$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Inson vafot etadi, akkaunti esa yashashda davom etadi. “Raqamli qabriston” nima?

Telefonlar

Bugun inson vafot etganda uning hayoti faqat fotosuratlar, xatlar yoki oilaviy albomlarda qolib ketmaydi. Instagram, YouTube, Facebook, Google Drive, elektron pochta va boshqa platformalarda uning ikkinchi – raqamli hayoti davom etishi mumkin. Ba’zan bu profillar yillar davomida hech kim tomonidan boshqarilmaydi. Ba’zan esa marhumning yaqinlari uning sahifasini yuritishda davom etadi. Natijada internetda tobora kattalashib borayotgan “raqamli qabriston” shakllanmoqda.

Raqamli qabriston deganda inson vafotidan keyin internetda qoladigan raqamli izlar tushuniladi. Bular ijtimoiy tarmoq profillari, fotosuratlar, videolar, yozishmalar, elektron pochta, bulutli xotiradagi fayllar, bloglar va hatto kriptovalyuta yoki domen kabi raqamli aktivlar bo‘lishi mumkin.

Facebook kelajakda marhumlar arxiviga aylanishi mumkinmi?

Bu savol shunchaki fantastika emas. Oxford Internet Institute tadqiqotchilari Carl Öhman va David Watson 2019-yilda Facebookdagi vafot etgan foydalanuvchilar soni bo‘yicha matematik model tuzgan. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, agar Facebook 2018-yildagi kabi yangi foydalanuvchilarni jalb qilish darajasini saqlab qolsa, 2100-yilgacha platformadagi vafot etgan foydalanuvchilar soni kamida 1,4 milliardga yetishi mumkin. Agar platforma o‘sishda davom etsa, bu ko‘rsatkich 4,9 milliarddan oshishi ehtimoli bor. Ya’ni kelajakda Facebookda tirik foydalanuvchilardan ko‘ra vafot etgan odamlarning profillari ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Bu raqamli qabriston tushunchasini yangi darajaga olib chiqadi – ijtimoiy tarmoq bir vaqtning o‘zida nafaqat tiriklarning muloqot maydoni, balki insoniyatning ulkan raqamli xotira arxiviga aylanishi mumkin.

 Odamlar marhumning profiliga nima uchun qaytadi?

Bu savolga boshqa tadqiqotlar ham javob izlagan. Tadqiqotchilar 10 nafar vafot etgan insonning Facebook profillaridagi 2 533 ta xabarni tahlil qilgan. Natijada odamlarning marhum profillaridagi muloqoti uch asosiy yo‘nalishda namoyon bo‘lishi aniqlangan – o‘limni qabul qilish, marhumni xotirlash va u bilan aloqani davom ettirish. Eng qiziq jihati shundaki, vaqt o‘tishi bilan marhumning o‘limini qayd etuvchi postlar kamaygan. Biroq u bilan go‘yoki hanuz muloqot qilayotgandek yozilgan xabarlar saqlanib qolgan. Masalan, odamlar marhumning tug‘ilgan kunida uning profiliga kirib, unga tabrik yozishi yoki eski fotosuratlariga izoh qoldirishi mumkin. Demak, akkaunt shunchaki ma’lumotlar ombori emas. U ayrim odamlar uchun marhum bilan ramziy aloqa qilish joyiga aylanishi mumkin.

Yana bir tadqiqotda vafot etgan Facebook foydalanuvchilarining do‘stlari bilan 43 ta chuqur intervyu o‘tkazilgan. Ko‘pchilik marhumning fotosuratlari va sahifasiga qaytishni xotirani saqlashning bir shakli sifatida qabul qilgan. Ba’zi odamlar esa marhumga bevosita xabar yozgan. Ular buni qayg‘uni yengish yoki marhum bilan ichki muloqotni davom ettirish usuli sifatida ko‘rgan. Ammo bu jarayon doimo ijobiy qabul qilinmaydi. Ayniqsa marhumning turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi uning akkauntini boshqarishni boshlagan holatlarda ayrim foydalanuvchilar buni noqulay deb baholagan. Bu esa muhim savolni keltirib chiqaradi: inson vafot etgach, uning akkaunti kimga tegishli bo‘ladi?

Marhumning akkauntini oilasi yuritishi mumkinmi?

Amaliyotda bunday holatlar allaqachon mavjud. Masalan, aktyor Robin Williams 2014-yilda vafot etgan. Uning Instagram sahifasi uzoq vaqt faol bo‘lmagan. 2026-yil avgustida esa farzandlari akkauntni qayta faollashtirdi. Ular Robin Williamsning fotosuratlari va videolarini joylashtirish orqali uning ijodiy merosini saqlashni maqsad qilgan. Bu tashabbusning sabablaridan biri aktyorning obrazi va ovozidan foydalangan sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan soxta kontentga qarshi haqiqiy arxiv yaratish edi.

