$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Tramp tariflari kripto va fond bozorini qulatdi

Tramp

Prezident Donald Tramp tomonidan AQShning Xitoy, Kanada va Meksikaga import tariflari joriy qilinishi haqidagi bayonotidan so‘ng kripto va fond bozorida katta pasayish kuzatildi. Shu bilan birga, tahlilchilar global avtomobil sanoatining achinarli prognozlarini e’lon qildi.

Bitcoinda 6 foizlik pasayish

AQSh hukumati tomonidan 1-fevraldan boshlab Kanada va Meksikadan keltiriladigan mahsulotlarga 25 foiz hamda Xitoy tovarlariga 10 foiz tarif kiritilishi belgilangan. Ushbu siyosiy qaror joriy savdo urushini murakkablashtirgan holda, kripto bozoridagi investorlar orasida qo‘rquvni kuchaytirdi.

Natijada, so‘nggi 24 soat ichida Bitcoin 6 foiz dan ortiq pasayib, taxminan $91,2 minggacha tushdi. Keyinchalik u biroz tiklanib, $94 mingga yetdi. Shunga qaramay, Bitcoin narxi o‘zining eng yuqori darajasi – $109 mingdan 13 foiz past darajada qolmoqda.

Bozor inqirozi yaqin

Bundan tashqari, global kripto bozorining umumiy qiymati ham pasayib, taxminan $3,15 trln.ni tashkil etdi. Bu jarayon Bitcoin narxidagi tushish bilan bog‘liq bo‘lgan altkoinlarga kaskadli ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Ethereum narxi 20 foiz ga, Ripple 22 foiz ga, Binance Coin 15 foiz dan ko‘proqqa va Solana 8 foiz ga pasaydi.

Tahlilchilar Bitcoin narxidagi pasayish uzoq muddatli egalarning tangalarini zarar bilan sotayotganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. BitMEX bosh direktori Artur Xeys esa bozor inqirozining yaqinlashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Osiyo fond bozorida qulash

Shuningdek, tariflar Osiyo fond bozoriga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Investorlar buni yangi global savdo urushi boshlanishi sifatida qabul qilishdi.

MSCI Asia Pacific indeksi Toshkent vaqti bilan 13:50 da 2,43 foizga pasayib, 179,63 punktni tashkil etdi, maksimal pasayish 2,98 foiz ga yetdi. Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi savdo yakunida 2,66 foizga tushib, 38 520,09 punktga yetdi.

Xitoy Yangi yilini nishonlashdan keyingi birinchi savdo kunida Hang Seng China Enterprises indeksi dastlab 2,53 foizga pasayib, 7 195,39 punktga tushdi, biroq sessiya oxiriga kelib 0,03 foizga o‘sib, 7 384,11 punktga ko‘tarildi.

Ba’zi investorlar tariflarning joriy etilishi keyingi muzokaralar davomida kechiktirilishi yoki bekor qilinishini kutishgan edi. Hozir esa korporatsiyalarning daromadlari muqarrar ravishda zarar ko‘rishi aniq bo‘ldi, chunki Osiyo davlatlari AQShga eksportga katta darajada bog‘liq.

Osiyo avtomobil sanoati

Xususan, ushbu tariflar Meksikada ishlab chiqarilgan yoki yig‘ilgan avtomobillarni Shimoliy Amerikaga yetkazib beradigan Yaponiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilariga ta’sir qiladi. Toyota Motor aksiyalari 5 foizga, Honda Motor aksiyalari 7,2 foizga va Nissan Motor aksiyalari 5,63 foizga pasaydi. Meksikada zavodi bo‘lgan Janubiy Koreyaning Kia avtomobil ishlab chiqaruvchisi aksiyalari Seul birjasida 5,78 foizga tushdi.

Xitoyning Li Auto va XPeng elektromobil ishlab chiqaruvchilari AQSh bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishga intilayotgan bo‘lib, ularning aksiyalari mos ravishda 5,66 foiz va 0,76 foizga pasaydi.

Maishiy bozor qulashi

Kiyim-kechak, aksessuarlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va elektronika eksportchilari ham aksiyalarining pasayishi bilan duch kelishdi. Sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Li Ning va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi Haier Smart Home aksiyalari mos ravishda 2,87 foiz va 2,33 foizga pasaydi.

Bundan tashqari, daromadlarining katta qismini Xitoydan oladigan yapon yarimo‘tkazgich uskunalari ishlab chiqaruvchilari ham zarar ko‘rdi.

Osiyo neftni qayta ishlash zavodlari ushbu tariflardan foyda ko‘rishi mumkin

Bloomberg tahlilchilarining so‘zlariga ko‘ra, Osiyo neftni qayta ishlash zavodlari ushbu tariflardan foyda ko‘rishi mumkin, chunki Trampning Kanada va Meksikadan import qilinadigan neftga qo‘ygan bojxona tariflari Osiyo neftni qayta ishlash zavodlariga amerikalik raqobatchilari oldida ustunlik berishi mumkin.

“Finam” guruhi strategiya direktori Yaroslav Kabakovning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan joriy etilgan tariflar investorlarning xavfli aktivlardan ommaviy chiqib ketishiga sabab bo‘ldi.

“An’anaviy ravishda xavfsiz deb hisoblangan dollar ko‘p yillik maksimal darajaga ko‘tarildi: Kanada dollari 20 yillik minimal darajaga tushdi, yevro 1,3 foiz ga pasaydi, Xitoy yuani esa offshor savdoda zaiflashdi”, — deydi ekspert.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda investorlar portfellari tarkibini qayta ko‘rib chiqib, oltin va naqd zaxiralar ulushini oshirmoqda, asosiy savol esa — mojaro qanchalik davom etadi. Ssenariylar vaqtinchalik keskinlikdan tortib, pandemiyadan keyin global iqtisodiyotning tiklanishini sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan to‘laqonli savdo urushigacha o‘zgarib turadi.

Uning fikricha, yaqin kunlarda bozor AQSh Federal zaxira tizimi va Yevropa markaziy bankining reaksiyasini, shuningdek, AQShdagi bandlik bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatadi.

Global avtomobil bozori yiliga 33 milliard dollar yo‘qotadi

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning import bojlari avtomobil konsernlari uchun yiliga 33 milliard dollar yo‘qotishga olib keladi. Nomura tadqiqot markazi hisob-kitobiga ko‘ra, agar joriy import darajasi saqlanib qolsa, ishlab chiqaruvchilar AQShga avtomobil yetkazib berish uchun qo‘shimcha pul to‘lashga majbur bo‘ladi.

AQShning yangi bojxona solig‘lari qarori avtomobil sanoatiga katta zarba berdi. General Motors, Stellantis va Toyota kompaniyalari 2023-yilgi import hajmini saqlab qolsa, AQShga avtomobillarni import qilish uchun 9,5 milliard dollar, 6 milliard va 5,9 milliard dollar to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ford va Honda esa har yil 3 milliard dollardan ko‘proq yo‘qotishadi.

Avtosanoat investorlari uchun kutilmagan bo‘lmadi

Nomura tadqiqot markazi hisob-kitoblari investorlar uchun kutilmagan bo‘lmadi, chunki bozorlar buni oldindan sezgan edi. Savdolar boshlanishi bilan Volkswagen, BMW va Mercedes-Benz aksiyalari mos ravishda 5,5 foiz, 4,85 foiz va 4,7 foizga pasaydi. Renault va Stellantis aksiyalari Parijda 2,7 foiz va 6 foizga pasaygan. Honda aksiyalari NYSE bozorida 5,6 foiz ga kamaygan.

Теги :
Jamiyat