$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Allo, oyi”: Firibgarlar sizni qanday “ovlaydi”?

kiberfiribgarlik kiberjinoyat kiber cyber

O‘zbekiston IIV huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Bekzod Mamajonov “Sputnik O‘zbekiston” matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda firibgarlikka qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani, bu yil kiberjinoyatlarning qanday “sxemalari” tarqalgani va firibgarlik qurboniga aylanganda nima qilishi kerakligi haqida ma’lumot berdi.

Kiberjinoyatlar soni ortmoqda

Bekzod Mamajonov so‘nggi yillarda kiberjinoyatlar sonining sezilarli darajada oshganini ta’kidladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar soni 800 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 6 000 taga yetgan, 2024-yilda esa firibgarlik bo‘yicha 35 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Amalda bank kartalaridan o‘g‘irlik holatlari soni ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki ko‘p odamlar ichki ishlar xodimlariga murojaat qilmaslikni afzal ko‘rishadi. Agar kartadan o‘g‘irlangan summa uncha katta bo‘lmasa, jabrlanuvchilar shunchaki ariza berish va qidirish uchun vaqt sarflashni xohlamaydilar.

“Kiberfiribgarlar tomonidan ishlatilayotgan asosiy usullardan biri — APK formatidagi zararli dasturlarni yuborishdir. Ushbu dasturlar orqali firibgarlar sizning bank kartangiz yoki hisob raqamingizga ulanishadi va xohlagan operatsiyani amalga oshirishi mumkin,” — dedi Mamajonov.

Kiberjinoyatlarning yangi shakllari

Bugungi kunda eng ko‘p uchrayotgan jinoyat turi onlayn kreditlar bilan bog‘liq firibgarlikdir. Bu jinoyat sxemasi oddiy bo‘lib, odamlarning ishongan ma’lumotlarini o‘g‘irlash va soxta kreditlar rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi. bu yilga kelib, bu jinoyat turi mamlakatda eng dolzarb masalalardan biriga aylandi.

“Ko‘p hollarda jinoyatchilar ijtimoiy muhandislik usullaridan foydalanadi: ular qo‘ng‘iroq qilib, sizni SMS kodlaringizni ulashishga yoki dasturlarni o‘rnatishga majbur qilishadi. Ushbu dasturlar orqali shaxsiy ma’lumotlaringiz va hatto suratlaringizni qo‘lga kiritishadi,” — deya tushuntiradi u.

Bullying va “kiberromantika” — yangi tahdidlar

Jinoyatlarning moliyaviy zararlari bilan bir qatorda, ruhiy va psixologik ta’siri kuchli bo‘lgan buling (internetda bezorilik) holatlari ham oshib bormoqda. Ayniqsa, yosh qizlar ushbu tahdidlarning asosiy qurboniga aylanyapti. Firibgarlar o‘z qurbonlariga ishonch uyg‘otish uchun “kiberromantika” usulidan foydalanadi, ular onlayn muloqot orqali odamlarni jalb qilib, shantaj qilishadi.

“Biz bunday holatlarga katta e’tibor qaratamiz. Agar jabrlanuvchilar bizga murojaat qilsa, ularning maxfiyligini ta’minlashga kafolat beramiz,” — dedi Bekzod Mamajonov.

“Allo, oyi” firibgarlik sxemasi

Firibgarlar o‘z strategiyalarini doimiy ravishda yangilab boradi. “Allo, oyi” deb nomlangan firibgarlik sxemasi ayniqsa keng tarqalmoqda. Bu usulda jinoyatchilar SIP-texnologiyadan foydalangan holda qurbonlarning yaqinlarining raqamlariga o‘xshash bo‘lgan soxta telefon raqamlaridan qo‘ng‘iroq qilishadi. Ular nafaqat sizning raqamingizdan qo‘ng‘iroq qilib, aldov yo‘li bilan pul talab qilishadi, balki ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta xodimlar fotosuratlarini ham ulashib, ishonchni qozonishga harakat qilishadi. Firibgarlar odatda, ota-onangiz yoki yaqin qarindoshingiz ovoziga taqlid qilib gapirishadi va turli bahonalar bilan yordam so‘rashadi. Masalan, “Oyi, men falon joyda muammoga tushib qoldim, tez pul yuboring” kabi so‘zlar bilan odamlarni esankiratib qo‘yishadi. Bu usul bilan odamni psixologik bosim ostiga qo‘yish orqali ularni shoshilib qaror qabul qilishga majburlash oson.

“Bunday qo‘ng‘iroqlarni hech qachon davom ettirmaslik kerak. Qo‘ng‘iroqni tugatib, shubhali raqamni qayta tekshirishni maslahat beraman,” — dedi ekspert.

Firibgarlikning ushbu turiga qarshi kurashish uchun “O‘ztelekom” va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda quyidagi yechim qo‘llanildi: agar qo‘ng‘iroq uy telefoniga qilinsa, 10 daqiqadan keyin suhbat uziladi. Bu jabrlanganlar sonini kamaytirishga yordam berdi. Bundan tashqari, maxsus guruhlar uyma-uy yurib, fuqarolarni ushbu turdagi firibgarlik bilan bog‘liq xavf-xatardan ogohlantirib, tushuntirish ishlarini olib bordi.

