$
 11969.66
-32.05
 13927.90
-56.49
 152.56
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh “boshiga yetgan” siyosiy rahbarlar

rahbar

Bundan salkam 2 hafta avval AQSh Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni uch soatlik operatsiya natijasida taxtdan ag‘dargandi. Shundan so‘ng u va rafiqasi AQShga olib ketilgan. Bu AQSh tomonidan xorijiy davlat rahbarlarini yiqitish bo‘yicha birinchi holat emas. Amerika bundan oldin yana bir qancha davlat yetakchilarini ag‘darishda ishtirok etgan. Quyida yaqin tarixda “taxt”dan ag‘darilgan davlat rahbarlari haqida ma’lumotlarni jamladik.

Saddam Husayn (Iroq)

Saddam Husayn 1979-yilda 42 yoshida Iroq rahbari bo‘ladi. Avval vitse-prezident bo‘lgan Saddam 1980–1988-yillarda davom etgan Eron–Iroq urushiga boshchilik qiladi. Urush mamlakatni iqtisodiy jihatdan holdan toydiradi. Shu sharoitda u 1990-yilda Quvaytni bosib oladi, ammo AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar bunga javoban 1991-yilda Iroqqa hujum qiladi va Saddam mag‘lub bo‘ladi.

Saddam Hussein Fast Facts | CNN

2001-yilgi 11-sentyabr voqealaridan keyin AQSh 2003-yilda yana Iroqqa bostirib kiradi. Bu safar Saddam kimyoviy qurollar tayyorlayotganlikda ayblanadi. U hokimiyatdan ag‘darilib, yashirinishga majbur bo‘ladi. 2003-yil dekabrda amerikalik harbiylar uni Tikrit yaqinida qo‘lga oladi.

Keyinchalik Saddam Iroq sudida bir qator jinoyatlarda aybdor deb topiladi va o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Hukm 2006-yil 30-dekabr kuni Qurbon hayiti arafasida ijro etiladi.

Muammar Qaddafiy (Liviya)

Muammar Qaddafiy 1969-yilda Liviyada davlat to‘ntarishi qilib, qirol Idrisni ag‘daradi va mamlakat rahbariga aylanadi. Hokimiyatga kelgach, u neft sohasini davlat nazoratiga olib, xorijiy kompaniyalar mulkini musodara qiladi. Neftdan tushgan daromadning bir qismini ta’lim va sog‘liqni saqlashga yo‘naltiradi. Bu siyosat G‘arb davlatlariga yoqmaydi, ammo ular bir muddat Liviyaga qarshi ochiq choralar ko‘rmaydi.

Polkovnik Qaddafiyning hayot va o'limi

1980-yillarda neft narxi keskin tushib ketadi va Liviyaning daromadi bir necha barobarga kamayadi. Natijada Qaddafiy boshlagan ko‘plab loyihalar to‘xtaydi, byudjet muammolari kuchayadi. Qaddafiy bu holatda G‘arbni ayblaydi. 1986-yilda AQSh Liviyani terrorizmda ayblab, mamlakatni bombardimon qiladi va munosabatlar yanada sovuqlashadi.

1999-yildan boshlab Qaddafiy G‘arb bilan aloqalarni tiklashga harakat qiladi. U 11-sentyabr voqealarini qoralaydi, Yevropa va AQSh bilan muzokaralar olib boradi. Hatto AQSh 2006-yilda Liviyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqaradi.

2011-yilda “Arab bahori” Liviyaga ham yetib keladi. Namoyishchilar Qaddafiyning ketishini talab qiladi, ammo u hokimiyatdan voz kechishni rad etadi va noroziliklarni kuch bilan bostirishga uradi. Bu esa fuqarolar urushiga aylanadi. G‘arb davlatlari hamda AQSh qo‘zg‘olonchilarni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatni bombardimon qiladi.

2011-yil 20-oktyabrda qo‘zg‘olonchilar Qaddafiyni o‘ldiradi. Shundan keyin ham Liviyada tinchlik o‘rnatilmaydi va mamlakat hozirgacha beqarorlik girdobida qolmoqda.

Manuel Norega (Panama)

Manuel Noriega Panamada harbiylar hokimiyatga kelgach tez ko‘tarilgan. 1981-yilda Omar Torrixos vafot etgach, Norega mamlakatning amaldagi harbiy yetakchisiga aylanadi. 1980-yillarda uning siyosati AQSh bilan munosabatlarni keskin yomonlashtiradi.

Panama's Ex-Dictator Manuel Noriega Has Died

1988-yilda AQSh sudi Noregani giyohvand moddalar savdosi, pul yuvish va reketlikda ayblaydi. 1989-yilgi saylovda muxolifat g‘alaba qozonsa ham, Norega natijalarni bekor qiladi. Shundan so‘ng AQSh Panamada harbiy operatsiya o‘tkazib, Noregani qo‘lga oladi va AQShga olib ketadi.

Mayami sudi uni 40 yil qamoqqa hukm qiladi. Keyinchalik u Fransiya va Panamada ham sudlanadi. Bir necha davlat qamoqxonasida o‘tirgan Norega 2011-yilda Panamaga qaytariladi va 2017-yilda qamoqda vafot etadi.

