$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi uchun ajratilgan pulning salkam 1 mlrd. so‘mi talon-toroj qilindi

Yordam puli

Korrupsiya qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasining “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

"O‘quv ta’lim-ta’minot" davlat muassasasining tekshiruvi

Agentlik 2023-yilda Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasiga respublika budjetidan xarid qilingan kompyuter va qurilmalarning texnik topshiriqlarga muvofiqligi hamda mablag‘dan qanday foydalanilganini o‘rgandi.

Topshiriq bajarilmagan

O‘rganishlar davomida shartnomada ko‘rsatilgan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlandi. Bu ish bo‘yicha hujjatlar to‘planib, mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

Kompyuterlar kim uchun edi?

Kompyuterlar “Bir million dasturchi” dasturining Qoraqalpog‘iston, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari talabalari uchun mo‘ljallangan.

Salkam 1 mlrd so‘m talon-toroj qilingan

Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi va “Smart Sales Leader” MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, jamiyat tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha elektron vositalar yetkazib berilmasdan, jami 919 mln 360 ming so‘m miqdordagi byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Holat yuzasidan ikki tashkilot mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Holatga vazirlik munosabati

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining ta’kidlashicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida shartnomada belgilangan talablar to‘liq bajarilmaganligi xususidagi ma’lumotlar 2021-yilga doir holat ekanligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, vazirlik aholidan ushbu holatni noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘rab, 2021-yilda faoliyat yuritgan Xalq ta’limi vazirligi o‘rnida hozirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilgani “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat muassasasi tugatilib, “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tashkil etilgani eslatib o‘tildi. Bu esa o‘z navbatida Sherzod Shermatov vazir bo‘lgan payti bo‘lganiga ishora qilmoqda.

“Bir million o‘zbek dasturchilari” o‘zi nima?

“Bir Million O‘zbek dasturchilari" yoki "One Million Uzbek Coders" loyihasi Birlashgan Arab Amirliklari Dubai Future Foundation fondi, Toshkent shahridagi INHA universiteti va IT-Park qoshidagi IT-akademiya ko‘magida tashkil etilgan.

Loyihaning maqsadi

Loyiha maqsadi, o‘zbek tilidagi onlayn platforma kurslari orqali o‘zbek yoshlariga axborot texnologiyalarini o‘rgatish, yosh dasturchilar yetishtirishdir. Onlayn platformada 4 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kurslar tashkil etilib, bular:

  1. Android dasturlash;
  2. Full-Stack Development;
  3. Frontend Development;
  4. Ma’lumotlar tahlili.

O‘quv kurslari 120 soat davom etadi

Bu kurslarda o‘qish 120 soatni tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, har bitta bosqich yakunida o‘quvchilar uy ishlari va laboratoriya ishlarini bajarib, onlayn topshirishadi. Va bunda ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

Onlayn kurslar 2012-yilda Amerikaning Stenford Universiteti axborot texnologiyalari, dasturlashni keng rivojlantirish uchun tashkil etilgan Udacity kompaniyasi o‘quv kurslari asosida tashkil etiladi. Ya’ni u yerdagi kurslar o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘ladi.