$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Oliy ta’limda yangi qoidalar: Talabalarga qanday huquqlar beriladi?

talaba

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimiga oid yangi nizom tasdiqlandi. Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan ushbu hujjatda oliy ta’lim qanday tashkil etilishi, o‘qish jarayoni, boshqaruv tizimi, moliyaviy masalalar hamda talabalar va o‘qituvchilarning huquq hamda majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan. 

Xo‘sh, yangi qoidalar talabalar uchun nimani o‘zgartiradi?

Oliy ta’lim qanday tashkil etiladi?

Yangi nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriat bosqichi kamida 3 yil davom etadi. O‘qish muddati kunduzgi ta’limga nisbatan boshqa shakllarda biroz uzunroq bo‘ladi. Masalan, sirtqi ta’lim kamida bir o‘quv yiliga, kechki ta’lim esa kamida yarim o‘quv yiliga ko‘proq davom etadi.

Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv va boshqa shakllarda tashkil etilishi mumkin. Ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida olib boriladi va bu tizim Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi. Bitiruvchilarning mehnat bozoriga mos bo‘lishi uchun o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik ham beriladi.

Talabalarning huquqlari

Nizomda talabalar uchun bir qator huquqlar ham belgilangan. Ular ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritishi, ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda qatnashishi mumkin. Talabalar kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanadi, xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, oliy ta’lim tashkiloti rahbariyati qarorlaridan norozi bo‘lsa, shikoyat qilish huquqi ham beriladi.

Ular mehnat qonunchiligiga muvofiq shartnoma asosida o‘z universitetida yoki boshqa tashkilotlarda ishlashi mumkin. Kunduzgi ta’limda o‘qiyotganlar stipendiya ham oladi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni o‘qishga aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. Shu bilan birga, talabalar universitetlarning ichki tartib-qoidalari va odob-axloq me’yorlariga amal qilishi shart.

Теги :
Jamiyat