$
 12780.14
11.84
 13980.20
19.34
 133.11
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Saylov – 2024: Eng muhim 10 savolga 10 javob

saylov

Xabaringiz bor, yurtimizda 2024-yil 27-oktyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi o‘tkaziladi. Ushbu saylov jaroyanlarida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu jamoatchilik orasida turli tushunmovchilik va savollarni keltirib chiqarmoqda. Biz Markaziy saylov komissiyasi bilan bog‘lanib saylovga doir eng muhim savollarga javob oldik.

Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha qaysi hududdan nechta deputat saylanadi?

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi. Bir mandatli saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har besh yilda bir marta tuziladi.

Bu yilgi saylov byulletenlarining rangi turlicha bo‘lar ekan, bundan maqsad nima?

Bu yil har bir saylov turi uchun byulletenlarning rangi turlicha, ya’ni, Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och ko‘k rangda, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och yashil rangda, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och sariq rangda, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och kulrang rangda qilib belgilandi. Xuddi shu tartibda ovozlarni sanab chiqish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalar ham saylov byulletenlari rangiga mutanosib ravishda chop etilishi qayd etildi.

Ushbu holatda saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini hisoblash algoritmlari xronometraj qilinganda uchastka saylov komissiyasining ish hajmi va natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi qisqargani kuzatildi. Jumladan, avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari o‘rtacha 4 soat vaqt sarflashgan bo‘lsa, yangi shakldagi saylov byulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirish, butun respublika bo‘yicha esa, komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqtini tejash imkonini beradi.

Natijada, avvalgi saylovlardagi uchastka saylov komissiyalarining o‘rtacha 11 nafar a’zolari sonini joriy yilda o‘rtacha 10 nafargacha, ya’ni respublika bo‘yicha 2,1 ming nafargacha kamaytirishga hamda ular uchun sarflanadigan 2 mlrd so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha xarajatlarni ham iqtisod qilinishiga erishilmoqda.

Shu bilan birga, saylov byulletenlarining ixcham hajmi va turli ranglarda chop etilishi saylovchilar uchun ham qulaylik yaratib, byulletenlarni bir-biridan ajratib olish va ularni to‘ldirish jarayonlarini yanada osonlashtiradi.

Foydalanilmagan saylov byulletenlari nima qilinadi?

Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 122-bandiga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi a’zolari tomonidan ovoz berish tugaganidan so‘ng foydalanilmagan va buzilgan saylov byulletenlari sanab chiqiladi va yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan bekor qilinadi, bu haqda yakuniy bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.

Uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari foydalanilmagan va buzib qo‘yilib bekor qilingan saylov byulletenlarini bog‘lam qilib o‘rab, ustiga «Foydalanilmagan va buzib qo‘yilib bekor qilingan saylov byulletenlari» deb yozib, yoniga ularning sonini, qaysi saylovga oidligini, saylov okrugining nomi va tartib raqamini yozadi.

Qanday hollarda saylovchiga ovoz berish jarayonida yaqin kishilar yoki qarindoshlar ko‘maklashishiga ruxsat berilishi mumkin?

Saylov kodeksining 55-moddasiga muvofiq, saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Ko‘chma saylov qutisidan kimlar foydalanadi?

Saylov kodeksi 56-moddasiga muvofiq, ayrim saylovchilar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi. Bunda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozir bo‘lishi mumkin.

Ma’lum sabablarga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berishda ham ishtirok etmagan saylovchi saylov kunida ishtirok eta oladimi?

Saylov kodeksi 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega hisoblanadi. Muddatidan oldin ovoz bermagan fuqaro saylov kuni o‘zi biriktirilgan saylov uchastkasiga borib, uchastka saylov komissiyasining a’zosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etib, saylovda ishtirok etishi mumkin.

Muddatidan oldin ovoz berishning natijalari qachon e’lon qilinadi?

Saylov kodeksi 58-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi 1343-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 122-bandiga muvofiq, ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari ovoz berish tugaganligini komissiyaning barcha a’zolari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida e’lon qiladi hamda saylov qutilarini ochishdan oldin uchastka saylov komissiyasining a’zolari hozirligida komissiyaning seyfida saqlanayotgan muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlar saylov qutisiga hammaning e’tiboriga havola qilingan holda alohida-alohida tashlanishi belgilangan bo‘lib, shu sababli Muddatidan oldin ovoz berishning natijalari ham yakuniy salov natijalari bilan birga e’lon qilinadi.

Bu yilgi saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar toifalariga o‘zgartirish kiritildimi?

Saylov kodeksiga kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uchastka saylov komissiyalari a’zolariga oylik maoshi o‘z vaqtida berilmasa, kimga murojaat etish kerak?

Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-oktyabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni moliyalashtirish hamda mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 28-bandiga muvofiq, kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish saylov kuniga uch kun qolganga qadar to‘liq ta’minlanadi.

Saylov a’zolariga oylik maoshlari esa imzo huquqiga ega saylov komissiyalari raislari va hokimliklar bosh buxgalterlari tomonidan ro‘yxat bo‘yicha saylov komissiyalari a’zolariga to‘lanadi.

Qanday hollarda ovoz berish natijalari bekor qilinishi mumkin?

Saylov kodeksi 96-moddasiga muvofiq, saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari (hududlari) bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi