$
 12135.76
-22.37
 14067.77
-98.88
 153.40
-0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

“Crocus City Hall” terakti: Sud 15 nafar ayblanuvchini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi

crocus


Moskvadagi “Crocus City Hall” konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Bu jinoyat ishi sudda yetti oy davomida ko‘rib chiqildi. Yakunda harbiy sud hujumni bevosita amalga oshirgan hamda unga yordam bergan jami 19 nafar shaxsga turli muddatlarda qamoq jazolarini tayinladi.

Teraktni bevosita amalga oshirganlar

Sud qaroriga ko‘ra, teraktni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirgan to‘rt nafar shaxs — Shamsidin Fariduni, Dalerjon Mirzoyev, Muhammad Sobir Fayzov va Saidakrami Rajabalizoda umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruhdagi asosiy shaxs deb hisoblangan Fariduni jazoning dastlabki 18 yilini qamoqxonada o‘taydi. Mirzoyev va Fayzov 17 yil, Rajabalizoda esa 16 yil qamoqxonada o‘tiradi. Shuningdek, ularning har biriga 990 ming rubl miqdorida jarima ham belgilandi.

Teraktga yordam bergan shaxslar

Sud yana bir qator shaxslarni teraktni tayyorlash va amalga oshirishga yordam berganlikda aybdor deb topdi. Unga ko‘ra, Umedjon Soliyev umrbod qamoq jazosiga hukm qilinib, uning 12 yili qamoqxonada, qolgan qismi esa maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi va unga 2,7 million rubl jarima tayinlandi. Mustaqim Soliyev ham umrbod qamoqqa hukm qilindi, u 10 yil qamoqxonada o‘tiradi va qolgan muddatni maxsus koloniyada o‘taydi, shuningdek 990 ming rubl jarima to‘laydi.

Shahramjon Gadoyev ham umrbod qamoq jazosini oldi. U 12 yil qamoqxonada o‘tirib, qolgan umrini maxsus koloniyaga o‘tkazadi va 2,7 million rubl jarima to‘laydi. Zaybudullo Ismoilov ham xuddi jazoga hukm qilindi.

Husayn Hamidov 10 yil qamoqxonada o‘tiradi, keyin maxsus koloniyada jazosini o‘taydi va 1,7 million rubl jarima to‘laydi. Muhammad Zoir Sharifzoda ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilinib, 10 yil qamoqxonada o‘tiradi va 500 ming rubl jarima to‘laydi. Yoqubjon Yusufzoda ham xuddi shu tartibda 10 yil qamoqxonada o‘tiradi, qolgan muddatni esa maxsus koloniyada o‘taydi va 500 ming rubl jarima to‘laydi.

Nazrimada Lutfullai ham umrbod qamoqqa hukm qilinib, 10 yil qamoqxonada o‘tiradi va 500 ming rubl jarima to‘laydi. Jumaxon Qurbonov esa 9 yil qamoqxonada o‘tirib, keyin maxsus koloniyada jazo o‘taydi hamda 500 ming rubl jarima to‘laydi. Husen Medov ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilinib, 10 yil qamoqxonada o‘tiradi va 2,5 million rubl jarima to‘laydi. Jabrail Aushev esa 8 yil qamoqxonada o‘tiradi, qolgan muddatni maxsus koloniyada o‘taydi va 1,2 million rubl jarima to‘laydi.

Boshqa ayblanuvchilarga berilgan jazolar

Sud yana bir nechta shaxsga uzoq muddatli qamoq jazolari ham tayinladi. Alisher Qosimov 22 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. U jazosining dastlabki 7 yili qamoqxonada o‘taydi, qolgan qismi esa qat’iy tartibli koloniyada davom etadi. Isroil Islomov 19 yil-u 11 oy qamoq jazosiga hukm qilindi, u ham dastlab 7 yil qamoqxonada o‘tirib, keyin qat’iy tartibli koloniyaga o‘tkaziladi. Dilovar Islomov va Aminjon Islomov ham 19 yil-u 11 oydan qamoq jazosini oldi. Terakt bo‘yicha sud jarayoni o‘tgan yil avgust oyidan boshlab yetti oy davom etdi. Ishni 2-G‘arbiy harbiy okrug sudi sudyalari — Timur Jidkov, Roman Vladimirov va Aleksey Peshkov ko‘rib chiqdi. Sud majlislari Moskva shahar sudining katta zallaridan birida o‘tkazildi.

Bu zal taxminan 150 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, Yevropadagi eng katta sud zallaridan biri hisoblanadi va odatda shov-shuvli jinoyat ishlari shu yerda ko‘rib chiqiladi. 

Sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazildi. Bunga sabab sifatida xavfsizlik masalalari hamda ish materiallari orasida davlat siriga oid ma’lumotlar borligi ko‘rsatildi. Maxsus xizmatlar ochiq sud jarayoni o‘tkazilsa, turli provokatsiyalar yuz berishi mumkinligini bildirgan. Shu sabab sud majlislari yopiq tartibda o‘tkazildi. Shuningdek, jabrlanganlar vakillari sud imkon qadar ochiq bo‘lishini so‘ragan, ammo xavfsizlik sabab jarayon yopiq shaklda davom ettirilgan.

Terakt qanday va kimlar tomonidan amalga oshirilgan

Sud jarayonida nafaqat teraktni bevosita amalga oshirganlar, balki yana 15 nafar shaxs ham javobgarlikka tortildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular hujumni tayyorlash jarayonida turli yo‘llar bilan yordam bergan va shu sababli terrorchilarning yordamchilari deb hisoblanadi. Tergov versiyasiga ko‘ra, Umedjon Soliyev — guruh ichida “Muhammad” laqabi bilan tanilgan shaxs — Rossiyadagi terror guruhining faoliyatini muvofiqlashtirib turgan hamda hujumni amalga oshirganlarga qurol yetkazib bergan. Bundan tashqari, Shahramjon Gadoyev, Mustaqim Soliyev, Zubaydullo Ismoilov va Husayn Hamidov ham jangarilarni avtomat qurollar, o‘q-dorilar va pul bilan ta’minlaganlikda ayblanmoqda.

Shahramjon Gadoyev kelgusidagi hujum uchun qurollar saqlanadigan yashirin joy tayyorlab qo‘ygan. Ma’lum bo‘lishicha, u bundan oldin ham jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan: 2022-yilda Yekaterinburgdagi sud uni o‘g‘irlik uchun 100 ming rubl jarimaga tortgan edi. Husayn Hamidov esa hibsga olinguncha sudlanmagan bo‘lgan va bir marketpleysning taqsimlash markazida qadoqlovchi bo‘lib ishlagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u qurollarni tayyorlashda qatnashgan va guruh a’zolari o‘rtasidagi aloqani ta’minlab turgan.

Muhammad Zoir Sharipzoda terrorchilik faoliyatiga yordam berganlikda ayblanmoqda. U sudda ayblovdagi ayrim faktlarni qisman tan olgan, ammo o‘z harakatlariga berilgan huquqiy bahoga rozi bo‘lmagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqubjon Yusufzoda hujumdan bir necha kun oldin terrorchilar yashashi uchun uy ijarasi pulini o‘tkazgan, jinoyat sodir bo‘lganidan keyin ham ulardan biriga pul yuborgan. Nazrimada Lutfullai esa terror guruhini moliyalashtirganlikda ayblanmoqda. U 2024-yil 23-mart kuni, ya’ni hujumdan bir kun o‘tib qo‘lga olingan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hujjatlari tekshirilayotgan paytda u tartibga bo‘ysunmagan va qochishga uringan.

Tergovchilarning fikricha, Isroil Islomov va uning o‘g‘illari Dilovar hamda Aminjon Islomov hujumni amalga oshirgan shaxslarga yashirinishga yordam bergan. Terakt sodir etilgan joydan chiqib ketgan Renault Symbol avtomobili Dilovar Islomovga tegishli bo‘lgan. Aynan shu mashina bilan terrorchilar voqea joyidan ketib, keyinchalik Bryansk viloyatida qo‘lga olingan. Tergovga ko‘ra, mashina 2024-yil fevralida sotilgan, ammo yangi egasi uchun sug‘urta rasmiylashtirilmagan. Shu sabab tergovchilar eski egasini aniqlab, uning qarindoshlari orqali boshqa ishtirokchilarga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Islomovlar oilasi Rossiya fuqarolari bo‘lib, Tver shahrida yashagan va taksi haydovchiligi bilan shug‘ullangan. Ularning otasi esa Tojikiston fuqarosi bo‘lib, Rossiyada yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan. Ularning barchasi aybini tan olmagan va yordam bergan odamlarning rejalari haqida hech narsa bilmaganini aytgan. Himoya tomoni ham ularning harakatlari oddiy maishiy yordam bo‘lganini, terrorchilik faoliyatiga aloqadorligini isbotlovchi dalil yo‘qligini ta’kidlagan.

Alisher Kasimov esa hujumni amalga oshirgan shaxslarga kvartirasini ijaraga bergan. U sudda bu odamlarning rejalari haqida bilmaganini va ularni oddiy ijarachilar deb o‘ylaganini aytgan. Jumaxon Qurbonov esa tergovga ko‘ra guruh a’zolarini aloqa vositalari bilan ta’minlagan va mobil aloqa xizmatlari uchun pul to‘lab turgan.

Bundan tashqari, Ingushetiyada yashovchi Husen Medov va qidiruvga berilgan Havoj-Bagaudin Aliyev terrorchilar uchun avtomat qurollar tayyorlagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular buning uchun taxminan 500 ming rubl olgan. Jabrail Aushev esa ish materiallarida qurol yetkazib beruvchi sifatida tilga olingan. U ayblanuvchilar orasida o‘z aybini tan olib, tergovchilarga o‘z roli haqida batafsil ma’lumot bergan yagona shaxs bo‘lgan.

“Crocus” terakti nimalarni o‘zgartirdi

“Crocus City Hall”dagi teraktdan keyin Rossiyada migratsiya siyosatini yanada qat’iylashtirish masalasi jiddiy muhokama qilina boshladi. Hukumat xorijiy fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil aynan shu terakt sodir bo‘lgan yilda — Rossiyadan 190 ming nafar xorijiy fuqaro ma’muriy tartibda chiqarib yuborilgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga qaraganda deyarli uchdan bir qismga ko‘proq bo‘lgan.

Shu bilan birga, Davlat Dumasi noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun loyihalarini ham tayyorladi. Bu hujjatlar noqonuniy migratsiyani tashkil qilish, xorijiy fuqarolarni soxta ro‘yxatdan o‘tkazish yoki soxta hujjatlar tayyorlash kabi jinoyatlar uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishni nazarda tutadi. 2024-yil kuzida parlament bu borada bir qator o‘zgartirishlarni qabul qildi. Endilikda noqonuniy migratsiyani bir guruh bo‘lib tashkil qilish yoki og‘ir jinoyatlar sodir etish maqsadida amalga oshirish eng og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritildi. Bunday harakatlar uchun esa 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Теги :
Jamiyat