ishlaydi, ammo kelajak avlod ancha kam. Xitoyda esa demografik inqiroz boshqa koʻrinishda namoyon boʻlyapti. 2016-yilda 18 million boʻlgan tugʻilishlar 2023-yilga kelib 9,5 millionga tushdi. Bu aholi sonining tabiiy qisqarishini boshlab berdi. Ayrim shaharlarda yangi qurilgan turar joylar bor, lekin ularni xarid qiladigan yosh oilalar kamayib bormoqda. Maktablarda oʻquvchilar soni tushyapti, bozor esa qariyalar, kam isteʼmol qiluvchi aholiga moslashyapti. Demografiya iqtisodga qanday taʼsir qilishini bu joyda yaqqol koʻrish mumkin.

Pensiya tizimiga bosim ortmoqda

Ular rivojlanib ulgurganidan soʻng bu muammo bilan yuzlashdi. Biz esa rivojlanish bosqichidayoq tugʻilishning kamayishiga duch kelyapmiz. BMT prognoziga koʻra, bundan buyogʻiga Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida tugʻilish darajasi bosqichma-bosqich pasayib boradi. Masalan, Turkmanistonda fertillik darajasi 2053-yilda, Qirgʻizistonda 2061-yilda, Tojikistonda 2068-yilda va Qozogʻistonda 2075-yilda aholini tiklash chegarasi hisoblangan 2,1 koʻrsatkichidan pastga tushishi kutilmoqda. Bu jarayon Rossiyada ham yaqqol koʻrinadi. Rosstat maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi olti yilda Rossiyada har yili tugʻiladiganlar soni vafot etganlar sonidan kam boʻlib kelmoqda. Mamlakat aholisi tabiiy ravishda qisqaryapti. 2023–2024-yillarda Rossiyada tugʻilishlar 1,2, 1,3 darajasiga tushib ketgan. Bu aholining oʻzini tiklash uchun kerak boʻlgan 2,1 dan ancha past. Natijada Rossiya ham Yaponiyaga oʻxshash tinch demografik inqiroz fazasiga kirib boʻldi. Iqtisodiyot ishchi kuchi yoʻqotyapti, pensiya tizimiga bosim ortib bormoqda.

Choralar

Hukumat demografik bosim fonida odamlarning shaxsiy hayotigacha kirib boradigan choralarga oʻta boshladi. Masalan, rasmiylar oxirgi yillarda ochiqdan-ochiq oilaviy qadriyatlarni targʻib qilish, erkaklarni spirtli ichimliklar, kompyuter oʻyinlari va tasodifiy hayot tarzidan voz kechib, oila va farzandli boʻlishga chaqirishni boshladi. Yosh oilalarda imtiyozli ipoteka, ikkinchi va uchinchi farzand uchun qoʻshimcha subsidiyalar, bolali oilalarga uy-joy ajratish dasturlari kengaytirilmoqda. Yaponiya va Janubiy Koreyada esa davlat nikoh saytlari ochmoqda, yoshlarni tanishtirish tadbirlarini tashkil qilyapti. Hatto ayrim shaharlarda ish beruvchilardan xodimlarni ertaroq uyga joʻnatish talab qilinyapti. Maqsad bitta: odamlarga oila qurish va farzandli boʻlish uchun vaqt qoldirish. Yevropa davlatlari ham demografik jihatdan tez qarib bormoqda. Italiya, Gretsiya, Portugaliya, Litva va Polsha kabi mamlakatlarda bir ayolga toʻgʻri keladigan farzandlar soni 1,1–1,4 atrofida. Bu degani, har bir yangi avlod oldingisidan taxminan 40 foiz kichik, kam. Masalan, Italiyada aholining qariyb 25 foizi 65 yoshdan oshgan. Iqtisodiyot esa yosh isteʼmolchilar va ishchi kuchisiz qolmoqda.

