$
 12692.42
100.85
 14511.24
-34.54
 158.44
4.62
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh chegarasidagi mojarolar: So‘nggi 17 yillikdagi eng yuqori natija qayd etildi

AQSh chegarasi

AQSh chegarasi migrantlarning noqonuniy oqimi eng faol bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. Har yili minglab hujjatsiz muhojirlar AQShdan boshpana so‘raydi. Bu yil esa so‘nggi 17 yil ichidagi eng yuqori natija qayd etildi. Bunday chegaradagi noqonuniy oqimlarga nima sabab?

17-yil ichidagi rekord natija

AQSH chegara xizmati 2024-yilda Kanada chegarasidagi Suonton hududida 19 mingdan ortiq hujjatsiz migrantni hibsga oldi. Bu haqda sektor chegara xizmati bosh agenti Robert Garsiya X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilgan.

“Suonton chegara xizmati xodimlari 2023-yil 1-oktyabrdan buyon 97 ta davlatdan kelgan 19 200 dan ortiq odamni hibsga oldi, bu oxirgi 17 yildagidan ko‘ra ko‘proq”, – deb yozdi u.

Suonton sektori Vermont shtatida joylashgan bo‘lib, Kanadaning Kvebek va Ontario provinsiyalari bilan chegaradosh hisoblanadi.

AQSh chegarasida 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik ushlangan

May oyida AQShning bojxona va chegara qo‘riqlash xizmati janubiy chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan 118 nafar Xitoy fuqarosini qo‘lga olganidan so‘ng mamlakatga aylanma yo‘llar orqali kirib kelishga urinishlarga doir ayrim ma’lumotlarni ochiqlagan.

Fox News’ning mamlakat Chegara-bojxona xizmatiga tayanib ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning oktyabridan buyon Janubiy Kaliforniyadagi San-Diyego shahriga 57 mingdan ortiq noqonuniy muhojirlarning chegarani kesib o‘tishi kuzatilgan. Shundan 30 mingdan ortig‘ini xitoyliklar, 8,9 ming nafarini hindistonliklar, 7,8 ming nafarini turkiyaliklar, 5,6 ming nafarini gvineyaliklar, 4,4 ming nafarini mavritaniyaliklar, 3 ming nafarini vetnamliklar va 2,9 ming nafarini o‘zbekistonliklar tashkil qilgan.

Sobiq ittifoq davlatlaridan borgan nolegal migrantlar ustidan maxsus nazorat

Iyun oyida esa Gazeta ixtiyoriga kelib tushgan memorandumdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Kaliforniyadagi chegara xizmatlari xodimlari yuzdan ortiq davlatlardan kelgan nolegal migrantlarni mamlakatga moneliksiz kiritish to‘g‘risida buyruq olishgan. Biroq, bu Rossiya, O‘zbekiston va boshqa ayrim sobiq ittifoq davlatlari fuqarolariga taalluqli emas.

Istisno Rossiya, O‘zbekiston, Gurjiston, Moldova, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan migrantlarga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan. Unga ko‘ra, bu mamlakat fuqarolari chegarani noqonuniy kesib o‘tish jaranida zudlik bilan deportatsiya qilinishi ta’kidlangan. Biroq, AQSh hukumati yosh bolalar, o‘g‘irlab ketish qurbonlari bo‘lganlar, shuningdek tahdid ostida qolganlar va tibbiy yordamga muhtoj insonlarni kiritadi.

Rossiyadan misli ko‘rilmagan migrantlar oqimi

Joriy yilda Amerika hukumati Rossiyadan misli ko‘rilmagan migrantlar oqimiga ro‘baro‘ kelishayotgani ta’kidlangan. 2023 moliya yilida Amerika sud tizimiga rusiyzabonlardan boshpana taqdim etish to‘g‘risida 41 ming 465 ta ish kelib tushgan, deb xabar bergan rasmiy statistikaga asoslanib immigratsiya masalalari bo‘yicha advokat Tatyana Edvards-Behar. O‘tgan yarim yil ichida kelib chiqishi Rossiyadan bo‘lgan fuqarolardan tushgan so‘rovlar soni butun o‘tgan yilnikidan ham oshib ketgan va so‘nggi 10 yil ichida rekord natijani qayd etgan — 19 ming 49 ta keys. Ukrainadagi urushgacha bo‘lgan davrga nisbatan AQShdan boshpana so‘rash to‘g‘risidagi so‘rovlar soni 1500 foizga oshgan: masalan, 2021-yilda Amerika sudlariga 2537 ta shunday ish kelib tushgan edi. Bu 2023-yildagiga nisbatan 16,3 martaga kamroq.

Karantindan keyingi vaziyat keskinlashuvi

Migrantlar soni 2018-yilda o‘sishni boshladi. Bunga, asosan, markaziy amerikaliklarning uyushgan zo‘ravonlik, qashshoqlik, siyosiy repressiya va tabiiy ofatlardan qochishi sabab bo‘ldi. 2019-yilning yozida noqonuniy migrantlar soni yana kamaygan. AQSh rasmiylari buni Meksika va Gvatemala tomonidan bosim kuchaygani bilan izohlagan.

Migrantlar oqimi 2020-yil boshida pandemiya davridagi cheklovlar sabab o‘sha yilning mart va aprel oylarida migratsiya 53 foizdan ko‘proqqa qisqargan. Cheklovlar 2021-yil boshida bekor qilinganidan beri raqamlar doimiy ravishda o‘sib bordi va 2023-yil dekabrida 302 000 dan oshdi.

Hujjatsiz muhojirlar

2020-yili qo‘lga olingan hujjatsiz muhojirlar soni 574 tani, 2021-moliya yilida esa 365 tani tashkil etgan. Keyin bu ko‘rsatkich sezilarli darajada o‘sib, 2022 va 2023-yillarda mos ravishda 1 000 va 6 900 taga yetdi.

Xorijiy OAV xabarlariga ko‘ra, AQSH chegaralaridagi noqonuniy migrantlar bilan bog‘liq vaziyat ko‘pincha Respublikachilar partiyasi tomonidan Oq uyning amaldagi ma’muriyati tanqid qilinishiga sabab bo‘ladi.

Xususan, AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden hamda vitse-prezident Kamala Harrisning harakatsizligi tufayli AQSHga ko‘plab noqonuniy migrantlar, shu jumladan, jinoyatchilar va ruhiy nosog‘lom shaxslar kirib kelgani aytiladi.

Bayden davrida AQShga noqonuniy o‘tayotgan 6,3 milliondan ortiq muhojir hibsga olingan

Yil boshida AQSh Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati davrida muhojirlarning mamlakat chegarasida to‘planishi rekord darajaga yetgani aytilgan edi. Bu holat Bayden uchun saylov oldidan jiddiy “bosh og‘rig‘i” bo‘lishi ta’kidlangan. Amerikaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ularning uchdan ikki qismi Baydenning bu boradagi harakatlarini qoralagan.

O‘shanda Baydenning noyabr oyida bo‘lishi kutilayotgan prezidentlik saylovidagi ehtimoliy raqibi Donald Tramp muammoni hal qilishga urinayotgan partiyalararo qonun loyihasini qoralab, uning yetarlicha keskin emasligini aytgan. O‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Bayden davrida AQShga noqonuniy o‘tayotgan 6,3 milliondan ortiq muhojir hibsga olingan bo‘lib, bu Tramp, Obama va Jorj Bush davriga nisbatan ancha oshib ketdi.

BBC AQSH chegarasidagi vaziyat yuzasidan mutaxassislar fikriga tayanib, buning asosiy sababini o‘rgandi. Unga ko‘ra, migrantlar sonining ko‘payishiga amaldagi hukumatdan oldingi rahbarlar ham sababchi bo‘lgan.

AQSh chegarasidagi o‘limlar

AQSh bojxona va chegara himoyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil AQSh-Meksika chegarasi migrantlar uchun eng o‘limli yo‘llardan biri bo‘lib, 850 dan ortiq migrant o‘limi qayd etilgan. Migrantlar ko‘pincha Sonora va Chihuaxua cho‘llaridan o‘tishda haddan tashqari issiqlik, suvga cho‘kish, xavfli yashirin kontrabanda, va chegara devoridan qulab tushish kabi omillar tufayli halok bo‘lmoqda. O‘limlarning ko‘pligi, AQShning migrantlarga qarshi qattiq choralar ko‘rishi va xavfli hududlarga yo‘naltiruvchi siyosatlar tufayli yuzaga kelmoqda. Shuningdek, migrantlarni noqonuniy olib o‘tish bilan shug‘ullanuvchi guruhlar ularni xavfli sharoitlarda qoldirayotgani ham ko‘p o‘limlarga sabab bo‘lmoqda.

Xalqaro migrantlar tashkiloti chiqargan hisobotda qayd etilishicha, dunyoning bu qismida har yili minglab insonlar nobud bo‘ladi. 2022-yilda Amerika qit’asi bo‘ylab 1 ming 457 migrant o‘lgan yo bedarak ketgan. 686 nafari aynan AQSh-Meksika chegara hududlarida.

Halok bo‘lganlarning yarmi Sonora va Chuxuahua dashtliklariga to‘g‘ri keladi. O‘lganlarning soni kattaroq bo‘lishi mumkin. Hisobotda qayd etilgan rasman tasdiqlanganlardir. Amerika hukumati hisobiga ko‘rta, 1998-yildan beri AQSh-Meksika chegarasida 8 mingdan oshiq migrant jon bergan. Immigrant faollar esa aslida bundan ko‘proq, deydi.

Chegara xizmati ma’lum qilishicha, 2022-yilda 7 ming 113 hollarda migrantlar bedarak ketgani aniqlangan. 22 mingdan oshiq migrant qutqarilgan.

AQSh chegarasidagi noqonuniy migratsiya oqimiga nima sabab bo‘lmoqda?

Ko‘plab migrantlar o‘z yurtlarida kambag‘allik, ishsizlik va yashash sharoitlarining yomonlashishi tufayli AQShga kelishga harakat qilmoqda. Lotin Amerikasi davlatlari, ayniqsa Meksika, Gvatemala, Gonduras, va Salvador kabi mamlakatlarda iqtisodiy sharoitlar og‘ir bo‘lib, odamlar yaxshiroq hayot izlab AQShga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lmoqda​.

Migratsiyaning yana bir muhim omili — o‘z yurtlarida jinoyatchilik va narkotrafikning kuchayishi. Ayniqsa, Markaziy Amerika davlatlarida narkokartellar va zo‘ravon guruhlar ta’sirida bo‘lgan hududlarda yashovchi aholining xavfsiz joy qidirib migratsiya qilishi ko‘paygan​.

Shuningdek, ayrim davlatlarda siyosiy beqarorlik va hukumatga qarshi noroziliklar ham odamlarni mamlakatdan chiqib ketishga undamoqda. Siyosiy qatag‘onlar, hukumat tomonidan qattiq siyosatlar va fuqarolik huquqlarining buzilishi ham muhim sabablar orasida​.

AQShda qonuniy ravishda yoki noqonuniy holda yashayotgan qarindoshlarini qidirib kelayotgan migrantlar soni ham yuqori. Oilaviy birlashish motivlari ko‘plab migrantlarning qarorlariga ta’sir qilmoqda​. AQShning Meksika bilan bo‘lgan uzun chegarasi ko‘plab migrantlar uchun nisbatan osonlik bilan o‘tish imkonini beradi. Shuningdek, qattiq siyosatlar ko‘pincha migrantlarni xavfli yo‘llarga yo‘naltiradi, bu esa noqonuniy oqimni kuchaytiradi​.

Теги :
Jamiyat