$
 12076.18
20.37
 13995.09
-13.76
 169.47
0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

CAU Arch Summit 2026 Toshkentda jahon me’morlarini birlashtirdi

cau

Central Asian University kampusida arxitektura, shaharsozlik, dizayn hamda shahar muhiti istiqbollariga bag‘ishlangan ikki kunlik xalqaro CAU Arch Summit 2026 anjumani bo‘lib o‘tdi.

Sammit me’morlar, shaharsozlar, dizaynerlar va talabalar bilan birga yetakchi xalqaro arxitektura byurolari vakillarini o‘zaro birlashtirdi. Britaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya hamda O‘zbekistondan 20 dan ortiq spiker qatnashgan mazkur tadbir 800 nafardan ziyod ishtirokchini bir joyga jamladi.

Sammitning bosh mehmoni BIG xalqaro arxitektura byurosi asoschisi, zamonamizning eng nufuzli me’morlaridan biri Byarke Ingels bo‘ldi. Uning loyihalari barqaror arxitektura, texnologiyalar va noan’anaviy shaharsozlik yechimlari uyg‘unligi tufayli butun dunyoga mashhurdir.

Google kompaniyasining Kaliforniyadagi bosh qarorgohi, Kopengagendagi 8 House majmuasi, tomida chang‘i yo‘lagi qurilgan CopenHill elektr stansiyasi hamda Nyu-Yorkdagi VIA 57 West binosi Byarke Ingels ijodiga mansub eng mashhur loyihalar sirasiga kiradi.

“Har bir loyiha yangiliklarni kashf etish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir. Toshkentda meni eng ko‘p ruhlantiradigan jihat shundaki, Markaziy Osiyo nafaqat geografik, balki madaniy va me’moriy jihatdan ham chinakam chorrahada joylashgan. Bu mintaqada makonni idrok etish bo‘yicha asriy an’analar saqlanib qolgan. Buni ichki hovlilar, bozorlar hamda yorug‘lik va soyaning o‘zaro uyg‘unligida ko‘rish mumkin. Yangi avlod me’morlari oldida turgan asosiy vazifa — modernizatsiya qilish kerakmi yoki yo‘q, degan savol emas, balki boy merosimizni yo‘qotmasdan, uni qanday qilib zamonaviy rivojlantirishdir. Bu yerda men uchrashgan talabalar aynan eng dolzarb va muhim savollarni o‘rtaga tashlamoqda. Bu esa menga katta umid bag‘ishlaydi”, – dedi BIG asoschisi Byarke Ingels.

CAU Arch Summit 2026 xalqaro anjumani doirasida, shuningdek, Zaha Hadid Architects, Mangera Yvars Architects, Cross Works hamda Jahon banki kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ham ishtirok etishdi. Xalqaro spikerlar safidan Paolo Matteutsi, Patritsiya Urlan, Muhammad Nada, Ali Mangera, Hakan Agja va sohaning boshqa yetakchi ekspertlari o‘rin oldi.

“Bugun biz texnologiyalar shiddatli sur’atlar bilan rivojlanayotgan davrda yashayapmiz. Sun’iy intellekt va yangi raqamli vositalar hayotimizga kirib kelar ekan, bu o‘zgarishlarga qarshi turish emas, balki ularning mohiyatini anglash har qachongidan ham muhimdir. Texnologiyalarni shunchaki yordamchi vosita sifatida qabul qilish lozim. Me’morlar hamon asosiy mas’uliyatni o‘z zimmalariga olgan holda, o‘z tajribasi, qadriyatlari va ijodiy salohiyatiga tayanib, texnologiyalardan qanday foydalanishni hal qilish huquqiga egadirlar. Texnologiyalar bilan kurashish o‘rniga, dizayndagi insoniy yondashuvni saqlab qolgan holda, ularni qabul qilishimiz kerak deb hisoblayman”, — deya ta’kidladi BIG byurosining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Patritsiya Urlan.

Sammit dasturidan o‘rin olgan ma’ruzalar, panel munozaralari va ochiq muloqotlar me’morchilikda san’atning o‘rni, o‘zbek me’moriy o‘ziga xosligi, zamonaviy shaharsozlik hamda shaharlar kelajagi kabi dolzarb mavzularga bag‘ishlandi.

Re:Field – g‘oyalar, san’at va me’moriy yechimlar makoni 

CAU Arch Summit 2026 doirasidagi Re:Field Hackathon, Re:Field Art Expo hamda Re:Field Architecture & Design Expo loyihalari anjumanning markaziy voqeasiga aylandi. Mazkur loyihalar shahar va qishloq hududlarini yangicha nigoh bilan qayta anglash, kelajak me’morchiligi hamda shaharsozlikning zamonaviy yondashuvlarini tadqiq etishga bag‘ishlandi.

 

Re:Field Art Expo doirasida o‘quvchilar, talabalar va yosh ijodkorlar shahar hamda qishloq muhitidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan badiiy va arxitektura ishlarini namoyish etdilar. Ko‘rgazma installyatsiyalar, rangtasvir va grafika asarlari bilan bir qatorda, dizayn hamda me’morchilik sohasidagi loyihalarni ham o‘zida birlashtirdi.

Dasturning alohida yo‘nalishi bo‘lgan Re:Field Hackathon arxitektura xakatoni esa shahar hududlarini, ayniqsa, bo‘sh turgan va qarovsiz qolgan joylarni qayta jonlantirish (revitalizatsiya) mavzusiga bag‘ishlandi.

