“Bunyodkor” hatto safardagi o‘yin uchun ham pul topa olmayapti: Klub Superligadan chetlatilishi xavfi ostida
“Bunyodkor” klubida 2-avgust kuni Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan oʻyinga borish uchun ham mablagʻ topilmadi. Klubdagilar delegatsiyaning yoʻl, mehmoxona va oziq-ovqat xarajatlarini qoplashga hozircha imkoniyat yoʻqligini tasdiqlashdi.
2 daqiqa o‘qiladi

“Bunyodkor” klubida 2-avgust kuni Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan oʻyinga borish uchun ham mablagʻ topilmadi. Klubdagilar delegatsiyaning yoʻl, mehmoxona va oziq-ovqat xarajatlarini qoplashga hozircha imkoniyat yoʻqligini tasdiqlashdi.
Maydonga tushmaslik texnik magʻlubiyatga olib keladi
Superliga reglamentiga koʻra, bunday holatda “Bunyodkor”ga texnik magʻlubiyat yoziladi. Biroq ish buning bilangina tugamasligi mumkin. Agar mavsum davomida ushbu holat yana bir bor takrorlansa, jamoani Superligadan chetlatish masalasi Liga Ijroiya qoʻmitasi muhokamasiga olib chiqiladi.
Futbolchilar va xodimlar 6–7 oydan beri maosh olishmayapti
“Bunyodkor” bosh direktori Murod Aliyev moliyaviy muammolar qanchalik chuqurlashib ketganini ochiqladi. Unga ko‘ra, futbolchilar va klub xodimlari 6–7 oydan buyon maoshsiz mehnat qilishmoqda.
Vaholanki, birinchi chorakning oʻzida klubga 10 milliard soʻm ajratilgan, shuningdek, ijara va boshqa shartnomalar orqali klubning oʻzi ham 11 milliard soʻmga yaqin daromad koʻrgan. Shunga qaramay, bu mablagʻlar vaziyatni barqarorlashtirish uchun yetarli boʻlmadi.
Rivaldo oldidagi qarzdorlik ham klub zimmasiga tushgan
Sobiq yulduz Rivaldo oldidagi qarzdorlik majburiyati vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan. Rahbariyatning taʼkidlashicha, unga uch yillik maoshi toʻlab berilmagan.
Klub bergan maʼlumotga koʻra, ushbu qarz bilan bogʻliq toʻlovlar “Bunyodkor”ga yiliga taxminan 26 milliard soʻmga tushmoqda va bu moliyaviy yukni yanada orttirmoqda.
Klub Prezidentdan yordam soʻramoqchi
“Bunyodkor” rahbariyati muammoga yechim izlashda davom etayotganini bildirgan. Shu bilan birga, ular yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha mamlakat Prezidentiga murojaat qilish niyatida.
Hozircha jamoa Superliganing 14 turidan soʻng 19 ochko jamgʻargan holda 10-oʻrinni egallab turibdi. Endilikda gap faqat chempionatdagi natijalar haqida emas — klub musobaqadan umuman chetlatilish xavfi ostida qolmoqda.