Asosan pandemiyadan keyin ko‘paydi

Firibgarliklarning asosiy to‘lqini pandemiyadan so‘ng, odamlar onlayn xizmatlardan faol foydalana boshlagandan keyin ko‘paydi. Avvallari firibgarlik holatlarining aksariyati telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bo‘lib, unda jinoyatchilar o‘zlarini bank xodimlari deb tanishtirgan holda turli bahonalar bilan odamlardan SMS orqali kelgan bir martalik kodni aytishini so‘rashgan, buni bilib olgach ularda jabrlanuvchining bank ma’lumotlariga kirish imkoniga paydo bo‘lgan. Hozirda bunday sxemalar ulushi 95%dan 12−13%ga kamaygan.

Bu yil moliyaviy piramidalar ham faol harakat qildi. Firibgarlar yuqori foyda va’da qilingan soxta saytlarni reklama qilish uchun taniqli shaxslarning sun’iy dipfeyk videolaridan foydalandilar. Minglab odamlar bunday aldov sxemalarining qurboniga aylandi.

Qanday choralar ko‘rilmoqda?

Bo‘limimiz ko‘pincha barcha yoshdagi fuqarolarni — bolalardan tortib pensionerlargacha xabardor qilishga qaratilgan keng qamrovli ma’rifiy kampaniyalarni amalga oshiradi. Vazifamiz — har bir odam, yoshidan qat’i nazar, firibgarlikni aniqlay olishi va undan himoyalanishini ta’minlash hisoblanadi. Biz turli platformalardan foydalanamiz: “Telegram”-kanal (@cyber_102), unda yangi firibgarlik sxemalari haqida ma’lumotlar joylashtiriladi va o‘zingizni qanday himoya qilishni batafsil tushuntiradigan mingdan ortiq o‘rgatuvchi videolarga ega “YouTube”-kanal.

Iyun oyida “Kibermadaniyatni oshirish oyligi” targ‘ibot dasturini yo‘lga qo‘ydik. Unda butun O‘zbekistonni qamrab olgan ish rejasini ishlab chiqdik: turli toifadagi fuqarolar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, davlat xizmatchilari, maktab va oliy o‘quv yurtlari o‘quvchilari va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdik.

Shu davr mobaynida birgina televideniyeda materiallarimiz 603 marta efirga uzatildi. Yangiliklarni tomosha qilmaydigan auditoriyaga yetib borish maqsadida blogerlar bilan ham faol ish olib boryapmiz. An’anaviy reportajlarga qaraganda tushunilishi oson, qiziqarliroq bo‘lgan videoroliklar ham yaratdik.

Texnik ta’minotni takomillashtirish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Firibgarlik faoliyatini aniqlash texnologiyalarini muntazam ravishda takomillashtirib, jazoni kuchaytirishga va jinoyatlarning oqibatlarini kamaytirishga yordam beradigan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilamiz. Shu bilan birga, xodimlarimiz dolzarb tahdidlardan xabardor bo‘lishlari uchun malaka oshirish kurslarini o‘taydilar.

Xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Internet-firibgarligining chegarasi yo‘q, shu bois tajriba almashish, jinoyatlarni birgalikda o‘rganish va yangi himoya choralarini ishlab chiqish uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda ish olib boryapmiz.

Shuningdek, veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlarni havola orqali haqiqiyligini aniqlaydigan platforma yaratdik deya ma’lumot berdi mutaxassis kiberfiribgarlik muammosida kibersavodxonlikka alohida e’tibor berilayotganini urg‘ulab.

Firibgarlik qurboniga aylanganda nima qilish kerak?

Agar firibgarlikning qurboniga aylansangiz, unda xatti-harakatlarning tezkorligi hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

Bank kartalari bilan bog‘liq holatda:

Telefon raqamingiz yoki ilovalarga biriktirilgan barcha kartalarni darhol bloklang. Bunday hollarda har bir soniya muhim — bu sizning balansingizdan mablag‘larning yechib olinishi oldini olishga yordam beradi.

Huquqni muhofaza qilish organlariga yoki Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik bo‘limiga murojaat qiling.

Agar qurilmaga APK-fayl orqali virus tushsa:

Qurilmadagi internet-aloqani darhol o‘chiring. Agar boshqa qurilmalarda xuddi shu akkauntdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, ularni ham internetdan uzing. Virus qurilmada qolsa-da, bu ma’lumotlarni o‘tkazish jarayonini cheklaydi.

Xavfli dasturiy ta’minotni olib tashlash va qurilmani tiklash uchun ekspertlar yoki kiberxavfsizlik xizmatiga murojaat qiling.

Firibgarlar internet-telefondan foydalanib, telefon raqamlarini soxtalashtirishi mumkin, shuning uchun qurilmangiz ekranida istalgan raqam ko‘rsatiladi. Agar siz shubhali qo‘ng‘iroqni qabul qilsangiz, unga javob bermasdan, ushbu raqamga qayta aloqaga chiqish tavsiya etiladi. Qayta qo‘ng‘iroq qilganingizda raqam mavjud emasligini yoki firibgarlikka hech qanday aloqasi bo‘lmagan odam javob berishiga duch kelasiz.

Теги :
Jamiyat