Demak, raqamli akkaunt nafaqat xotira, balki marhumning haqiqiy raqamli obrazini himoya qiluvchi manbaga ham aylanishi mumkin.

YouTube’da ham shunga o‘xshash misollar bor. Musiqachi Christina Grimmie 2016-yilda vafot etgan. Uning YouTube kanali esa hanuzgacha mavjud. Keyinchalik uning ilgari e’lon qilinmagan musiqiy materiallari ham kanal orqali tomoshabinlarga taqdim etilgan.

“Grandpa Kitchen” kanali esa yanada qiziq misol. Kanal asoschisi Narayana Reddy 2019-yilda vafot etgan. Shunga qaramay, uning oilasi kanal faoliyatini davom ettirgan. Natijada egasi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, uning yaratgan raqamli loyihasi yashashda davom etmoqda.

Technoblade kabi mashhur kontent yaratuvchilarning kanallari esa boshqa holatni ko‘rsatadi. Muallif vafot etgan bo‘lsa-da, avval yaratilgan videolar hanuzgacha ko‘rilmoqda va kanal marhumning raqamli merosi sifatida saqlanmoqda.

Lekin raqamli hayot abadiy emas. Barcha akkauntlar ham internetda abadiy qolmaydi. Masalan, X uzoq vaqt davomida foydalanilmagan akkauntlarni faolliksizlik sabab o‘chirishi mumkinligini bildiradi. Google esa shaxsiy akkaunt ikki yil davomida ishlatilmasa, uni va undagi ma’lumotlarni o‘chirish huquqiga ega. Bu Google xizmatlari, jumladan YouTube’dagi ma’lumotlarga ham ta’sir qilishi mumkin. TikTokda esa 180 kun davomida foydalanilmagan akkauntning foydalanuvchi nomi o‘zgartirilishi mumkin.

Bu esa yana bir masalani yuzaga chiqaradi – insonning raqamli xotirasi kompaniyaning platforma siyosatiga bog‘liq.

Eng katta muammo – raqamli meros

Fotosurat va videolardan tashqari, inson vafotidan keyin kriptovalyuta, elektron hamyon, domen, monetizatsiya qilingan kanal, onlayn do‘kon yoki boshqa raqamli aktivlar ham qolishi mumkin. Agar egasi parollar, tiklash ma’lumotlari yoki meros bo‘yicha ko‘rsatmalarni qoldirmagan bo‘lsa, ayrim aktivlarga kirish imkonsiz bo‘lib qoladi. Shu sababli “virtual xotira madaniyati” tushunchasi paydo bo‘lmoqda. Bu inson o‘zining raqamli hayoti vafotidan keyin qanday davom etishini oldindan belgilashi demakdir.

Qaysi akkauntlar o‘chiriladi? Qaysilari saqlanadi? Fotosuratlar kimga beriladi? Raqamli aktivlar kimga qoladi? Marhum nomidan kim post joylashtirishi mumkin? Bu savollar kelajakda meros masalasining bir qismiga aylanishi mumkin. Inson o‘ladi, raqamli obrazi esa o‘zgarishda davom etadi.

2015-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda vafot etgan Facebook foydalanuvchilari bilan bog‘liq 9 ta holat o‘rganilgan. Tadqiqotchilar marhumlarning profillari vaqt o‘tishi bilan qarindoshlar va do‘stlar tomonidan yangi fotosuratlar, izohlar va xotiralar orqali qayta shakllantirilishini aniqlagan. Ya’ni inson vafot etganidan keyin ham uning internetdagi obrazi o‘zgarishi mumkin. Bu “raqamli qabriston”ning eng noodatiy jihatlaridan biridir. Oddiy qabristonda insonning qabriga yangi xotira yozuvi qo‘shilishi mumkin. Internetda esa marhumning eski fotosuratiga yuzlab izohlar yoziladi, yangi videolar paydo bo‘ladi, oilasi uning nomidan post joylashtiradi.

Sun’iy intellekt esa bu masalani yanada murakkablashtirmoqda. Endi marhumning ovozi, yuzi va nutq uslubidan foydalanib, u hech qachon aytmagan gaplarni ham “aytgandek” ko‘rsatish mumkin. Shunday ekan, kelajakdagi savol faqat “Marhumning akkauntini o‘chirish kerakmi?” bo‘lmaydi. Asosiy savol boshqacha – “Inson vafot etgach, uning internetdagi hayotini kim boshqaradi?”

Bugun bu savolga javoblar turlicha. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi milliardlab raqamli izlar ko‘payib borayotgan bir paytda virtual xotira madaniyati endi texnologik masala emas, jamiyatning yangi madaniy muammosiga aylanmoqda.

Теги :
Jamiyat