Yevropa bu boʻshliqni migratsiya orqali toʻldirishga urinmoqda. Ammo migrant oilalar ham bir-ikki avloddan keyin mahalliy aholiga oʻxshab kam farzandli boʻlib boradi. Masalan, Germaniyada turk diasporasi nemislarga qaraganda koʻproq tugʻadi, taxminan 1,8 ga 1,3. Lekin ularning har biri keyingi avlod tugʻilishida tez pasayib, nemis jamiyatiga moslashgan sari deyarli bir xil darajaga tushib boradi. Demak, migratsiya demografik muammoni hal qilmaydi, faqat vaqtinchalik yumshatadi. Rivojlangan mamlakatlarda bola tugʻib, tarbiyalash juda qimmat. Uy-joy, taʼlim, maktab, universitet, repetitorlar, sogʻliq, kiyim-kechak, oziq-ovqat va vaqt xarajatlari. Masalan, AQSh yoki Yevropada bir bolani 18 yoshga yetguncha oʻrtacha 200 000-300 000 dollar sarflanadi. Bu “bola — iqtisodiy yuk” degan fikrni kuchaytiradi. Avvalgi davrlarda bolalarga ishchi kuchi va ota-onaga yordam sifatida qaralgan boʻlsa, hozir ularga aksincha, katta xarajat sifatida qarashyapti.

Eng katta iqtisodiy devor

Bundan tashqari, rivojlangan davlatlardagi yosh avlod duch kelayotgan eng katta iqtisodiy devor — bu uy-joyga egalik qilishning deyarli imkonsiz darajada qimmatlashuvi. Koʻplab davlatlarda avlodlar oʻrtasidagi boylik taqsimoti buzilgan. Masalan, Buyuk Britaniyada aholining atigi 19 foizini tashkil etuvchi 65 yoshdan oshganlar barcha mulkning 36 foiziga egalik qiladi. Bu shuni anglatadiki, kattalar uylarni ushlab turibdi, yoshlar esa ularni sotib olishga qiynalmoqda. Tadqiqotlar uy-joy narxi bilan tugʻilish darajasi oʻrtasida teskari bogʻliqlik borligini isbotlagan. Agar uy-joy narxi 10 foizga oshsa, ijarachilar orasida tugʻilish 1 foizga pasayadi. BMT soʻrovlariga koʻra, yoshlar avval uy-joy olib, keyin farzandli boʻlish kerak deb hisoblashadi. Bizning Oʻzbekistonda ham tugʻilish kamayishida uy-joy mavzusining ham oʻziga yarasha hissasi bor. Agar Gʻarbda 65 yoshdan oshganlar mulkning katta qismini ushlab turgan boʻlsa, Oʻzbekistonda asosiy muammo bu uy-joy narxining daromadga nisbatan keskin yuqori ekanligida, ipoteka sharoitlarining murakkabligida. Mamlakatimizda yangi oila qurgan yoshlarning birinchi maqsadi bu alohida turar joyga ega boʻlishdir. Bu maqsadga erishish uchun ular katta pul yigʻish umidida xorijga ketishga, qarz olishga yoki ipoteka toʻloviga majbur boʻladi. Bu davrda ular ikkinchi yoki uchinchi farzand haqida oʻylashni keyinga suradi, odatda, besh-yetti yilgacha. Qolaversa, bizda ham shaharlashish kuchaymoqda. Garchi Oʻzbekistonda anʼanaviy kengaytirilgan oila modeli kuchli boʻlsa-da, yoshlar koʻpincha avvalgi avlodlar kabi bir hovlida yashashni istamaydi. Bu esa moliyaviy mustaqillik va alohida uyga boʻlgan ehtiyojni oshiradi.

Ayollarning mustaqilligi

Yuqori daromadli davlatlarda tugʻilish darajasining pasayishi ayollarning mustaqilligi oshgani bilan ham bogʻliq. Yaʼni, taʼlim, kasbiy oʻsish va shaxsiy qaror qabul qilish imkoniyati kengaygan sari ayollar tugʻishni kechiktiryapti yoki farzand sonini kamaytiryapti. Masalan, Yaponiya yoki Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda ayollar uy ishlariga erkaklarga nisbatan kuniga uch soat koʻproq vaqt sarflaydi. Bu esa ish va oila oʻrtasidagi muvozanatni buzadi. Natijada koʻp ayollar farzand sonini kamaytirish yoki umuman onalikni kechiktirishni afzal koʻradi. Chunki karyera yoʻnalishini tanlagan ayollar onalik ularning rivojlanishini sekinlashtirishidan qoʻrqadi. Ular bizda kabi homiladorlik alomati sezilsa, shunchaki “Alloh bergani” deb qoʻya qolishmaydi. Aksincha, bu jarayonga nihoyatda qattiq masʼuliyat va mukammallik talabi bilan qarashadi. Aynan shu kundan boshlab ularda farzandning kelajagi uchun katta moliyaviy va psixologik stress boshlanadi. Bu stress bolaning taqdirini maksimal darajada kafolatlashga boʻlgan iqtisodiy va ijtimoiy bosimdir.

Oʻzbekistonda esa vaziyat boshqacharoq. Bizda tugʻilish pasayishi asosan ayollarning tugʻishni istamaganligidan emas, balki tugʻish yoshidagi ayollar sonining kamayishidadir. Demografik koʻrsatkichlarga qarasak, 20-29 va 25-34 yosh orasidagi ayollar soni buvilarimiz davridagi avlodga nisbatan ancha kam. Bu 1990-yillarning chuqur pasayish davridagi tugʻilishlarning oqibati. Yaʼni, hozirgi tugʻilishlar soni avtomatik ravishda kamaymoqda, chunki reproduktiv yoshdagi ayollar soni oʻzi kam. Bu jarayon ayolning shaxsiy qarori yoki farzand soni istagidan qatʼi nazar sodir boʻlmoqda. Lekin raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, har bir tugʻish yoshidagi ayolga toʻgʻri keladigan tugʻilish darajasi soʻnggi yillarda oʻsish tendensiyasini namoyon qilgan. Qolaversa, bu koʻrsatkich 2017-yilda 2,4 ni tashkil etgani holda, 2023-yilga kelib 3,4 ga yetgan. Rivojlangan davlatlarda oilalar uzoq muddatli rejalashtirishga moyil boʻlgani sabab, farzand koʻrish kabi muhim qarorni maksimal darajada kechiktirishadi. “Men ota-ona boʻlishga psixologik tayyormanmi?”, “Bolaga travma bermaymanmi?” kabi noaniqliklar farzand koʻrishni keyinga surishga olib keladi.

Tugʻilishning kamayishiga sabab nima?

Iqtisodchilar oʻzbekistonliklar orasida koʻp farzand koʻrishning ahamiyati pasaymagan, chunki nikohdan ajrimlarning 2023-yilda 47,5 foiziga aynan farzandsizlik sabab boʻlgan, deyishmoqda. Ularning aytishicha, mamlakatimizdagi tugʻilishning kamayishi chuqur demografik muammolarda emas, aksincha, mustaqillikning dastlabki yillaridan yangi asrgacha boʻlgan davrda tugʻilganlar farzand koʻrish yoshidan oʻtishi bilan bogʻliq. Yaʼni, 1992–2001-yillarda kuzatilgan tugʻilishlar sonining pasayish tendensiyasi bilan izohlanmoqda. Oʻsha yillarda tugʻilishlar soni qariyb 30 foizga qisqargan. Masalan, mustaqillikning dastlabki yillarida yiliga 700 000 dan koʻproq chaqaloq dunyo yuzini koʻrgan boʻlsa, yangi asrga kelib bu koʻrsatkich 500 000 nafargacha pasaygan. Hozir chuqur pasayish davrida tugʻilganlar mamlakatdagi tugʻilishlar sonida asosiy rol oʻynay boshlaydigan davrga kirib keldik. Mustaqillikning dastlabki yillarida tugʻilganlar farzand koʻrish davridan oʻtmoqda. Bu esa tabiiy ravishda tugʻilishlar sonini kamayishiga olib kelayotgan boʻlishi mumkin.

