$
 12035.22
21.82
 13915.12
84.09
 167.95
4.08
weather
+26
Кечаси   +14°

Kam oylik, so‘z erkinligining cheklangani, og‘ir mehnat sharoitlari: Nega Oʻzbekistonda “miyalar oqib ketyapti?”

brain

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda xorijdagi o‘zbek migrantlari soni 1 340 000 ni tashkil qilgan bo‘lsa, shulardan 29 ming nafari o‘qish maqsadida safar qilgan, qolgan migrantlar esa ishlash uchun ketgan. Albatta, ko‘pgina mutaxassislar sifatli ish muhiti, yuqori maosh va keng imkoniyatlar uchun chet elda karyer qurishni xohlashadi.

Hozirda O‘zbekistonda intellektual qatlamning ko‘chish ko‘rsatkichlari unchalik baland emas. Ammo agar bu raqamlar oshib ketsa nimalar sodir bo‘ladi?

“Brain drain”

“Brain drain”(o‘zbek tilida “intellektual oqim” yoki “miyalarning oqib ketishi” deb yuritiladi) – yuqori malakali mutaxassislar, olimlar, muhandislar, shifokorlar, IT-mutaxassislari va iqtidorli talabalarning o‘z mamlakatidan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy yoki professional sabablarga ko‘ra boshqa rivojlangan davlatlarga ko‘chib ketishi jarayonidir.

Qanday zararlari bor?

Intellektual migratsiyaga kam ish haqi, professional o‘sishning kamligi, siyosiy beqarorlik, so‘z erkinligining cheklangani, og‘ir mehnat sharoitlari sabab bo‘lishi mumkin. Bunday emigratsiya natijasida pul o‘tkazmalarining oshishi, mutaxassislarning bilim va tajribasi ortishi va ayrimlarning vatanga qaytib jahon tajribalarini tatbiq qilishi kabi manfaatlar mavjud bo‘lsa-da, mamlakat shunday zarar ko‘radi:

Intellektual zarar: Davlat iqtidorli yoshlarni o‘qitish va voyaga yetkazish uchun budjetdan mablag‘ sarflaydi, lekin ularning aqliy mahsuli va samaradorligidan boshqa davlat foydalanadi.

Sohaviy inqirozlar: Tibbiyot, ta’lim va yuqori texnologiyalar sohasida kuchli mutaxassislar taqchilligi yuzaga keladi.

Iqtisodiy sekinlashuv: Innovatsiyalar kamayadi, mamlakatning global miqyosdagi raqobatbardoshligi tushib ketadi.

Mehnat bozori nomutanosibligi: Ba’zi sohalarda yuqori malakali ishchi yetishmaydi, natijada ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tizimi izdan chiqishi mumkin.

Qaysi davlatlarda intellektual migratsiya koʻp?

Worldpopulationreview.comning 2026-yilgi indeksiga ko‘ra, eng yuqori intellektual migratsiya sodir bo‘lgan davlatlarga quyidagilar kiradi:

Samoa. Bu yerda oliy ma’lumotli mutaxassislarning qariyb 70-80 foizi xorijga ko‘chib ketgan. Samoa va unga yaqin rivojlangan davlatlar o‘rtasida ulkan maosh farqlari bor. Masalan, Samoada bir soatlik ish haqi 2025-yilda deyarli 1,77-1,80 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, Avstraliyada deyarli 24,95 dollar bo‘lgan. Qariyb 14 baravar yuqori farq shifokorlar, o‘qituvchilar va muhandislari mamlakatdan chiqib ketishga majbur qilgan. Bundan tashqari, Avstraliya va Yangi Zelandiya hukumatlari Tinch okeani orollari, xususan, Samoa fuqarolari uchun maxsus soddalashtirilgan ishchi vizalarini ishga tushirgan. Yangi Zelandiyaning har yili 1100 nafar samoalik fuqarolarga yashash huquqini beruvchi kvota tizimi va Samoadagi tez-tez sodir bo‘ladigan tabiiy ofatlar ham emigratsiyani yanada kuchaytirmoqda.

El-Salvador. Samoada mehnat sharoitlari muhim omil bo‘lgan bo‘lsa, bu davlatda shunchaki, tirik qolish strategiyasi eng katta sababdir. 2022-yildan boshlab Prezident Nayib Bukelening gangsterlarga qarshi siyosati holatni nisbatan yaxshilagan bo‘lsa-da, bu davrgacha MS-13(Mara Salvatrucha) va Barrio-18 kabi ko‘cha jinoiy guruhlarining mamlakatning katta tashkilotlar ustidan nazorati va pul undirish tahdidi ziyoli qatlamning chetga ko‘chishiga majbur qilgan.

Bundan tashqari 1980-1992-yillardagi fuqarolar urushi va undan qolgan asoratlar ko‘pgina yosh mutaxassislarning boshqa mamlakatlarda, xususan, AQSHda yuqori maosh va qulay ish sharoitini tanlashiga sabab bo‘lgan.

Falastin. Bu mamlakat misoli intellektual migratsiya hodisasi bo‘yicha dunyodagi eng o‘ziga xos va fojiali keyslardan biridir. Qadim davrlardan buyon falastinliklar arab dunyosida eng yuqori ma’lumotli va savodxonlik darajasi baland xalqlardan biri hisoblanadi.Biroq, doimiy harbiy to‘qnashuvlar, uzoq yillik bosqin va iqtisodiy istiqbolning yo‘qligi sababli eng kuchli aqllar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lmoqda.

Doimiy harbiy harakatlar, xavfsizlik tizimining yo‘qligi va blokada ziyoli qatlamning xavfsiz mamlakatlarni tanlashiga majbur qilmoqda.

So‘nggi yirik urushlar oqibatida universitetlar, ilmiy laboratoriyalar, shifoxonalar va IT-markazlar butunlay vayron bo‘ldi. Shifokorlar, professorlar va muhandislar uchun ishlaydigan xavfsiz joy qolmadi. Doimiy portlashlar, komendantlik soatlari va ertangi kunga bo‘lgan umidsizlik iqtidorli yoshlarni imkon topilishi bilan xorijda qolishga undaydi.

Falastin universitetlari har yili minglab yuqori malakali bitiruvchilarni tayyorlaydi. Biroq mahalliy bozor yopiqligi sababli, oliy ma’lumotli yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi ba’zan 50% dan oshib ketadi. Muhandis yoki dasturchi bo‘lib yetishgan yosh yigit-qizlar o‘z vatanida oddiy jismoniy mehnat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Bu holat fanda “Brain waste” (miyalarning isrof bo‘lishi) deb ataladi va yakunda baribir mamlakatdan chiqib ketishga sabab bo‘ladi.

Bunday omillar mustaqil va mustahkam davlat qurish jarayonini sekinlashtirib, xalqaro yordamga to‘liq qaramlikka sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda “Brain drain”ning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

O‘zbekiston IT Park tizimida muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlardan biri desa mubolag‘a bo‘lmaydi. Soliq imtiyozlari, mukofotli loyihalar, yuqori maosh takliflari va eng so‘nggi texnologiyalar asosida ishlash imkoniyati talabalarning vatanda qolishidan tashqari, chet ellik mutaxassislarni ham jalb qilmoqda. Xuddi shu amaliyotni tibbiyot va ilm-fan hamda oliy ta’lim tizimiga ham tatbiq qilish, masalan, Med Park va Academic Park modellarini ham yaratib kengaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Masalan, tibbiyot mutaxassislari uchun ham soliq imtiyozlari qo‘llanilishi, chet eldan bojxona to‘lovlarisiz zamonaviy laboratoriya uskunalarini olib kirishi va o‘z klinikasi yoki tadqiqot markazini byurokratiyasiz ochishiga imkon yaratilishi ularning Turkiya, Rossiya va Germaniya kabi davlatlarga ketishini kamaytiradi.

Ayrim grantlarning g‘oliblariga chet elda o‘qib kelgandan so‘ng davlat tashkilotida ishlab berish majburiyati yuklatilgan. Ammo, ular ishlash jarayonida boshqalar bilan bir xil yoki pastroq maosh oladi. Bu esa ularning pullarni qaytarib bo‘lsa-da, yana xorijga ketib qolishiga sabab bo‘ladi.

Ularga KPI, soliq imtiyozlari yoki vaqtinchalik ozod qilinishi, loyihalarni mustaqil boshqarish imkoniyati va shunga o‘xshash imkoniyatlar kengaytirilishi kadrlarni ushlab qolishi mumkin.

“Brain circulation” amaliyotini tatbiq qilish va masofaviy integratsiya platformalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish chet elning yirik kompaniyalari hamda ilmiy markazlarida ishlayotgan o‘zbek olimlarining mehnat mahsuldorligidan foydalanish uchun yaxshi imkoniyat bo‘la oladi.

Masalan, xorijdagi o‘zbek mutaxassislarining yagona reyestrini tuzish va ularni O‘zbekiston oliygohlariga “gibrid professor” yoki “masofaviy ilmiy rahbar” sifatida rasman biriktirish orqali “brain drain” investitsiya va bilim almashinuviga aylanadi.

“Miyalar oqimi”ni ma’muriy buyruq, viza cheklovlari yoki majburlash bilan to‘xtatib bo‘lmaydi.

Zamonaviy dunyoda aqlli odamlar faqat bitta narsaga – erkin iqtisodiy va professional ekotizim bor joyga talpinishadi. O‘zbekistonda ana shunday erkin muhit va shaffoflik yaratilsa, “brain drain” o‘z-o‘zidan to‘xtaydi.

Теги :
Jamiyat