$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Pullanayotgan ish o'rinlari: odamlar qaysi lavozimlarni “sotib olyapti”?

korrupsiya corruption

Korrupsiya bir bo‘lagimizga aylangan, tug'ilgandan o'lgunimizga qadar u bizga hamroh. Tug'ruqxona ostonasidan to qabristonda ham turli oldi-berdilar ishtirokchisi yo guvohi bo'lamiz. Ishga kirish jarayonlari ham shular jumlasidandir.

Tahlillar qanday natija ko‘rsatdi? 

Korrupsiyaviy jinoyatlar, shuningdek, ishga kirish jarayonlarida kuzatilayotgan korrupsiya xavflari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentlik tomonidan tahlillar olib borildi. Tahlillar qanday natija ko‘rsatdi? Bu savolga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov javob berdi:  

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni kamaygan

Tahlillarga ko‘ra, 2023-yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan ayblov hukmi chiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 4 ming 128 tani tashkil qilib, 2022-yilga nisbatan 479 taga yoki 11 foizga kamaygan.  

6 mingdan ortiq shaxs korrupsionerlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan

Respublika bo‘yicha 6 ming 535 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. 2022-yilga nisbatan javobgarlikka tortilganlar soni 12 foizga kamaygan. Javobgarlikka tortilgan shaxslarning 16,4 foizi ozodlikdan mahrum etilgan.  

Eng ko‘p qaysi jinoyatlar sodir etilgan?

Eng ko‘p sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish – 2 ming 67, pora berish – 894, firibgarlik – 769, pora olish – 121 hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish – 125 tani tashkil etgan.  

Qaysi sohalar “yetakchi”?

Korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida oshgan. Sohalar kesimida o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, xo‘jalik yuritish va tadbirkorlik, ta’lim, bank, sog‘liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish sohalarida eng ko‘p korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilgan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 12 nafari respublika, 319 nafari viloyat, 5 ming 24 nafari tuman - shahar miqyosidagi davlat tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatgan.

O'rgangan ko‘ngil...

Tahlillar ko‘rsatishicha, muqaddam sudlangan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratib bermoqda. Jumladan, 2023-yilda 1 ming 146 nafar muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ularning 566 nafari muqaddam sodir etgan korrupsiyaviy jinoyatlari uchun sudlangan.

Ishga qabul qilishda korrupsiya

2022-2023-yillar davomida 876 nafar shaxs davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq holda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.  

Mazkur jinoyatlarni sodir etganlarning 282 nafari sog‘liqni saqlash, 72 nafari xalq ta’limi, 65 nafari maktabgacha ta’lim, qolgani boshqa soha vakillaridir.

Qaysi lavozimlar sotilmoqda?

Sog‘liqni saqlash tizimiga fuqarolarni kichik tibbiyot xodimi, hamshiralik, feldsherlik va farrosh, maktabgacha ta’lim tizimiga tarbiyachi va texnik xodim, maktab ta’limi tizimiga o‘qituvchi va texnik xodim sifatida ishga qabul qilishda korrupsiya holatlari, milliy gvardiya, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolarni pora berishga dalolat qilgan holda firibgarlik yo‘li bilan ishga kiritib qo‘yish holatlari nisbatan ko‘proq kuzatilgan.  

Shaffof ma’lumotlar berish tizimi yo‘q

Ushbu holatning yuzaga kelishiga ish qidirayotgan fuqarolarga davlat korxona, muassasa va tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida shaffof ma’lumotlar berish tizimi lozim darajada shakllanmaganligi o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.   

Davlatga qarashli korxona, muassasa va tashkilotlarining mansabdor shaxslari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni yashirish orqali turli korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etish uchun uchun o‘zlariga shart-sharoit yaratmoqda. Ish beruvchi tomonidan mavjud vakant o‘rinlarga ishga joylashishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga nisbatan tamagirlik holatlari hamon uchrab turibdi.

Tahlil yakunlari bo‘yicha Agentlik tomonidan mazkur yo‘nalishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga kiritildi.