Nega Oʻzbekistonda tugʻilish kamayayotgani iqtisodchilarni tashvishga solmoqda? Mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishi asosan mehnatga layoqatli yosh aholi hisobiga erishiladi. Tugʻilish pasayishining birinchi va eng ogʻir oqibati bu ishchi kuchi bazasining kamayishidir. Hozirgi tugʻilishlarning kamayishi taxminan 15-20 yildan keyin mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni kamayishiga olib keladi. Qurilish, xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kabi mehnat talab qiluvchi sohalarda ishchi kuchi yetishmaydi. Natijada ish haqi bosimi kuchayadi, inflyatsiya oshadi, mahsulot narxlari koʻtariladi. Tugʻilish kamayishi bu faqat bolalar kamayganini emas, balki kelajakda soliq toʻlaydiganlar kamayayotganini ham anglatadi. Hozir keksalar pensiyani hozirgi ishlovchilar toʻlagan soliqlar hisobidan olyapti. Agar 20 yildan keyin ishlovchilar soni kamaysa, har bir ishlovchining yelkasiga tushadigan pensiya yuki oshadi. Bugun toʻrt-besh nafar ishlovchi bir pensionerni boqsa, 2040–2050-yillarga borib bu nisbat ikki-uchtaga tushishi mumkin. Bu esa yoki soliqlarni oshirish, yoki pensiya yoshini koʻtarish, yoki pensiyani pasaytirish degani. Uchalasi ham ijtimoiy norozilik xavfini oshiradi. Yosh aholi kamaygan sari maktablar, universitetlarga talab pasayadi. Ammo shifoxonalar, keksalar uyi, tibbiy xarajatlar oshadi. Yaʼni, davlat budjeti tarkibi taʼlim va rivojlanishdan davolash va parvarishga siljiydi. Bu iqtisodiy oʻsishni sekinlashtiradi. Yaponiya va Italiyada bu allaqachon boʻlib boʻlgan. Budjetning katta qismi pensionerlar va tibbiyotga ketadi. Investitsiya, innovatsiya va yoshlarga qoladigan pul kam.

Qarish xavfi

O‘zbekiston hali boy bo‘lmasdan turib, qarish xavfiga kirib ketishining oldini olish zarur. Yosh aholi bu yangi bizneslar, yangi iste’mol, yangi uylar, yangi bozor. Agar aholi qarisa, kamroq uy sotib oladi, kamroq texnika, mebel, xizmatlar kerak bo‘ladi. Iqtisod sekin aylanuvchi holatga tushadi.

Odatda, iqtisodiy mo‘jizalar uchta shart bilan keladi: ko‘p yosh aholi, ta’lim, ish o‘rinlari. Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Vyetnam — barchasi avval demografik bonusdan foydalanib boyigan. O‘zbekiston hozir shu bonusning oxirgi fazasida. Agar tug‘ilish keskin tushib ketsa, biz boy bo‘lishdan oldin qarib boshlaymiz. Agar 2070-80-yillarda tug‘ilish koeffitsienti 2.1 dan pastga tushsa, aholi soni kamayadi. Bozor qisqaradi, byudjet bosimi oshadi, iqtisodiy o‘sish sekinlashadi. Bu demografik tuzoq.

O‘zbekiston bugun hal qiluvchi bosqichda. Bizda hali yoshlar ko‘p, ayollar tug‘ishga tayyor, oila institutlari saqlangan. Oilaning, farzandning qadri saqlab qolingan. Lekin demografik inertsiya tufayli 10-15 yil ichida ishchi yoshdagi aholi o‘sishi sekinlashadi. Agar shu paytgacha uy-joy, ish o‘rinlari, ta’lim va ijtimoiy ishonch mustahkamlanmasa, bugungi demografik ustunlik sekin-asta yo‘qoladi.


Теги :
Jamiyat