$
 11940.70
-69.22
 13839.27
-94.64
 147.40
-0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

“Yo‘talganga ellik, aksirganga yuz tanga”: Toshkent hokimligining yangi daromad manbasi bozor bo‘ldimi?

bozor

Toshkent bozorlarida video olish pullik bo‘lgani haqida xabar chiqishi bilan internetda ko‘plab bahs-munozarlar boshlandi. Kimdir bu qarorni yoqlagan bo‘lsa, yana kimdirlar esa hokimlikning navbatdagi pul yig‘ish amaliyoti ekanini ta’kiladi. Xo‘sh, tasvirga olish nima sababdan pulli qilindi? Yangi cheklov kimlarga taalluqli? Keling, vaziyatni bir boshdan ko‘rib chiqamiz.

Toshkent shahar hokimligi qarori bilan poytaxtdagi bozor va savdo markazlarida tijoriy maqsadda video yoki suratga olish pulli qilindi. Qarorga ko‘ra, bunday tasvirga olishning narxi soatiga 5 million so‘m etib belgilangan. Cheklov chet ellik sayyohlar va OAVga taalluqli emas. Shuningdek, qaror bilan bozorlar atrofidagi avtoturargohlar uchun ham yangi tariflar joriy qilindi. Bunda yengil avtomobillar dushanbadan jumagacha bo‘lgan kunlari 20 daqiqagacha — 5 000 so‘m, 40 daqiqagacha — 7 000 so‘m, 1 soatgacha — 8 000 so‘m hamda 4 soatdan ortiq — 15 000 so‘m to‘lashi kerak. Dam olish kunlarida esa 20 daqiqagacha — 5 000 so‘m, 40 daqiqagacha — 7 000 so‘m va 1 soatgacha — 8 000 so‘m to‘lanadi. Agar shu kunlari mashina avtoturargohda 4 soatdan ko‘p tursa 50 ming so‘m to‘lanadi.

Oddiy xaridorlar uchun jarimalarmi yoki hokimlik uchun daromad?

Poytaxt hokimligi qaror bo‘yicha tarmoqlarda tarqalgan “oddiy xaridorlar uchun jarimalar” yoki “hokimlik uchun qo‘shimcha daromad” mazmunidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni pul ishlab, daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli.

Hokimlik bozorga kelgan odam telefonida o‘z xaridini suratga olishi, oila bilan rasmga tushishi yoki kichik blogi uchun video qilishi bepul ekanini ta’kidladi. Bu qoidalar turistlarga, o‘quvchi va talabalarga, rasmiy OAV xodimlariga ham tatbiq qilinmaydi.

Kontentdan daromad oladiganlargina to‘lov qiladi

To‘lov faqat bozor hududidan daromad topish uchun foydalanayotganlarga tegishli. Masalan:

-                   katta auditoriyaga ega blogerlar va reklama integratsiyalari qiladigan inflyuenserlar;

-                   klip, reklama, serial yoki film suratga oladigan ijodiy studiyalar;

-                   o‘z mahsulotini bozor fonida reklama qiladigan kompaniyalar shu jumlasidandir.

Ular bozor hududidan “dekor” yoki “ishlab chiqarish maydoni” sifatida foydalanayotgan hisoblanadi. Shu sababli, soatiga 5 million so‘m to‘lov belgilangan.

Xorij bozorlarida tartib qanday?

Istanbul, Parij, Dubay kabi ko‘plab yirik shaharlarda tijorat maqsadida video olish pulli bo‘lishi odatiy hol. Chunki professional jamoalar katta kamera, chiroq, shtativ va uskunalar bilan kelganda hudud band bo‘ladi, yo‘laklar torayadi, xaridorlar harakati sekinlashadi va sotuvchilarning ishi qiyinlashadi. Bu jarayon bozor infratuzilmasiga ham qo‘shimcha yuk tushiradi, xavfsizlik xodimlaridan tortib ma’muriyatgacha ortiqcha nazorat talab qiladi. Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, to‘lov joriy qilish qarori suratga olishdan keladigan yukni qoplashga qaratilgan. Shuningdek, pul mablag‘lari bozorlar hududini obodonlashtirish, sanitariya va xavfsizlikni ta’minlash, piyodalar yo‘laklari va o‘tish joylarini yaxshilash, kuzatuv hamda yoritish tizimlariga xizmat ko‘rsatishga sarflanadi.

“Bu yaxshi qaror emas”

Iqtisodchi Botir Qobilov bozorlarda tijoriy video olish uchun to‘lov joriy etilishiga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, bu tartibning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq. Ayniqsa, kichik kontent yaratuvchilardan soatiga 5 million so‘m talab qilish mutlaqo mantiqsiz va raqamli iqtisodiyot tamoyillariga zid.

“Sotuvchilar va bozor uchun videolavhalar bu bepul reklama. Yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, video olgan pul to‘lashi emas video olganga pul to‘lanishi kerak. Ya’ni, bu bozorlarning iqtisodiy faolligiga zarar. Bozorlar haqida qiziq va go‘zal videolavhalar internetda endi kamayadimi? Kichik tadbirkorlikka zararku bu. Bozorda narsa sotsam, uni tarmoqda reklama qilgani video olishga soatiga 5 million to‘laymanmi? Qoidaning o‘zi aniq emas, tijorat maqsadi nima degani? Men Chorsu bozoridagi kabobxonadan video olib ijtimoiy tarmoqqa qo‘ysam bu tijoratmi? Axir tarmoqda monetizatsiya borku?”, – dedi u.

Qobilov, shuningdek, yangi tartib jamoatchilik nazoratini ham kamaytirishini aytib, mahsulot yoki sotuvchi haqidagi tanqidiy videolar soni kamayib ketishidan xavotir bildirdi.

“Eng muhimi — buning nazorati. Videochini ruxsatnomasi bor-yo‘qligini tekshirishga ketgan resurslarning uvoli, tanlab ruxsat berish, tanish-bilishchilik va norasmiy to‘lovlarga olib keladi.”, — deya qo‘shimcha qildi iqtisodchi.

Shavkat Umurzoqov jamoat joyidan ham soqqa qilmoqchi

Platforma.uz blogida esa masala bo‘yicha keskin fikr bildirildi. Ta’kidlanishicha, yangi tartib aslida vayner va blogerlarga qaratilgandek ko‘rinsa-da, bu aslida Shavkat Umurzoqovning navbatdagi pul yig‘ish amaliyoti.

“Pulli parkovka tashkil etilishidan oldinam shunaqa tog‘-tog‘ va’dalar berishgan. Eshagi loydan o‘tgach, jimlik”, — deyiladi postda.

Теги :
Jamiyat