Slobodan Miloshevich (Yugoslaviya/Serbiya)

Slobodan Miloshevich 1989-yilda Serbiya rahbari, 1991-yilda esa Yugoslaviya prezidenti bo‘ladi. SSSR parchalangach, Yugoslaviya tarkibidagi Xorvatiya, Sloveniya, Bosniya va Makedoniya mustaqillik e’lon qiladi. Bu serblarga yoqmaydi va Miloshevich bu respublikalarni yana o‘z nazoratida ushlab qolish uchun boshlangan urushlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Urushlar kutilgan natijani bermaydi. 1995-yilda AQSHda bo‘lib o‘tgan Dayton kelishuvida Miloshevich Xorvatiya va Bosniya mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ladi. Ammo mojarolar bu bilan tugamaydi. Keyinroq Kosovoda albanlarga qarshi zo‘ravonliklar boshlanadi va bu holat butun dunyoning keskin noroziligiga sabab bo‘ladi.

Slobodan Milošević Архиве - malamedija.rs

1999-yilda NATO Yugoslaviyani bombardimon qiladi va serb qo‘shinlari Kosovodan chiqib ketadi. Shundan so‘ng Miloshevich insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanadi. 2000-yilda u saylovda yutqazadi, lekin hokimiyatni topshirishni istamaydi. Ommaviy noroziliklar natijasida u hokimiyatdan ag‘dariladi.

2001-yilda Miloshevich hibsga olinib, Gaagadagi xalqaro sudga topshiriladi. Sud jarayoni yillar davom etadi, ammo 2006-yilda u hibsxonada yurak xuruji oqibatida vafot etadi va ish yakunlanmasdan to‘xtaydi.

Jan-Bertran Aristid (Gaiti)

Jan-Bertran Aristid Gaiti tarixidagi eng notinch taqdirli prezidentlardan biri bo‘lgan. U 1990-yilda saylovda g‘alaba qozonib, 1991-yilda prezidentlik lavozimini egallaydi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay harbiylar unga qarshi chiqadi va Aristid mamlakatni tark etishga majbur bo‘lib, Venesuelaga ketadi.

1994-yilda u AQSh harbiylari yordami bilan Gaitiga qaytib, yana prezidentlik qiladi. Bu safar uning muddati 1996-yilgacha davom etadi. Oradan bir necha yil o‘tib, 2000-yilda Aristid yana saylovda g‘alaba qozonadi.

Aristide supporters ask him to return to power, lead Haiti's transition  -  The Haitian Times

Biroq 2004-yilda uni korrupsiyada ayblashadi va mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanadi. 29-fevral kuni Aristid amerikalik harbiylar tomonidan olib chiqib ketilib, Afrikaga jo‘natiladi. U buni majburan ag‘darilish deb ataydi. 2011-yilda Gaitiga qaytgan Aristid esa 2014-yilda avvalgi faoliyati bo‘yicha uy qamog‘iga hukm qilinadi.

Salvador Alende (Chili)

1970-yilda Chilida bo‘lib o‘tgan saylovda Salvador Allende g‘alaba qozonadi va mamlakatni sotsialistik yo‘l bilan boshqarishga kirishadi. U banklar, yirik korxonalar va yerlarni davlat tasarrufiga o‘tkazadi. O‘sha paytda Chilidagi xorijiy sarmoyaning katta qismi AQShga tegishli bo‘lgani uchun bu qarorlar eng avvalo amerikalik kompaniyalarga yoqmaydi.

Shundan keyin AQSh Chiliga bosimni kuchaytiradi. 1971-yilda kreditlar to‘xtatiladi, iqtisodiyot sekinlashadi, ishlab chiqarish kamayadi va ko‘plab odamlar ishsiz qoladi. Mamlakatda noroziliklar tobora ko‘payib boradi.

1973-yilga kelib Chili jamiyati keskin ikki tomonga bo‘linadi: Allendeni qo‘llab-quvvatlovchilar va unga qarshilar. Qarshilar namoyishlar bilan natijaga erisha olmagach, qurolli qarshilikka o‘tadi. Ayrim manbalarda bu jarayonda AQSh yordam bergani aytiladi.

1973-yil 11-sentyabr kuni harbiylar davlat to‘ntarishi uyushtirib, prezident saroyini egallaydi. Rasmiy versiyaga ko‘ra, shu paytda Salvador Allende o‘z joniga qasd qilgan. Biroq boshqa fikrlarga ko‘ra, u to‘ntarish chog‘ida o‘ldirilgan bo‘lishi ham mumkin.

Muhammad Masiddiq (Eron)

1950-yillarda Eronda hokimiyat Pahlaviylar sulolasi qo‘lida edi. Bu sulola 1925-yilda Rizo Pahlaviy tomonidan barpo qilingan. Ikkinchi jahon urushi paytida, 1941-yilda Britaniya va SSSR Eronga qo‘shin kiritib, Rizo Pahlaviyni taxtdan tushiradi va uning o‘rniga o‘g‘li Muhammad Pahlaviyni shoh qilib qo‘yadi.

O‘sha yillarda mamlakatda asosiy siyosiy qarorlarni shoh emas, balki bosh vazirlar qabul qilardi. 1951-yilda parlament Muhammad Masiddiqni bosh vazir etib saylaydi. U juda dadil qaror chiqarib, Eron neftini davlat nazoratiga oladi va Britaniya hamda AQSh kompaniyalarini mamlakatdan chiqarib yuboradi. Bu qadam G‘arb davlatlariga yoqmaydi va Eron bilan munosabatlar keskin soviydi.

1953-yilda AQSh va Britaniya maxsus xizmatlari Masiddiqqa qarshi harakat boshlaydi. Mamlakatda noroziliklar kuchayadi, shoh bir muddat qochib ketadi. Ammo ko‘p o‘tmay Masiddiq hokimiyatdan ag‘dariladi, uning o‘rniga Fayzulloh Zohidiy keladi va Muhammad Pahlaviy yana hokimiyatni mustahkamlaydi.

Теги :
Jamiyat