$
 12758.36
-19.76
 14820.11
-111.12
 163.34
-0.67
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

O‘zbekiston “Coursera” platformasida o‘rganuvchilar soni bo‘yicha dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi

coursera

O‘zbekiston “Coursera” platformasida o‘rganuvchilar soni bo‘yicha dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Bu “Bir million dasturchi” loyihasi va IT-ta’limga qaratilgan islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan natijalaridan biridir. Davlat ishchi kuchini zamonaviy ko‘nikmalar bilan ta’minlashga eng ko‘p sarmoya kiritayotgan mamlakat sifatida qayd etildi, deya ma’lum qildi Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov.

O‘zbekistonda IT-ta’lim

O‘zbekiston o‘zining “Bir million dasturchi” loyihasi bilan IT-ta’limni ommalashtirish va yoshlarni zamonaviy kasblar bilan ta’minlash yo‘lida ulkan qadamlar tashlamoqda. “Coursera”ning 2024-yilgi Global Skills hisoboti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz o‘quvchilar ulushi bo‘yicha yetakchi bo‘lib, ishchi kuchini mehnat bozori talablariga moslashtirishda eng faol mamlakat sifatida tan olindi.

Dastur qanday ishlamoqda?

Loyiha doirasida yoshlar va talabalar uchun uzbekcoders.uz platformasi orqali “Coursera”ning eng talabgir IT-kurslari taqdim etilmoqda. Ushbu kurslar dunyoning yetakchi universitetlari va kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Data Science, dasturlash, grafik dizayn va boshqa sohalarni o‘z ichiga oladi.

Bepul kurslar orqali o‘quvchilar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lishmoqda:

 • Dunyoning eng talabgir kasblarini o‘rganish.

 • Xalqaro tan olingan IT-sertifikatlarni qo‘lga kiritish.

 • Mehnat bozorida yuqori maoshli ish o‘rinlariga ega bo‘lish.

Natijalar

O‘zbekiston hukumati IT-ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratmoqda. Joriy yilning o‘zida 14 yoshdan 31 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun IT-sertifikat xarajatlarining 60 foizigacha qoplash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Agar IT-sertifikatga qo‘shimcha ravishda xalqaro til sertifikati olingan bo‘lsa, xarajatlar 100% qoplanadi.

Natijada, 2024-yilda “Coursera” kurslariga qatnashuvchilar soni 206 foizga oshdi. Platforma foydalanuvchilari orasida 1,4 million o‘zbekistonlik ro‘yxatga olingan, ulardan 50 foizi ayollardir.

Global IT-bozorida o‘zbekistonliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq dasturchi masofadan turib xalqaro IT-bozorlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Hukumatning yangi tashabbuslari va qo‘llab-quvvatlovlari bilan 2030-yilgacha bu raqamni 30 mingga yetkazish rejalashtirilgan.

Loyihaning 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan rejalariga ko‘ra, xalqaro IT-sertifikat egalari soni 2,5 millionga, professional IT-sertifikatlarni qo‘lga kiritganlar soni esa 30 mingga yetkazilishi kutilmoqda.

Prezident sovg‘alari

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yuqori natijaga erishgan ishtirokchilar va ta’lim muassasalarini rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan:

 • Top-2 maktabga Prezident sovg‘asi sifatida 2 ta elektromobil.

 • 700 ta eng yaxshi o‘quvchiga noutbuklar.

 • Top-10 o‘qituvchiga xorijiy safarlar.

 • Top-100 o‘qituvchiga 10 million so‘mdan mukofot.

 • Eng yaxshi universitetlarga maxsus pul mukofotlari.