Ishtirokchilar qizg‘in jamoaviy muhitda real keyslar ustida ishlab, hududlar qiyofasini o‘zgartirish bo‘yicha o‘z konsepsiyalarini taqdim etdilar. Xakatonda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonning 16 ta yetakchi oliygohidan jami 100 ga yaqin vakil jam bo‘ldi.

Xakaton va ko‘rgazmalardan tashqari, sammit dasturidan haykaltaroshlik, ganchkorlik hamda sun’iy intellekt vizualizatsiyasi bo‘yicha mahorat darslari, o‘quv sessiyalari, professional munozaralar va g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘rin oldi.

Arxitektura – CAU rivojlanish strategiyasining tarkibiy qismi

CAU Arch Summit 2026 professional hamjamiyat, xalqaro ekspertlar hamda Markaziy Osiyo me’morlarining yangi avlodini o‘zida jamlagan Central Asian Universityning nufuzli xalqaro maydoniga aylandi.

– Mazkur loyihani shunchaki hayratlanarli voqea, deb hisoblayman. Toshkent shahriga kelgan jahon darajasidagi me’morlar bilan ko‘rishish, ularni tinglash va shaxsan muloqot qilish talabalar uchun bebaho yutuqdir. Zamonamizning eng buyuk arxitektorlaridan birini taklif qilganingiz Central Asian University talabalari uchun chinakamiga noyob imkoniyat bo‘ldi”, - deya ta’kidladi “Tashkent Modernism” loyihasi asoschisi Aleksandr Fedorov.

Forumning o‘tkazilishi Central Asian Universityning Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim va professional muhitni rivojlantirish strategiyasida muhim qadam bo‘ldi. Universitet arxitektura va shaharsozlikni shunchaki akademik fanlar deb emas, balki kelajak avlodlarning hayot tarzi, madaniyati va shahar muhiti sifatini belgilovchi muhim vositalar deb biladi.

Bu yo‘nalishda Central Asian Universityning Arxitektura va dizayn maktabi alohida o‘ringa ega. Ayni shu yilning o‘zida maktabning yangi kampusi o‘z faoliyatini boshlaydi. U talabalarning bilim olishi, yirik loyihalar ustida ishlashi va kasbiy jihatdan kamol topishi uchun yaratilgan chinakam zamonaviy maskanga aylanadi.

 - CAU Arch Summit 2026 – Markaziy Osiyoning arxitektura va shaharlar kelajagi bo‘yicha global muloqotdagi o‘rnini ko‘rsatuvchi muhim tadbirdir. Biz ishonamizki, O‘zbekiston arxitektorlarining yangi avlodi nafaqat jahon tendensiyalariga ergashishi, balki ularni shakllantirishi ham kerak. Byarke Ingels, Paolo Matteutssi va Mohamed Nada kabi ishtirokchilarni o‘z talabalarimiz va mahalliy hamjamiyatlar bilan birlashtirib, biz intilishlarni haqiqatga aylantira oladigan muloqot yaratmoqdamiz. Central Asian University ham aynan shunday muhitni yaratishga intiladi, - deya ta’kidladi CAU Arxitektura va dizayn maktabi dekani Shukrullo Jahongirov.
Yangi infratuzilma ta’lim jarayonini yanada amaliy formatda tashkil etish imkonini beradi, bunda arxitektura va dizayn amaliyotga tayangan holda, shakl, makon hamda real vazifalar ustida ishlash orqali o‘rganiladi.

Central Asian University haqida

2019-yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan Central Asian University bugungi kunda mamlakatimizdagi eng shiddat bilan rivojlanayotgan xususiy oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi.

Universitetda tibbiyot, stomatologiya, biznes, arxitektura va dizayn, muhandislik, turizm va mehmondo‘stlik kabi nufuzli hamda zamonaviy sohalar bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Zamonaviy kampus, xalqaro tajribaga ega professor-o‘qituvchilar jamoasi hamda asosiy e’tiborning amaliy bilimlar berishga qaratilgani CAU’ni dunyoning turli nuqtalaridan kelgan talabalar uchun jozibador tanlovga aylantirmoqda.

Central Asian University Round University Ranking 2025 jahon reytingida TOP-1000 talikka kirgan, THE Impact Rankings 2025 reytingida debyut qilgan, Science and Innovation Awards ta’sis etgan mukofotga ko‘ra 2024-yilda “O‘zbekistonning eng innovatsion universiteti” deb topilgan, shuningdek, AD Scientific Index bo‘yicha 2025-yilda “O‘zbekistonning birinchi yosh universiteti” deya e’tirof etilgan. Bundan tashqari, CAU QS Stars xalqaro reytingida 4 yulduzga sazovor bo‘lib, O‘zbekistonda bunday e’tirof darajasiga erishgan yagona xususiy universitetga aylandi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Central Asian University (CAU) Science and Innovation Awards versiyasi bo‘yicha eng yaxshi nodavlat oliy ta’lim muassasasi deb tan olindi.

CAU strategik xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirib, Germaniya, Shveysariya, AQSH va boshqa mamlakatlar universitetlari bilan qo‘shma akademik hamda tadqiqot loyihalarini amalga oshirmoqda. Innovatsion ta’lim modeli va global hamkorlikka yo‘naltirilganligi tufayli universitet mintaqadagi oliy ta’lim sohasining yetakchi ishtirokchilaridan biri sifatidagi o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda.

Telefon: (+998) 71-200-05-22, (+998) 71-208-12-34

Elektron pochta: admission@centralasian.uz

Sayt: centralasian.uz

Instagram: @cauniversity.official

Telegram: centralasianuni

Reklama huquqlari asosida