$
 12021.32
-20.73
 13734.36
-10.44
 157.64
2.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent yashash uchun eng qulay shaharlar reytingida 157-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston poytaxti 173 shahar orasida atigi 157-o‘rinni egallab, Olmaota va Bokudan ortda qoldi. Reytingda ketma-ket ikkinchi yil Kopengagen yetakchilik qildi, oxirgi o‘rin esa yana Damashqqa nasib etdi.

Kopengagen yana dunyoning yashash uchun eng qulay shahri deb topildi

The Economist jurnali The Economist Intelligence Unit (EIU) tomonidan tuzilgan 2026-yilgi dunyoning yashash uchun eng qulay va eng noqulay shaharlari reytingini e’lon qildi.

Mutaxassislar jami 173 shaharni beshta asosiy mezon bo‘yicha baholadi:

  • barqarorlik;
  • sog‘liqni saqlash;
  • ta’lim;
  • infratuzilma;
  • atrof-muhit va madaniyat.

Ketma-ket ikkinchi yil reytingning birinchi pog‘onasini Daniya poytaxti Kopengagen egalladi. Shahar rivojlangan infratuzilma, davlat xizmatlarining samarali ishlashi, sog‘liqni saqlash tizimining yuqori sifati va qulay shahar muhiti tufayli yetakchilikni saqlab qoldi.

Eng yaxshi o‘ntalikka qaysi shaharlar kirdi?

Reytingning ilk o‘ntaligidan Avstraliyaning uchta, Shveysariyaning ikkita va Yaponiyaning ikkita shahri o‘rin oldi. EIU ma’lumotiga ko‘ra, bu yil Osiyodagi ko‘plab shaharlarning ham ko‘rsatkichlari yaxshilangan.

1

Toshkent nechanchi o‘rinni egalladi?

Toshkent dunyoning 173 shahri orasida 157-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston poytaxti umumiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Olmaota va Bokudan past natija qayd etdi.

Reytingning so‘nggi, 173-o‘rnini yana Suriya poytaxti Damashq egalladi.

Yashash sharoitlari eng noqulay deb topilgan beshta shahar qatoriga, shuningdek:

  • Tripoli;
  • Dakka;
  • Karachi;
  • Jazoir

kirdi.

Mutaxassislar ushbu shaharlardagi past baholarni qurolli mojarolar, siyosiy beqarorlik va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar bilan izohladi.

Qaysi shaharlar reytingda pastladi?

Bu yil reytingdagi eng katta pasayish Yaqin Sharq shaharlarida kuzatildi.

Mintaqadagi keskin vaziyat saqlanib qolayotgani sababli:

  • Maskat 14 pog‘onaga;
  • Doha 7 pog‘onaga;
  • Dubay va Abu-Dabi esa 4 pog‘onadan pastladi.

Xitoy eng katta o‘sishni qayd etdi

Reytingda eng sezilarli o‘sishni Xitoy shaharlari namoyish etdi. EIU bunga sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirilgan yirik investitsiyalar va aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaygani sabab bo‘lganini ta’kidladi. Natijada Xitoyning barcha shaharlari ko‘rsatkichlarini yaxshiladi.