$
 12021.61
-38.17
 14092.93
-36.31
 150.44
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorijdan avtomobil olib kelish qanchaga tushyapti?

car

Xorijdan mashina olib kelish ko‘pchilik uchun hanuz qiziq variant bo‘lib ko‘rinadi. Kimdir bozordagidan arzonroq narxni ko‘zlasa, kimdir O‘zbekistonda topilmaydigan modelni xohlaydi, yana kimdir esa sifatli elektromobil olishni rejalashtiradi.

Ammo 2025-yilda bu jarayon ancha murakkablashgan. Qoidalar ko‘p, to‘lovlar turli-tuman va bitta mayda xato ham jiddiy xarajatga aylanishi mumkin. Qanday mashinani olib kirsa bo‘ladi, bojxonada nimalarga pul sarflanadi, elektromobil olib kelish haqiqatan ham foydalimi — bularning barchasini bilmasdan turib xorijdan avtomobil olib kelish xavfli.

Xo‘sh, O‘zbekistonga xorijdan avtomobil olib kelish qanchaga tushadi?

Qanday avtomobillarni olib kirish mumkin?

2025-yilda jismoniy shaxslar uchun xorijdan avtomobil olib kirishda bir nechta talablar o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, avtomobil 7 yildan eski bo‘lmasligi va mashina kamida Yevro-5 standartiga mos bo‘lishi shart. Elektromobillar esa uchun yosh chegarasi yo‘q. Biroq mamlakatga o‘ng ruldagi avtomobillar olib kirilishi taqiqlangan. Mashina tanlayotganda aynan shu joyda ko‘pchilik adashadi.

Avtomobil narxidan tashqari yana nimalarga pul sarflanadi?

Ko‘pchilik avtomobil olib kelishda faqat mashina narxini hisoblab, qolgan xarajatlarni e’tibordan chetda qoldiradi. Utilizatsiya yig‘imi, bojxona boji, QQS va rastamojka yig‘imi umumiy summani sezilarli oshirishi mumkin. Ba’zan bu qo‘shimcha xarajatlar mashina narxining 30–50 foizigacha yetishi mumkin. Shu sababli oldindan umumiy hisob-kitob qilish juda muhim.

Bojxonada bir nechta majburiy to‘lovlar amalga oshiriladi:

Birinchisi — utilizatsiya yig‘imi. Bu hamma avtomobillar uchun majburiy bo‘lib, dvigatel hajmiga bog‘liq. Masalan, 1.6 litrli yengil avtomobil uchun utilizatsiya yig‘imi BHMning 15 baravari miqdorida bo‘ladi. 2025-yil avgust holatiga ko‘ra, 1 BHM — 412 ming so‘m. Elektromobillarda esa bu yig‘im ancha arzon. Ular uchun aksiz solig‘i olinmaydi va umumiy bojxona xarajatlari yengilroq tushadi. Shu sababli oxirgi yillarda elektromobillar eng foydali variantlardan biriga aylangan.

Keyingi to‘lov — bojxona boji. Bu har doim ham bir xil bo‘lavermaydi. Boj avtomobil turi, dvigatel hajmi va TNVED kodi asosida belgilanadi. Ba’zi mashinalarga nisbatan boj nol stavkada imtiyozli bo‘lishi mumkin. Aniq summani faqat bojxona hisoblab beradi.

Shuningdek, QQS ham to‘lanadi. U avtomobil qiymati, bojxona boji va aksiz yig‘indisidan 12 foiz hisoblanadi. Yana rastamojka yig‘imi ham bor. U mashina qiymatining 1 foiziga teng, lekin BHMning 1 baravari miqdoridan kam bo‘lmasligi shart.

Oddiy misol

Tasavvur qiling, siz 2020-yilgi Hyundai Elantra 1.6 ni 9 000 dollarga oldingiz. Utilizatsiya yig‘imi — 15 BHM miqdorida, ya’ni 6 180 000 so‘m. Agar bojxona boji 20 foiz bo‘lsa, bu 1 800 dollar chiqadi. QQS esa 9 000 va 1 800 dollar yig‘indisidan 12 foiz bo‘lib, 1 296 dollarni tashkil qiladi. Rastamojka yig‘imi yana 90 dollar.

Natijada, bojxona bilan bog‘liq xarajatlar 3 186 dollar va 6 million so‘mdan oshadi. Bu shunchaki misol sifatida keltirilgan, real summalar farq qilishi mumkin.

Elektromobillarni olib kirish foydalimi?

2025-yilda xorijdan elektromobil olib kelish eng qulay variantlardan biri hisoblanadi. Ulardan aksiz solig‘i olinmaydi, utilizatsiya yig‘imi past, ba’zi hollarda bojxona boji ham imtiyozli bo‘ladi. QQS bor, lekin umumiy hisobda baribir yengilroq tushadi. Nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus avtomobillar ham alohida imtiyozlarga ega.

Bir narsani doimiy yodda tutish lozim. BHM miqdori tez-tez yangilanadi. Shu sababli mashina xarajatlarini hisob-kitob qilishdan oldin doim oxirgi ko‘rsatkichni tekshirish lozim.

Rastamojka jarayoni qanday bo‘ladi?

Rastamoshka jarayonida avval my.customs.uz orqali onlayn ariza topshiriladi. Keyin bojxona mashina narxini baholaydi va to‘lovlar chiqadi. Barcha to‘lovlar bank orqali amalga oshiriladi. Shundan so‘ng sertifikatlash, SBKTS olish va texnik tekshiruv bo‘ladi. Oxirida GAI orqali ro‘yxatdan o‘tkazib, davlat raqami olinadi. Agar hujjatlar joyida bo‘lsa, jarayon odatda 3–7 ish kuni ichida tugaydi.

Qo‘shni mamlakatlarda xorijdan avtomobil olib kelish

Qozog‘istonda chetdan olib kiriladigan avtomobillar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilingan, biroq bu to‘lov faqat benzin va gibrid dvigatelli mashinalarga tatbiq etiladi. Elektromobillarni kengroq joriy etishni maqsad qilgan hukumat esa ularni utilizatsiya yig‘imidan ozod qilgan.

Qirg‘izistonga Xitoydan arzon elektromobillar oqimi ko‘paygani sababli, bir paytlar ularning importiga utilizatsiya yig‘imi joriy etish masalasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Xususan, 2024-yil fevralida iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Aynura Usenbekova 2025-yildan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi kiritilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Biroq hozircha bu borada amaliy o‘zgarishlar amalga oshirilmagan. Shuning uchun hozirgi paytda Qirg‘izistonda elektromobillarni olib kirishda utilizatsiya yig‘imi undirilmayapti.

Tojikiston Markaziy Osiyoda ekologik toza transportga o‘tishni eng faol qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda elektromobillar importi uchun utilizatsiya yig‘imi umuman mavjud emas. Bundan tashqari, 2022-yildan buyon elektromobillar uchun bojxona boji bekor qilingan. 2025-yil may oyidan boshlab esa ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi elektromobillar QQS va aksiz solig‘idan ham ozod etildi. Rasmiy Dushanbe 2030-yilgacha mamlakatdagi transport vositalarining kamida 30 foizini elektr energiyasida harakatlanuvchi avtomobillarga almashtirishni rejalashtirmoqda.

Turkmanistonda ham avtomobil importiga alohida utilizatsiya to‘lovi yo‘q. Ammo mashina olib kirishga qat’iy cheklovlar joriy qilingan. Jismoniy shaxslar chetdan to‘g‘ridan to‘g‘ri avtomobil olib kirishi deyarli imkonsiz, faqat davlat ruxsati bilan muayyan toifadagi transport vositalarigina keltiriladi.

Eng ko‘p yengil avtomobil yetkazib beruvchi TOP-10 davlat

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonga 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida 29 ta davlatdan qiymati 807,3 miilion AQSH dollariga teng bo‘lgan 56 337 dona yengil avtomobil import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 927 dona ko‘ hisoblanadi.

Eng ko‘p avtomobil import qilgan TOP-10 davlatlar:

Xitoy – 51 770 dona

Koreya Respublikasi – 2 524 dona

AQSH – 511 dona

Yaponiya – 296 dona

Germaniya – 265 dona

Gonkong – 249 dona

Rossiya – 171 dona

Hindiston – 168 dona

BAA – 98 dona

Avstriya – 63 dona

Теги :
Jamiyat